Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning aytishicha, dunyo bo'ylab antisemitizmning kuchayayotgani yahudiy jamiyatlariga jiddiy tahdid solmoqda.
Parijda "Sariq nimchalilar" namoyishi ishtirokchilaridan biri yahudiy faylasuf Alen Finkelkrotni haqorat qilgani bahslarga sabab bo'ldi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron hodisani qoraladi. Finkelkrotning o'zi antisemit so'zlar ishlatilmaganini, haqorat musulmon ekstremisti tomonidan sodir etilganini aytdi.
"Isroil haqida qayg'urganimiz uchun bizni irqchi deyishadi. Ba'zilar uchun biz jinoyatchimiz. Bundaylarga qarshi bizda himoya quroli yo'q, chunki ular o'z qarashlarini mantiqli deb biladi. Bugungi antisemitizm antiirqchilikka aylangan", - deydi Finkelkrot.
Hodisa videosini ko'rgan tarixchi Vinsent Duklert bu fikrga qo'shilmaydi.
"Bu antisemitizm emas, chunki "iflos yahudiy", degan so'z ishlatilmadi, deyishni to'xtatish kerak. Haddidan oshayotganlar yahudiyni haqoratlash noqonuniy ekanini biladi, lekin "iflos sionist" deb aytish noqonuniy emas. Shunday ekan, bu holatni antisemitizmning g'ayrioddiy ko'rinishi deb atash kerak", - deydi u.
Yevropa mamlakatlari yaqin o'tmishdagi antisemitizm va Xolokost xotiralaridan hali to'la qutilgani yo'q. O'tgan yili Polsha Xolokost paytidagi jinoyatlar uchun davlatni ayblashni taqiqlovchi qonun chiqardi. Natsistlar davridagi konsentratsion lagerlarni "polyak o'lim lagerlari" deb atash endi jinoyat. Isroil bunga e'tiroz bildirdi.
Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Isroil Kats sobiq bosh vazir Isxak Shamirga tegishli "polyaklarga antisemitizm ona suti bilan kiradi" degan iborani tilga oldi.
Polsha bunga e'tiroz bildirib, Quddusda rejalangan sammitda ishtirok etmasligini bildirdi.
"Tashqi ishlar vaziri Kats izohi nafaqat diplomatik til jihatdan, balki jamoatchilik uchun ham qabul qilib bo'lmas holat", - dedi Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning aytishicha, antisemitizm dunyo bo'ylab yahudiylar uchun asosiy muammo bo'lib turibdi.
"Yahudiy davlatini yomonotliq qilish, yahudiy xalqiga tarixiy vatanida o'z taqdirini hal qilish huquqini bermaslik; bular antisemitizmning yangi qiyofasi - antisionizmdir. Uning qayerdan kelayotgani muhim emas. Sharqda bo'ladimi, Osiyodami, farqi yo'q. Bu narsa Yaqin Sharqning ayrim hududlarida va G'arbda bor", - deydi u.
Ko'plab Yevropa davlatlarida antisemitizm va nafratga asoslangan bayonotlar qonun bilan taqiqlangan. Yahudiylarga qarshi bunday haqorat va hujumlar ayrim Yevropa davlatlarida tez-tez yuz berib turadi.