O'tgan bir yil, huquq himoyachilari nazarida, Xitoyda keskin repressiv, ayniqsa, diniy e’tiqod kuchli tazyiq ostiga olingan davr bo’ldi. Xalqaro hamjamiyat Xitoy hukumatini insoniyatga qarshi jinoyatda aylabmoqda. Biroq Pekin bu tanqidlarni keskin inkor etib kelmoqda.
Shinjonda millionlab musulmonlar lagerlarda "qayta tarbiyalanmoqda", ibodatxonalar buzilmoqda, dissidentlarga nisbatan tizimli bosim davom etmoqda.
“Xitoyda 2018 inson huquqlari qo’pol ravishda buzilgan yil bo’ldi. Ko’plab odamlar qurbon bo’ldi. O’tgan yilda Xitoy beshafqat tazyiq va ta’qib siyosatini tizimli ravishda joriy etishga erishdi”, - deydi Germaniyada asoslangan Jahon uyg’urlar kongressi matbuot kotibi Dilxat Rashit.
Xitoy bir necha oy mobaynida lagerlarning mavjudligini inkor etib keldi. Lagerlar faoliyatini tan olishga majbur bo’lgan hukumat uyg’urlar va boshqa musulmonlarning lagerlarda saqlanishini oqlash maqsadida global kampaniya boshladi.
Pekin hibsda ushlab turilganlarning aniq miqdorini e’lon qilishi lozim. Hukumat kasbiy malaka oshirish markazlari faoliyatini terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashning muhim qismi deb hisoblaydi. Huquq himoyachilariga ko’ra, markazlar musulmonlarni fabrika-zavodlarda tekinga uzoq soat ishlashga majbur qilgan.
“Xitoy, shuningdek, Ninsia hududidagi musulmonlarga qarshi lagerlarni ishga tushirishni rejalagan. Bu hukumatning musulmonlarni yo’q qilish va diniy guruhlar ustidan nazorat o’rnatishga intilayotganini tasdiqlaydi”, - deydi Rashit.
“China Aid” guruhi asoschisi Bob Fu bu gaplarni tasdiqlaydi. Uning Texas shtatida faoliyat yuritayotgan tashkiloti Xitoyda e’tiqod erkinligini targ’ib qiladi.
“Bu 1930-1940-yillarda natsistlar Germaniyasi lagerlarining XXI asrdagi ko’rinishi. Jahon hamjamiyati Xitoy rejimini keskin qoralab, zudlik bilan bu siyosatni to’xtatishni talab qilishi lozim”, - deydi Fu.
Huquq himoyachilari Xitoy rasmiylariga qarshi sanksiyalar joriy qilishga chaqirgan.
AQSh senatorlari qatorida Marko Rubio ham Shinjondagi lagerlar faoliyati va inson huquqlarining poymol etilishiga doir tartiblar insoniyatga qarshi jinoyat bo’lishi mumkin, deya ta’kidlagan. O’tgan yilning noyabr oyida Kongressda Xitoyga chora qo’llashga doir qonun loyihasi taqdim etildi. Loyiha Tramp ma’muriyatidan iqtisodiy sanksiyalar qatorida uyg’ur va boshqa musulmonlarni himoya qilishga qaratilgan choralarni ham qo’llashni talab qiladi. Xitoy hukumati ham shunga yarasha javob berishini ma’lum qilgan.
Bob Funing aytishicha, Pekin xristian jamiyatlarga ham tazyiq o’tkazgan.
Hukumat ayrim hududlarda cherkovlarni buzdirgan. 18 yoshdan kichiklarning cherkovga kirishi va diniy ibodat qilishini taqiqlangan.