Tramp, Kim muzokarasi natijasiz tugadi

  • Amerika Ovozi

Xanoy, 28-fevral, 2019

Vyetnam poytaxti Xanoyda AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlari yuzma-yuz muzokaralar olib bordi. Kecha norasmiy ravishda muloqot qilgan Donald Tramp va Kim Chen Un bugun "o'ta muhim kelishuv" sari harakat qilayotganini bildirgan edi. Biroq muzokara to'satdan va saramasiz yakunlandi. Sanksiyalar joyida qoladi. Oq uy buni tasdiqlamoqda.

Vashington Pxenyanda vakolatxona ochish ehtimoli bor degan taxminlar yangrar ekan, Janubiy Koreya Amerika Shimoliy Koreyani yadroviy qurollardan voz kechishga ko'ndiradi deya umidga to'ldi. Seulning ezgu maqsadi, deydi bu mamlakat rahbariyati, qo'shni davlat bilan tinchlikda yashash.

Diplomatlar muloqotni qizg'in deb atasa, rahbarlar kelishuvga moyil ekanini aytishdi.

"Aks holda kelmas edim", - dedi Kim Chen Un.

Muzokaraga kirib ketayotgan Tramp "qator ajoyib g'oya va takliflari" borligini aytib, "do'stim Kim bilan til topishish umididaman", dedi.

Lekin, Tramp fikricha, tomonlar qaror qilishga shoshmagani ham yaxshi, chunki gap dunyo tinchligi va eng muhimi, ikki davlat manfaatlari xususida ketmoqda.

"Ba'zida muzokaralar ish bermaydi, bu shunday narsa", - dedi Tramp.

Xanoy, 28-fevral, 2019

Amerika prezidenti deydiki, Kim uzoqni o'ylab qadam tashlashi kerak. Uning oldida ikki yo'l, deydi Tramp: biri yadroviy qurollanishda davom etib, yakkalangan holda yashash, qashshoqlik; ikkinchi yo'l esa Amerika bilan kelishgan davlat sifatida nufuzga ega bo'lib, murosa mevasidan foyda ko'rish, ya'ni iqtisodiy rivojlana olish, farovonlik.

Kim nazarida esa butun dunyo bu muzokaralarni tomosha qilar ekan, ayrimlar o'zini fantastik kino ko'rayotgandek his qilishi mumkin. Chunki, deydi u, AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlari shunday yaqin muloqotda bo'lishi mumkinligini deyarli hech kim tasavvur qila olmagan.

O'tmishdagi diplomatik urinishlar va muzokaralardan yaxshi xabardor ekspertlar ham Xanoydagi muzokaradan real natijalar kutmayapti.

Yadroviy qurollardan voz kechadimi yoki yo'q, buni Kim bu yerda aytmaydi, deydi tahlilchilar. Lekin har ikki rahbar e'tiborni o'z xalqi orasidagi nufuzini oshirish uchun qo'llaydi.

Tramp Kim bilan uchrashuvlarini tashqi siyosatdagi tarixiy burilish deya maqtasa, Shimoliy Koreya rahbari dunyodagi eng qudratli davlat prezidenti u bilan kelishishga harakat qilayotganini global ta'sir, deya tasvirlaydi.

AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlari ikkinchi bor uchrashdi