Kanadaga sayohat: "Amerika Ovozi" Torontoda vatandoshlar bilan uchrashdi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

"Amerika Ovozi" ijodiy jamoasi Kanadaga borib, u yerdagi vatandoshlar hayoti bilan tanishdi. Yangi yil arafasida amalga oshirgan safarimiz qiziq kechdi, hatto kutilmagan voqealar ham ro'y berdi.

"Air Canada" yoki "Kanada Havo yo'llari" Kanadaning eng katta aviakompaniyasi hisoblanadi. 1937-yilda tashkil topgan kompaniya dunyoning 207 shahriga parvoz qiladi. Bir kunda 1600 dan ortiq reyslarni amalga oshiradi. Bizning bir yarim soatlik parvozimiz "Air Canada"ning 76 passajirli ixcham samolyotida amalga oshdi.

Toronto Pierson xalqaro aeroporti Kananadaning eng katta va gavjum aeroporti. U Kanadaning 14-bosh vaziri, Tinchlik bo'yicha Nobel mukofoti sovrindori Lester Pierson sharafiga nomlangan. Aeroportning jami hududi 1867 gektar joyni egallaydi. Ulkan bo'lishiga qaramay, yo'lovchilar o'z manzilini topishi juda oson. Chunki samolyotlarga kirish va undan chiqish to'g'ridan to'gri kutish zallariga ulangan. Belgilar orqali kirish-chiqish eshiklarini, shuningdek, yuk sumkalarini olish manzilini osonlikcha topa olasiz. Bu yerda butun dunyoning 180 shahriga har kuni 1250 dan ortiq parvoz amalga oshiriladi.

Hammasi rejadagidek silliq ketayotgan edi. Birinchi sumkamiz tez chiqdi. Yana ikkita sumka chiqishi kerak. Kutyapmiz, kutyapmiz, sumkalardan darak yo'q. Bir soatdan oshdi, hanuz yo'q. Yuklarni ro'yxatga oluvchi xizmatga murojaat qildik, forma to'ldirishimizni so'rashdi. 48 soat ichida sumkangiz topilsa, mehmonxonaga jo'natamiz, dedi "Kanada havo yo'llari" xodimi bamaylixotir tovush bilan.

Kameralarimiz uchun shtativ va boshqa kerakli jihozlar shu sumkalarda edi. Endi nima qilamiz? Ularsiz ishlay olmaymizku, axir?

Kelib qolar, degan umid bilan yana kutishni boshladik. So'ng hafsalamiz pir bo'ib, umidni uzib, mehmonxonaga keldik. Ne ko'z bilan ko'raylikki, sumkalarimiz yetib kelibdi. Yelkamizdan tog' ag'darilgandek bo'ldi.

Kech bo'lishiga qaramay, Torontoni tomosha qilgani chiqdik. Shahar haqida ikki og'iz so'z.

Toronto Kanadaning Ontario viloyati poytaxti hisoblanadi. Aholisi soni bo'yicha mamlakatning eng katta shahri. Bu yerda uch millionga yaqin odam yashaydi. Toronto Kanadaning iqtisodiy va moliyaviy markazi hamdir. Shaharning madaniy va etnik tarkibi juda rang-barang. Aholining 50 foizdan ortig'ini ozchilik elatlar tashkil etadi. Ular orasida o'zbekistonliklar ham bor.

Baxtiyor Shohnazar uzoq yillardan beri Torontoda yashab kelayotgan vatandoshlardan biri. Uning aytishicha, Kanadada muhojirlar o'z yo'lini topishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud, ammo boshida oson bo'lmaydi. Avvalo, til o'rgandim; hammasini boshidan boshlashimga to'g'ri keldi, deydi Shohnazar.

Bu yerda tomir yozgan yana bir vatandoshimiz - Faxriddin Tojimurod. Toronto shahrida axborot texnologiyalari bo'yicha xizmat ko'rsatuvchi o'z firmasiga ega. U O'zbekiston hukumatining xorijdagi vatandoshlariga munosabati shu paytgacha salbiy bo'lganidan norozi. Faxriddin Tojimurod elchixona ro'yxatida turmagani uchun fuqaroligini boy bergan ko'plab vatandoshlardan biri.

Uning aytishicha, hukumat uchun xorijdagi vatandoshlar aslida katta boylik va bundan unumli foydalanish kerak.

Safarimiz davomida imkon qadar ko'proq vatandoshlar bilan uchrashishga harakat qildik. Torontoda o'z advokatlik firmasini ochgan Rakhmad Sobirov bir guruh professional o'zbekistonliklarni yig'ib, o'z ofisida "Amerika Ovozi" bilan uchrashuv tashkil etdi.

Kseniya Tsoy asli farg'onalik. Dunyo bo'ylab faoliyat yuritadigan "Ochiq dunyo va madaniyat" (World Culture Open) nodavlat tashkilotining Xalqaro aloqalar byurosi rahbari. Suhbatimiz davomida uning professional illyustrator ekanini ham payqadik.

U O'zbekiston haqida illyustratsiyalarga boy kitobcha tayyorlayotganini aytadi. Maqsadi - vatanini xorijliklarga tanishtirish.

Advokat Rakhmad Sobirovning aytishicha, vatandoslar tez-tez shunday uchrashuvlarga yig'ilib turadi. U Kanadadagi o'zbekistonliklarning aniq sonini aniqlashga ham harakat qilgan. Uning hisob-kitobiga ko'ra, Kanada fuqaroligini olgan o'zbekistonliklar ham ko'p.

Torontoda faoliyat yuritadigan yana bir professional vatandoshimiz bu Anvar Isamuhamedov. Telekommunikatsiya, elektron to'lov tizimlari, qurilish logistikasi va marketing bo'yicha mutaxassis O'zbekiston Kanadadan ko'p narsa o'rganishi mumkinligini aytadi, xususan, u o'zi hozir ishlayotgan qurilish sohasida.

Vatandoshlar bilan muloqot juda maroqli kechdi. Ularning barchasi O'zbekistondagi o'zgarishlarni yaqindan kuzatayotganini, agar imkoniyat va talab bo'lsa, vatan ravnaqi uchun o'z hissalarini qo'shishga tayyor ekanliklarini aytadi.

Torontoda o'z biznesini yuritayotgan boshqa vatandoshlar ham bor."Taj restorani" o'zbekistonliklar tomonidan ochilgan. Shahardagi yagona o'zbek restorani. Oshxona asoschilaridan biri Jovidxon Buzrukov o'zbek taomlari kanadaliklarga ham ma'qul kelayotganini aytadi.

Safarimiz muloqotlarga boy kechdi. Vatandoshlar bilan o'tkazgan suhbatlarimizni to'liq saytimizda va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda tomosha qilishingiz mumkin.