Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqish shartlari hanuz mavhum

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqish taqdiri hanuz mavhum qolayotgani mamlakat iqtisodiyotiga o'z ta'sirini ko'rsatishni boshladi. Yaponiyaning "Nissan" avtomobil kompaniyasi Britaniyadagi zavodini boshqa joyga ko'chirishga qaror qildi. Ingliz kompaniyalarining uchdan biri chetga chiqib ketishi mumkin.

"Ular Breksit atrofidagi mavhumlikni sezishyapti va bu parlamentdagi barchamizga ogohlantirish bo'lishi kerak. Bu mavhumlikni hoziroq bir yoqli qilish lozim", - deydi Britaniya Biznes vaziri Greg Klark.

Britaniya bilan aloqalar uzilar ekan, Yevropa Ittifoqi Yaponiya bilan dunyo yalpi mahsulotining uchdan birini qamrab oluvchi yangi shartnoma tuzdi. Britaniya bilan kelishish imkoniyati hanuz mavjud, dedi Germaniya kansleri Angela Merkel.

"Britaniyaning maqsadi nimaligini bilishimiz muhim", - dedi Merkel.

Britaniyaning ittifoqdan kelishuvsiz chiqishi xavfi kun sayin oshib bormoqda. Matbuotga sizgan ma'lumotga ko'ra, hatto qirollik oilasini Bukingem saroyidan evakuatsiya qilish rejalangan.

Qo'zg'olon boshlanishi, oziq-ovqat va dori tanqisligi, haddan ziyod chiqindilar to'planib ketishi kabi holatlar yuz berishi ehtimoli bor.

"Juda murakkab vaziyat bu. Biznes va fuqarolarga katta ta'sir ko'rsatadi. Boshqa chora shuki, chiqish kelishuvini qayta ko'rib chiqish kerak. Butunlay emas, balki parlamentda ko'pchilik ovozini oladigan jarayonni yo'lga qo'yish kerak", - deydi huquqshunoslik bo'yicha professor Alberto Alemanno.

Bu kifoya qilmasligi mumkin. Britaniya savdo bo'yicha Yevropa Ittifoqi bilan yangi bitim tuzilguncha chegarada ittifoq qoidalari amal qilishi haqidagi Irlandiya talabi o'zgartirilishini so'ramoqda.

"Chegara bo'yicha vaqtinchalik kelishuv bo'lmaydi. Agar vaqtincha bo'lsa, bu kelishuv emas", - deydi professor Anand Menon.

Chiqish kelishuvi qayta ko'rib chiqilsa, ittifoqning boshqa a'zolari ham o'z talablarini olg'a surishi mumkin. Masalan, Ispaniya Gibraltar maqomini qayta ko'rib chiqishni da'vo qiladi.

"Ba'zi mamlakatlarning ham da'vosi bor. Ulardan biri - Ispaniya. Yevropaning o'zida ham kelasi saylovlar oldidan siyosiy muhit tez o'zgarib bormoqda", - deydi Alemanno.

Britaniyaning Yevropa bilan chigal munosabatlari hali uzoq davom etadiganga o'xshaydi. Kuzatuvchilarga ko'ra, bu bir necha o'n yillarni o'z ichiga olishi mumkin.