Prezident Donald Tramp AQSh-Meksika chegarasida devor qurish zarur, deya Kongressga shartini bekor qilmas ekan, hukumat qisman yopiq. Devor xarajatlarini o'z ichiga olmagan byudjetga Tramp qo'l qo'ymaydi.
Bugun Oq uyda so'zlar ekan, prezident kechadan binoan Vakillar palatasida aksariyat o'rinlarni egallagan demokratlarni chegara xavfsizligiga befarqlikda aybladi. Beton devor bo'lmasa ham, temir panjarali to'siq uchun pul ajratilmasa, hozirgi falaj vaziyat davom etadi, deydi Tramp.
"Hukumatimiz, kerak bo'lsa, oylab, hatto yillab yopiq turadi", - deydi prezident.
Byudjet tasdiqlanmagani bois 22-dekabrdan buyon AQShda davlat idoralari, parklar va jamoat joylari yopiq. 400 mingga yaqin federal xizmatchi ishga chiqa olmayapti, chiqa olganlari ham maoshsiz.
Prezident Tramp devor uchun kamida 5 milliard dollar so'ramoqda, ammo bu talabni qondirish uchun xususan Senatda ovozlar yetarli emas. Demokratlar nazarida, devor qurish - pulni ko'kka sovurish. Chegara xavfsizligi uchun har yili milliardlab dollar ajratiladi.
Biroq Tramp prezidentlik uchun kurashda devor barpo etaman, deb va'da bergan. "Devor xarajatlarini Meksikadan undiraman", degan edi o'shanda. Meksika bunga aslo rozi emas.
Bugun demokrat qonunchilar Oq uyda Prezident Tramp bilan uchrashdi. Lekin tomonlar kelisha olmadi.
Spiker Nensi Pelosi deydiki, Tramp murosa qilishdan yiroq va devordan boshqa dardi yo'qdek.
Kecha Vakillar palatasida spikerlik uchun qasamyod keltirib, yangi a'zolarni qarshilagan Pelosi "prezident devorni tushida ko'rsin" deya bayon qilgan edi.
Respublikachilar Senatda hamon ko'pchilik, lekin qonun loyihasi ma'qullanishi uchun 100 senatordan aksariyati "ha" deb ovoz berishi kerak. Respublikachilarda esa buncha ovoz yo'q. Trampning talabiga o'z partiyasi a'zolari ham ko'nmayapti.
Aslida byudjet loyihasi oktabr oyidan oldin tasdiqlanishi kerak, biroq Amerika qonunchilik organi va Oq uy orasidagi ziddiyatlar tufayli u yillardan beri vaqtida ovozdan o'tmaydi va oyma-oy yoki har uch oyda xarajatlar zorg'a ma'qullanmoqda xolos. Ma'qullanmagan taqdirda esa hukumat ishi to'xtab qoladi, xuddi hozirgidek. Favqulodda hollarda ham faoliyatini davom ettiradigan organlar bundan mustasno.