Breaking News

Tramp: Kurdlarga hujum qilsa, Turkiyani iqtisodiy falokat kutmoqda


AQSh Prezidenti Donald Tramp
AQSh Prezidenti Donald Tramp

Prezident Donald Trampning ogohlantirishicha, agar AQSh askarlari Suriyani tark etishi ortidan Turkiya kurdlarga hujum qilsa, Anqara og'ir iqtisodiy jazo choralariga yo'liqadi.

Kurdlar yetakchiligidagi Suriya Demokratik kuchlari (YPG) "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurashda AQShning eng yaqin ittifoqchilaridan biri sanaladi.

Turkiya esa YPGni taqiqlangan Kurdiston Ischilar partiyasiga (PKK) aloqadorlikda ayblaydi.

Turkiya prezidenti so'zlovchisi Ibrohim Qalin Tramp bayonotiga javoban YPGni "Islomiy davlat" terrorchi guruhiga qiyosladi.

"Janob Donald Tramp, terrorchilar sizga hamkor va ittifoqchi bo'la olmaydi. AQSh strategik hamkorligimizni hurmat qiladi va terror propagandasi aloqalarga soya solishini istamaydi, deb umid qilamiz. DAISh, PKK, PYD va YPG o'rtasida farq yo'q. Ularning barchasiga qarshi kurashni davom ettiramiz", - deb yozdi u "Twitter" orqali.

Suriyaning Manbij shahri yaqinida zirxli mashinada AQSh askari
Suriyaning Manbij shahri yaqinida zirxli mashinada AQSh askari

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Suriya kurdlari o'z holiga tashlab qo'yilmasligiga umid bildirib, kurdlar xavfsizligini ta'minlash uchun Turkiya bilan kelishuvga erishilishiga ishonchi komil ekanini aytdi.

Kurdlar Turkiya hujumiga qarshi himoya istamoqda. Suriya Tashqi ishlar vaziri yordamchisi Ayman Sousanning aytishicha, uning hukmati kurdlar bilan muloqotni kuchaytirish niyatida.

"Ko'plab kurd bayonotlari ular Suriya yaxlitligidan xavotirda ekanini ko'rsatmoqda", - dedi Sousan.

Kurd rasmiylariga ko'ra, Suriya hukumati bilan bo'ladigan har qanday muloqotda Rossiya vositachilik qilishi kerak.

Trampning "Twitter"da yozishicha, AQShning Suriyadan chiqish harakati boshlangan; ayni paytda IShID qoldiqlariga turli tomonlardan keskin zarba berish davom etmoqda.

Lekin Mudofaa vazirligi rasmiysi askarlar chiqarila boshlanganini inkor etib, Suriyadan chiqish amaliyoti hozircha faqat texnikaga aloqador ekanini aytdi.

Tramp o'tgan oy kutilmaganda AQSh kuchlari Suriyadan butunlay chiqishini e'lon qilgan edi. Oq uy buning 30 kun ichida amalga oshishiga ishora qilgan.

Keyinroq Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi Jon Bolton askarlarni olib chiqish bo'yicha aniq muddat belgilanmaganini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG