O'zini Venesuela prezidenti deb e'lon qilgan Xuan Guaydo kim?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Yanvar oyida Venesuela Milliy assambleyasi rahbarligiga kelgan Xuan Guaydo o'zini mamlakatning o'tish davri prezidenti deb e'lon qildi. Yaqingacha deyarli hech kim uni tanimas edi.

Hozir u Venesuelaning amaldagi rahbari Nikolas Maduroni hokimiyatdan ag'darishga urinayotgan harakat markazida.

"Venesuela xalqi, Venesuela uchun, ijtimoiy adolat uchun oyoqqa turing", - deydi Guaydo.

Milliy assambleyaning 35 yoshli rahbari o'zini Venesuela prezidenti deb e'lon qilgach, butun dunyo e'tiboriga tushdi.

AQSh va boshqa ko'plab davlatlar uning rahbarligini tan oldi.

Guaydo yangi saylovlar o'tkazib, oziq-ovqat va dori tanqisligi, giperinflyatsiya domiga tushgan mamlakatni oyoqqa turgizishga va'da bermoqda.

U bugungi kun odami, deydi iqtisodchi Deni Bahar.

"Yaqingacha u jamoatchilikka tanish emas edi. Lekin muxolifatni birlashtira oldi va uzilgan umidlarni qayta tikladi", - deydi Bahar.

Hukumat 1999-yil Vargas shtatida yuz bergan falokatli toshqin oqibatlarini bartaraf etmagach, universitetni muhandislik bo'yicha tamomlagan Guaydo siyosatga kirishga ahd qiladi.

Yillar davomida u 2013-yil marhum Ugo Chaves o'rniga kelgan va uning siyosatini davom ettirgan Maduroga qarshi muxolifat namoyishlarida qatnashdi.

Maduroning yanvar oyida ikkinchi olti yillik muddat uchun qasamyod keltirishi noroziliklarni yanada kuchaytirib yubordi.

Bu galgi namoyishlarning o'ziga xosligi shundaki, barcha muxolif guruhlar birlashgan.

"Muxolifat bir xil bayonot, bir xil strategiya bilan chiqishga qiynaldi. Kutilmaganda kelib chiqishi oddiy bo'lgan shu yigit o'rtaga chiqdi. U muxolifatning yangi qiyofasi; ko'pchilik iloji yo'q deb o'ylagan narsani amalga oshirishga jur'at topdi", - deydi Deni Bahar.

Maduroni hokimiyatdan olish oson emas. Bu orada muxolifat Venesuelani qayta qurish rejasini taqdim etmoqda. Bunga shubha bilan qarovchilar ham yo'q emas.


"Ko'pchilik Guaydo rahbarligida hukumatning qashshoqlarga yordam beruvchi ijtimoiy dasturlari kamayishini aytmoqda. Ular Venesuelaning qashshoqlarini emas, elitasini namoyon qilishi mumkin", - deydi tadqiqotchi Aleksandr Meyn.

Lekin Karakas ko'chalarida Guaydo va muxolifatni qo'llayotganlar ko'p.

"Ular Venesuela uchun juda murakkab bo'lgan vaziyatni hal qila olishlariga ishonaman", - deydi mahalliy fuqarolardan biri.

Guaydo saylovlar erkin va adolatli o'tishini ta'kidlamoqda. Uning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, agar muxolifat qo'llasa, o'zi ham prezidentlikka nomzodini qo'yishi mumkin.