Turkiya Suriyada o’z nazoratidagi xavfsiz hududni joriy qilishni rejalamoqda. 23-yanvar kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an tashabbusni qo’llab-quvvatlashga chaqirdi.
“Rejamizga nisbatan AQSh ijobiy pozitsiyasini ma’lum qildi. Rossiya bilan ham muammolar yo’q”, - dedi Erdog’an Moskvada o’tgan qo’shma matbuot anjumanida.
Erdog’an Suriyaning shimoli-sharqida uzunligi 250 km, eni 32 km bo’lgan xavfsiz hudud tuzmoqchi. Hudud Turkiya chegarasini kurd to’dalaridan himoyalaydi. Bu to’dalar Turkiyadagi isyonchi kurdlar partiyasi PKKni dastaklaydi va hammasi terroristlar, deydi Erdo'g'an.
Turkiya rahbariga ko’ra, xavfsiz hudud qochoqlar muammosi va o’sib borayotgan iqtisodiy inqirozni nazorat qilish imkonini beradi.
Bu zona Turkiyaga Suriyadan o’tgan qochoqlarning vataniga qaytishiga zamin yaratadi.
Erdog’anning aytishicha, 4 million suriyalik qochoqning 300 mingi o’tgan yili Turkiya kuchlari kurdlardan qo’lga kiritgan hududlarga ko’chib o’tgan.
“Turkiyada suriyalik qochoqlar bo’yicha aholi e’tirozi ko’p. AKP (Erdog’an partiyasi) tarafdori bo’lgan kambag’al qatlam suriyaliklarning cheklangan resurslarga sheriklik qilayotganidan norozi. Bu Erdog’an uchun ham jiddiy muammo”, - deydi siyosiy tahlilchi Atilla Yeshilada.
Anqaraning ma’lum qilishicha, suriyalik qochoqlarga boshpana berish xarajati 30 milliard dollardan oshgan.
Iqtisodiy muammolar Turkiya aholisining qochoqlar bo’yicha shikoyatini keskin kuchaytirgan. Iqtsodchilar tahliliga ko’ra, joriy yilda Turkiya iqtisodida pasayish kuzatiladi. So’nggi ijtimoiy so’rovnomalar natijasiga ko’ra, AKP partiyasining nufuzi tushib ketgan. Bu joriy yilning mart oyiga belgilangan mahalliy saylov natijalariga ham ta’sir ko’rsatadi.
Erdog’an joriy oy avvalida bufer zonasiga ko’chmoqchi bo’lgan suriyaliklarni uy-joy bilan ta’minlash dasturini e’lon qildi.
“Rejaga ko’ra, 500 kvadrat metrli tomorqaga ega ikki qavatli uylar quriladi. Suriyaliklar yangi hayot boshlaydi. Bufer zona, shuningdek, migratsiyaga to’liq chek qo’yadi”, - deydi Erdog’an.
Turkiyaning sobiq diplomati Aydin Selchenga ko’ra, Anqara qurilish loyihasini moliyalashda Yevropa Ittifoqiga tayanmoqda.
“Assad hokimiyati saqlanib qolar ekan, Suriyani qayta tiklashga AQSh bosh qo’shmaydi. Yevropa Ittifoqi bu vazifani bajarishi mumkin. Chunki ular Suriyadan yangi qochoqlar oqimi kelishini istamaydi. Erdog’an bundan ustalik foydalanadi”, - deydi Selchen.