AQSh Prezidenti Donald Tramp bugun Kongressdan xalqqa murojaat qiladi. Bu safargi qonunchilar tarkibi o'tgan yilgidan farqli. Chunki Vakillar palatasi demokratlar qo'lida.
Spiker Nensi Pelosi prezidentning xalqqa murojaatini yuqori kursidan turib so'nggi bor to'qqiz yil avval - Prezident Barak Obama paytida kuzatgan edi. Prezident Tramp davrida u shu kursini yana bir bor egalladi.
"Devor uchun hech qanday pul bo'lmaydi", - deydi spiker Pelosi.
Tramp ham bo'sh kelmayapti. U Meksika bilan chegaraga devor qurilishini talab qilyapti.
"Devor bo'lmasa, foydasi yo'q. Pelosi o'yin qilyapti. Devorni hozir qurishimiz shart!" - dedi Tramp.
Agar tomonlar chegara xavfsizligi bo'yicha murosa qilib, 15-fevralgacha byudjetni qabul qila olmasa, hukumat yana ishdan to'xtab qolishi mumkin.
"Trampni deb hukumatning ishlamagani ko'zimizni ochdi. 35 kundan so'ng ko'plab amerikaliklar milliy va iqtisodiy xavfsizligimiz, jamoat sog'lig'i va kundalik hayotimiz uchun federal xizmatchilar qilayotgan ishlarni qadrlashni o'rgandi", - deydi demokrat senator Ben Kardin.
"Nima bo'lsa ham, hukumat yopilmasligi, prezident favqulodda holat e'lon qilmasligi tarafdoriman. Buni qanday amalga oshirish juda qiyinligini hammangiz bilasiz", - dedi Senatdagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonel.
Agar qonunchilar ma'qullamasa, Tramp favqulodda holat e'lon qilib, Kongressdan mustaqil holda devor qurishini aytmoqda. Prezident xalqqa murojaatida shu masalani tilga olishi mumkin. Qonunchilar esa muhim xalqaro mavzularda ham Tramp fikrini bilishni istaydi.
Trampning Suriyadan AQSh askarlarini olib chiqish uchun ko'rsatgan sababi razvedka rahbarlari tomonidan rad etildi.
"IShID qayta bosh ko'tarish niyatida. Iroq va Suriyada hanuz minglab jangarilari bor", - dedi Milliy razvedka direktori Den Kouts.
Tramp Shimoliy Koreya rahbari bilan yana bir uchrashuvga hozirlanar ekan, Markaziy Razvedka agentligidan yangi ogohlantirish:
"Bu rejim AQShga to'g'ridan-to'g'ri tahdid soluvchi uzoq masofali raketalarni yaratish ahdida qat'iy", - deydi agentlik rahbari Jina Xaspel.
Iqtisodiy jabha prezident maqtansa arziydigan darajada yaxshi. O'tgan oy 300 mingdan ortiq yangi ish o'rinlari yaratilgan. AQShda ishsizlik 4 foizga tushgan.