Pensilvaniya shtatining Filadelfiya shahri va uning atrofida o'zbekistonliklarning bir nechta jamiyatlari ochilgan. Maqsad - O'zbekistondan ko'chib kelgan vatandoshlarga o'z tili, dini va qadriyatlarini saqlab qolishda, qolaversa, yangi jamiyatda oyoqqa turishiga ko’maklashish. Bu vazifalarni uddalash oson emas. Zero, hayoti shiddatli kechadigan, har kim o'z taqdirini o'zi belgilaydigan Amerikada vatandoshlarning bir yoqadan bosh chiqarishi, ularni bir joyda to'plash katta ish. Buning uchun avvalo umumiy maqsad va g'oya zarur, ba'zida katta qozonda osh damlasa ham kifoya.
Halol go'sht, somsa... va sariq sabzi. Peshtaxtada ular ko'rindimi, demak, bu atrofga ham o'zbekistonliklar ko'chib kelishgan. Zero, o'zbekistonlik oila yo'qki, osh pishirmasa.
So'nggi 10-15 yil davomida Nyu-Yorkdan so'ng o'zbekistonlik vatandoshlarning ko'psonli jamiyati aynan Filadelfiyada shakllangan. Shulardan biri - "Yurtdosh" jamiyati.
“Hozirgi paytda yurtdoshlarimiz ancha ko'paygan. Muhtojlik bo'lgani uchun, yangi kelgan yurtdoshlarimizning adaptatsiya bo'lishlari, ularga qo'ldan kelgancha yordam qo'lini cho'zish uchun shu jamiyatni tuzishga qaror qildik. Hozirgi paytda qo'ldan kelgancha yurtdoshlarimizga yordam beryapmiz. Endi kelganlar hujjatlarni qayerga topshirishlari va nimalar qilishlari kerakligi borasida savollar berishadi. Unga javob beramiz. Ish, uy-joy masalasida qo'ldan kelgancha yordam berishga harakat qilib kelyapmiz”, - deydi “Yurtdosh” jamiyati rahbari Sharofiddin Ziyamov.
Filadelfiya, xususan, yuk mashinasi haydovchi vatandoshlarni o’ziga jalb qiladi. Shaharda uy-joy arzon, kelib-ketish ham qulay. Daler Hamidovga u Samarqandni eslatadi.
“AQShning Pensilvaniya shtati Filadelfiya shahri eng tarixiy shaharlaridan biri bo'lib, bu yerda 10 yildan buyon istiqomat qilaman. Sababi Filadelfiya ham o'zimizning O'zbekistonning Samarqand shahriga o'xshash, bir xil tarixga ega. Bu shahar ham bir vaqtlar AQShning poytaxti bo'lgan, Samarqand O'zbekistonning poytaxti bo'lganidek. AQSh konstitutsiyasi shu shaharda qabul qilingan. Sayyohlik shahri. O'tgan yil 36 million sayyohlar tashrif buyurgan. Qolaversa, Filadelfiya bizning Samarqanddek 39-kenglikda joylashgan bo'lib, ob-havomiz ham bir xil. Asosan bizning shaharda istiqomat qiluvchi vatandoshlar ziyolilar”, - deydi u.
O'zbekistonliklar yuritadigan bizneslar xilma-xil - ovqatlanish shoxobchalari, pitsaxonalar, “Samarkand”, “Uzbekistan”, “Suzane”, “Suzane Palace”, “Vostok”, “Ali Baba” kabi restoranlar shular jumlasidan. Sartaroshxonalar, bolalar bog'chasi, 10 tadan 100 tagacha yuk mashinalari bor katta-katta transport kompaniyalarini ham o’zbekistonliklar yuritadi.
“Filadelfiyadagi vatandoshlar O'zbekistonning turli burchaklaridan, o'zbekzabon, tojikzabon va albatta rusiyzabonlari ham bor”, - deydi suhbatdoshimiz.
“Hamma millatdagi vatandoshlarimiz vakillari Filadelfiyada istiqomat qilishadi. Bizning hisob-kitoblarimizga ko'ra, jami 15 mingga yaqin vatandoshlarimiz Filadelfiyada istiqomat qiladilar”, - deydi Daler Hamidov.
Haftasiga ikki soat FM to'lqinida efirga chiqadigan “Sarbon” radio dasturi - “Katta Filadelfiya o'zbekistonliklari hamjamiyati” rahbari Bahodir Qudratovning loyihasidir. Maqsadi vatandoshlari o'z ovoziga ega bo'lsin.
“Hozir qilayotgan ishimiz – bizlar shu yerda bor, bizlar yo'qolib ketganimiz yo'q, bizlar tilimizni, dinimizni, e'tiqodimizni, madaniyatimizni targ'ib qilyapmiz”, - deydi Bahodir Qudratov.
Bahodir Qudratov ijtimoiy tarmoqda, shuningdek, “Amerikastan” sahifasini yuritadi. Mundarija - vatandoshlar va AQShdagi hayot tartibi. Hamjamiyat 2005-yilda faoliyat boshlagan. Bugunga kelib bosh maqsadiga erishgan, vatandoshlarni bir joyga to'plagan.
Qudratovga ko'ra, bunga qozon osib osh damlash va konsertlar o'tkazibgina erishilyapti. Bu yerdagi o'zbekistonliklarni bir joyga yig'a oladigan oshxo'rlikdanda yaxshiroq loyiha topilmagach, tashkilot 2018-yilning yozida osh sayliga asos solgan - 600 kishidan ortiq vatandoshni uchrashtirgan “Philly plovmania” festivali. Oshxo'rlar festivali yaxshi, ammo jamiyat o'smoqchi. Buning imkoni borligini esa boshqa tadbir isbotladi.
O'zbekiston konsulligi bilan 2018-yil yakunida o'tkazilgan “Meet your diplomat” uchrashuvi vatandoshlarni jiddiy masalalar ham qiziqtirishini ko'rsatdi.
“Nimaga Qrim bo'yicha O'zbekiston Rossiya tomonga o'tib ketdi? Bu kelajakda O'zbekiston mustaqilligiga tahdid solmaydimi?” - deya so'raydi o'zbekistonlik Aziz.
Diplomatlar bilan uchrashuv vatandoshlarga o'z dardlarini va dildagi gaplarini to'kib sochishga imkon berdi.
Qolgan kunlar ular ish va turmush tashvishlaridan ortishmaydi. Har zamonda to'y va ma’rakalarda, vatandoshlar ochgan taomxonalarda yig'ilib turadilar, xolos. Bunday joylar esa bu tomonlarda bisyor. Yaqinda “Registan” nomli yangi restoran ochildi.
Demak, oshxo'rligu-o'yin kulgiga asoslangan loyihalar davom etadi. Hademay Navro'z kirib keladi.