Afg’on toliblarini sulhga rozi qilishga qaratilgan muzokaralar davom etmoqda. Lekin ular haqida ommaga ko’p narsa oshkor qilinmayapti. Afg’onistonda bugungacha erishilgan erkinlik, xususan matbuot va xotin-qizlar huquqlari bobidagi yutuqlar boy berilishi mumkin degan xavotir kuchli.
Afg’onistonda jurnalistlarni himoya qiluvchi Nay tashkiloti Tolibon bilan olib borilayotgan muzokaralarga o’z munosabatini bildirdi.
“17 yilda erishilgan yutuqlar haqida og’iz ham ochilmagan, inobatga olinmayotgan mavzulardan biri so’z erkinligidir. Muzokaralarda so’z erkinligi va mabtuot butkul unutilgan degan fikrdamiz”,- deydi Nay tashkiloti raisi Mujib Xilvatgar.
“So’z erkinligi saqlab qolinishi zarur bo’lgan qadriyat o’laroq murosaning bir qismi bo’lishi kerak. So’z erkinligi va ommaviy axborot vositalari kafolatli ravishda qo’llab-quvvatlanishi lozim”,- deyi Xilvatgar.
Tashkilot nazarida jurnalistlarni o’ldirganlikda ayblangan tomonlar kechirilmasligi kerak va kelishuvga erishilgan taqdirda ham qotillar jazolanishi shart.
Afg’onistonda inson huquqlari bo’yicha mustaqil komissiyasi raisi Siymo Samar deydiki, toliblar afg’on xalqidan kechirim so’rashi lozim.
“Agar Tolibon afg’on xalqidan kechirim so’ramasa, qilimishi uchun pushaymonlik izhor qilmasa, Afg’oniston muammosi hal bo’lmaydi”,- deydi Samar.
Samar fikricha, inson huquqlari e’tibor berilmagan muzokara siyosiy so’zlashuvdan boshqa hech narsa emas.
AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod bir necha oydan beri Tolibon vakillari bilan gaplashmoqda.
Bir necha kun avval toliblar bilan vaqtinchlik sulhga erishilgani, xorijiy askarlarning Afg’onistonni tark etishi bo’yicha kelishdi degan xabarlar chiqqan edi.
Lekin, Zalmay Halilzod “vaqtinchlik sulh va Amerika harbiylarining Afg’onistonni tark etishi bo’yicha gaplashildi. Biroq haligacha hech qanday kelishuvga erishilgani yo’q”,- deya mash-mishlarni rad etdi.
Afg’oniston rahbari Ashraf G’ani 28-yanvar kuni video orqali xalqqa murojaat qilib, Tolibon bilan muzokaralar haqida gapirdi.
“Biz sulh istaymiz, lekin barcha tayyor turishi kerak. Chunki o’tgan davrlardagi xatolarni takrorlamoqchi emasmiz”,- dedi G’ani.
“Men Afg’oniston prezidenti o’laroq mintaqa va dunyo davlatlarining Afg’oniston sulhi bo’yicha olib borayotgan urinishlari haqida hamma narsani kuzatib turibman. Kelishuvga erishilganidan keyingi ehtimoliy xavf-xatarlar nimaligini ham bilaman”,- dedi G’ani.
Prezidentga ko’ra, afg’on xalqi xorijiy askarlar bu joyda doimiy qolishini istamaydi. Qo’shinlarning chiqib ketishi uchun maxsus reja tuzish kerak.
“Toliblar uchun ikki yo’l bor. Afg’on xalq bilan kelishadi yoki shum harakat bo’lib qolaveradi. Tolibondan afg’on hukumati bilan jiddiy muzokara qilishni so’rayman”,- dedi G’ani.
Prezident deydiki, Qo’shma Shtatlar bilan muzokara sulhning bir qismi xolos.
“Urush qurbonlari afg’onlar ekanini unutmaylik. Shuning uchun ham sulh dasturini afg’on hukumati boshqaradi”,- dedi G’ani.
Zalmay Halilzod nazarida esa Kobulda Tolibon bilan muzokara bo’yicha yakdillik yo’q.
Toliblar haligacha afg’on hukumati vakillari bilan bir marta ham uchrashmagan.
“Muzokaralar davom etmoqda. Lekin hukumat chetga surilgan. Muzokaralarda Zalmay Halilzod bilan birgalikda afg’on hukumati vakili ham ishtirok etishi kerak edi”,- deydi tahlilchi Atiqulla Amarxil.
Tolibon esa Kobul bilan emas, Amerika Qoshma Shtatlari bilan muzokara qilayotganini ta’kidlaydi. Harakat nazarida Kobuldagi markaziy hukumat AQSh qo’g’irchog’idir.