Kolumbiya va Venesuela o'rtasidagi Simon Bolivar ko'prigi chegaradan o'tayotgan venesuelaliklar bilan gavjum. Ular mamlakatlarining ertangi kunidan xavotirda. Aholiga yordam uchun olib kelingan 50 tonnadan ziyod gumanitar yordam chegarada turib qolgan.
AQSh va Kolumbiya hukumatlari chegaradagi Kukuta shahriga dastlabki yordam yuklarini olib kelishi bilan o'zini Venesuelaning o'tish davri prezidenti deb e'lon qilgan Xuan Guaydo harbiylarga murojaat qildi.
"Ular Venesuelada nima bo'layotganini biladi, mamlakatni tark etgan do'stlari bor, hammamiz kabi ular ham qiynalyapti. Harbiylarga buyruq bu - yordam yuklarini o'tkazing. Odamlar hayotini saqlamaslik insoniyatga qarshi jinoyatdek gap", - dedi Guaydo.
AQShning Kolumbiyadagi elchisi Kevin Vitekarning aytishicha, AQSh venesuelaliklarga 140 million dollarlik yordam jo'natgan. Bu miqdor yanada oshadi, deydi u.
"Bu xamir uchidan patir, faqat boshlanishi. Yordam Venesuelada xalqqa tarqatilishi muhim", - dedi elchi.
Elchi Vitekar yordam yuklarini tashishda ko'rsatgan ko'magi uchun Kolumbiya Prezidenti Ivan Dukega tashakkur izhor qildi.
"Kolumbiyada biz yuklarni tashish, saqlash, boshqarish va chegaragacha xavfsizligini ta'minlash uchun mas'ulmiz", - dedi Kolumbiya rahbari.
Xalqaro Simon Bolivar ko'prigidan har kuni minglab kolumbiyalik va venesuelalik fuqarolar o'tadi. Ko'plab venesuelaliklar chegaradagi oziq-ovqat mahsulotlarining qachon va qayerga jo'natilishini so'ramoqda.
Hozircha yordam yuklari maxsus omborlarda saqlanmoqda. 65 yoshli Karmin Sanches bu yordamning Venesuela xalqiga tezroq yetib borishidan umidvor.
"Maduro ketishini Xudodan so'rayapman. Boshqa davlatlar bilan urush bo'lmasin, odamlarning yostig'i qurimasin", - deydi u.
Har kuni venesuelaliklar ko'prikdan Kolumbiya hududiga o'tib, piyoz, guruch, tuxum kabi oziq-ovqat mahsulotlari sotib oladi. Venesuelada ish ham, pul ham yo'q, deydi ular.
"Venesuelaga yordam yetib borishi kerak. U yerda odamlar o'lyapti va bu haqiqat", - deydi yana bir fuqaro.
Venesuelaning bahsli prezidenti Nikolas Maduro AQSh yordamini rad etib, uning mamlakatga kirishiga ruxsat bermayapti. Unga ko'ra, venesuelaliklarning AQSh yordamiga ehtiyoji yo'q.
Bu orada Guaydo Lotin Amerikasi bo'ylab ko'mak markazlari tashkil etib, mamlakatga gumanitar yordam koridori ochish masalasi ustida ishlamoqda.