“Vatandosh” O'zbek-Amerika federatsiyasi 2019-yil Nyu-Yorkda yashovchi o'zbekistonlik immigrantlar uchun qator seminarlar uyushtirishga bel bog'lagan. Ularning o'tkazgan ilk seminari “AQSh soliq tizimi va soliq deklaratsiyasini to'ldirish qoidalari”ga bag'ishlandi.
Nyu-York shahri Bruklin tumanidagi Kings Bey kutubxonasida o'zbekistonlik immigrantlar uchun “AQSh soliq tizimi va soliq deklaratsiyasini to'ldirish qoidalari” mavzusida seminar uyushtirildi. Tadbirda Amerikadagi soliq tizimi bo'yicha zarur ma'lumotlar berildi hamda yig'ilganlar savollariga buxgalteriya va soliq hisobi bo'yicha mutaxassislar, asli o'zbekistonlik Kamol Ganiyev va Yevgeniy Milovanovlar javob berishdi.
Kamol Ganiyev soliq to'lovchilar yoddan chiqarmasligilozim bo'lgan quyidagi sana va raqamlarni eslatdi.
“15-aprelgacha o'tgan yil olingan daromad va qilingan xarajatlar, to'langan soliqlarni ko'rsatib soliq deklaratsiyasini soliq idorasiga (IRS) yuborish kerak. Ba'zi korxonalarda esa deklaratsiyani topshirishning so'nggi kuni 15-martdeb qabul qilingan. Vatandoshlarimiz ana shu sanalarni eslab qolishlari kerak. 15-aprel soliq deklaratsiyasi topshiradigan so'nggi kun hisoblanadi' - deydi Kamol Ganiyev.
Mutaxassis kimlar soliq deklaratsiyasi topshirishi lozimligini ham tushuntirib o'tdi.
“Qonun bo'yicha, xususiy tadbirkorlar, masalan Uber, Lift yoki yuk mashinalari (Truck driver) haydovchisi bo'lib ishlaydiganlar bir yil davomida 600 dollardan oshiq daromad ko'rgan bo'lsalar, demak, “income tax” (daromad solig'i bo'yicha hisob-kitob) qilishi shart. Agarda kimki W2 formasi asosida soliq to'lab ishlagan bo'lsa, har yil summa o'zgarsa-da, lekin taxminan 5 ming dollardan oshiq daromad ko'rganda va xodim sifatida ishlagan bo'lsa, ular “income tax” qilishi kerak emas, lekin ko'pincha ularda soliqni qaytarish vaziyati bo'ladi, shuning uchun soliq deklaratsiyasini ular ham to'ldirishlari zarur” - deydi Kamol Ganiyev.
Suhbat chog'ida Kamol Ganiyev o'zbekistonlik muhojirlar soliqni hisoblash davrida yo'l qo'yadigan asosiy xatolarni ham sanab o'tdi.
“Eng katta xatolar shuki, vatandoshlarimiz ba'zi daromadlarini yodlaridan chiqarib qo'yadilar. Misol uchun olsak, yil davomida to'rtta ishxonada ishlab uchtasini inobatga olib bittasini ko'rsatishni unutadilar. Shuning uchun vatandoshlarimiz yilning oxirida barcha ish joylarini eslashlari, qaysi korxonada qancha ishlaganlarini, olgan daromadlarini ko'rsatishlari zarur. Keyin xarajatlar bo'yicha, naqd pulga qilingan xaridlar bo'lsa kvitansiyalarini saqlab qolishlari muhim. Odamlarimiz tomonidan ana shunaqa ikkita katta xatolarga yo'l qo'yilyapti”, - degan fikrda mutaxassis.
Seminar davomida qaytariladigan soliqlar bo'yicha ham ko'p savollar tushdi. Mutaxassislar ushbu pullar kimga va qaysi sharoitda qaytarilishini ham batafsil tushuntirdilar.
“Amerikada qonun shunday yozilganki, oilaning daromadi kam bo'lsa va bunday oilada yosh bolalar bo'lsa, ularga davlat subsidiya beradi. Ya'ni davlat yordam berishi kerak deydi. Shuning uchun yosh bolalaringiz bo'lsa va daromadingiz 52 ming dollardan past bo'lsa, ozgina yordam beriladi. Lekin daromadingiz 15-20 ming dollar atrofida bo'lib qaramog'ingizda 3 ta yosh farzandingiz bo'lsa, soliqni qaytarib olish miqdoriko'proq bo'ladi” - deya tushuntirish beryapti Kamol Ganiyev.
Seminarning yana bir ma'ruzachisi Yevgeniy Milovanov buxgalteriya va soliq to'lovlari hisobotini yuritish bo'yicha 20 yillik tajribaga ega. Unga ko'ra, savol-javobga asoslangan tadbirlar, albatta, samara beradi.
“Seminarimiz muvaffaqiyatli o'tdi. Qatnashchilar kerakli ma'lumotga ega bo'ldilar va olgan bilimlari soliq deklaratsiyasini to'ldirishlariga qo'l keladi degan umiddaman. Odamlarni qiziqtiradigan savollar juda ko'p. Bu kabi seminarlar ana shu savollarini mutaxassislarga berishga imkoniyat beradi. Eshitgan javoblari esa o'z maslahatchi buxgalterlarining oldiga ancha tayyorlanib borishlari uchun xizmat qiladi” - deydi Yevgeniy Milovanov.
Seminar o'zbekistonlik immigrantlarning Bruklinda faoliyat ko'rsatib kelayotgan nodavlat “Vatandosh”O'zbek-Amerika federatsiyasining2019-yildagi ilk tadbiri bo'ldi. Federatsiya prezidenti Norxo'ja Sodiqovga ko'ra, tashkilot bundan buyon muhojir vatandoshlarning Amerikadagi hayotida shu kabi maslahat-axborot ko'magi bilan ham ishtirok etishda faol bo'lmoqchi.
“Vatandoshlarimiz bilan qilgan suhbatlarimiz, ular orasida o'tkazgan so'rovnomamiz natijasida shuni aniqladikki, biz turli sohalar bo'yicha seminarlar uyushtirishimiz kerak ekan. Birinchisi soliq masalasi bo'yicha bo'lsa, bugungi kunda bu juda aktual masala. Uch haftadan so'ng yana seminar o'tkazishni rejalashtirdik. Va u sog'liqni sug'urtalash xususida bo'ladi” - deydi suhbatdoshimiz Norxo'ja Sodiqov.
Tashkilot Amerikadagi vatandoshlar uchun yil davomida shu kabi yana qator boshqa o'quv seminarlari, foydali muloqotga asoslanadigan uchrashuvlarni o'tkazishni rejalashtirganini ham tadbir davomida e'lon qildi.