Iqtisodiy tahlilchilar 2019-yilning fevrali O'zbekiston moliyaviy tarixi uchun muhim oy bo'lganini e'tirof etmoqda. Sababi O'zbekiston 13-fevral jahondagi nufuzli va boy tarixga ega moliya bozori sanaladigan London birjasida ilk marta yevrobondlarni savdoga chiqardi. “Amerika Ovozi” yevrobondlarning O'zbekiston iqtisodiyoti, siyosiy va moliyaviy istiqboliga, qolaversa, bank tizimiga ta'siri borasida Farhod Inogambaev bilan suhbatlashdi. Inogambayev asli o'zbekistonlik, hozirda Amerikadagi nufuzli “Oppenheimer” sarmoya bankida rivojlanayotgan mamlakatlar bo'yicha ijrochi direktor.
Dunyo moliya markazi. Quyi Manhetten. Nyu-yorkliklar bu joyni FD, ya'ni “Finans District” deb ataydi. Ushbu joyning turlicha nomi bor. Ammo bu yer jahonga “Wall Street” sifatida tanish. Nyu-York fond birjasiga go'zal manzara, albatta, Federal Xol (Federal Hall) ayvonidan ochiladi. Sayyohlar-u jurnalistlar bu yerga birjaning ko'rkam va bahaybat binosini suratga olishga keladi. Bino ichida va umuman jahon moliya markaziga aylangan “Wall Street” tevaragida aql bovar qilmaydigan darajada sarmoyalar aylanadi.
Manxettendagi ilk koloniyachi xalq - gollandlar qariyb 400 yil oldin shu ko'cha bo'ylab katta yog'och to'siqlar o'rnatganlar. Maqsadlari o'z mavzelari – Nyu-Amsterdamni atrofdagi hindu qabilalar va raqobatchi britaniyaliklarning hamlalaridan asrash bo'lgan. Mazkur to'siq-devor Manxettenning sharqiy qirg'og'idan g'arbiy qismigacha o'rnatilgan.
Koloniyani keyinchalik britaniyaliklar zabt etadi va shaharga Nyu-York deb nom beradi. Devorni buzib tashlashadi. Ammo ko'chaning nomi saqlanib qolgan.
“Wall Street”ning eng qaynoq nuqtasi, albatta, bu Nyu-York fond birjasi. Aynan shu yerda ulkan moliya imperiyalari vujudga keladi va yo'qlik qariga qulaydi.
Birja tarixi 18-asrda shu atrofdagi chinor tagida shartnoma bitimlarini imzolashdan boshlangan. Ushbu binolar keyinchalik vujudga kelgan. Oradan ikki asr o'tib mazkur imorat jahondagi eng yirik birjaga aylandi.
Bu birjada aksiyalari sotilishini ko'plab kompaniyalar orzu qilishadi. Bu yerda ishlaydigan bank-moliya mutaxassislari fikri ham ko'pchilik uchun qadrli.
Nyu-Yorkdagi “Oppenheimer” sarmoya banki Nyu-York fond birjasiga tutash ko'chada joylashgan. Suhbatdoshimiz Farhod Inogambaev yevrobondlar va ularning O'zbekiston iqtisodiyoti, siyosiy va moliyaviy istiqboliga, qolaversa, bank tizimiga ta'siri haqida so'zlab berdi.
Bondlar - daromadi qat'iy belgilangan moliyaviy instrument
“Bondlar, xususan yevrobondlar – obligatsiyalar qarz instrumenti hisoblanadi. Ular daromadi qat'iy belgilangan moliyaviy instrumentlardan biri. Bondlar mamlakatlar yoki korporatsiyalar tarafidan chiqarilgan qimmatbaho qog'ozlar, ammo aksiya emas. Bondlarning 5,10, 30, hatto 100 yilliklari bo'ladi. Ular olinganidan so'ng muddati tugagach, sarmoyador ushbu instrumentlarni chiqargan tashkilot yoki hukumatga qaytarib beradi, lekin shu bilan birga sarmoyani kiritgan muddati davomida qat'iy belgilangan daromadni olib turadi. Kupon stavkasi hisobidan sarmoyador foyda ko'radi. Kredit olgan tashkilot olgan muddati davomida uni olgan majburiyatlariga tayangan holda o'z loyihalarini amalga oshirishga sarflaydi", - deydi Inogambaev.
O'zbekistonning yevrobond chiqarishi - bu inqilobiy jarayon
"O'zbekiston uchun yevrobond chiqarish bu, mening fikrimcha, inqilobiy jarayon. Oldinga tashlangan katta va muhim qadam. Yevrobond hozirgi O'zbekiston iqtisodiyoti, mamlakatda olib borilayotgan islohotlariga investorlar tarafidan sinov bo'ldi. Bu testdan O'zbekiston o'tdi desa bo'ladi. Bu birinchi qadam edi. Chunki O'zbekiston suveren yevrobond chiqarish orqali o'ziga “bench-mark” (qiyoslov standarti, indeks) yaratdi. U ichki bozor, mamlakat ichki iqtisodiyoti uchun o'ta muhim. O'zbekistonga kelajakda to'g'ridan to'g'ri sarmoya kirib kelishi uchun ham muhim qadam. Bondning yotqizilishi jarayonida bo'lib o'tgan taqdimotlar jarayonida, asosan, Amerika, Yevropa hamda ba'zi Osiyo mamlakatlaridagi institutsional sarmoyadorlar ham qatnashdi va O'zbekistonga ishonch bildirdi. Bu jarayonda O'zbekiston nafaqat sarmoyadorlarni ishontirish uchun bu qadamlarni qo'ydi, u mamlakatning o'z moliyaviy dissiplinasi uchun ham juda muhim. Ayniqsa, hukumat uchun. Endi O'zbekiston dunyoga ko'proq ochildi. O'zbekistonni endi tahlilchilar, moliyaviy tahlilchilar, reyting agentliklari, qolaversa, dunyoning moliyaviy sistemasi yanada yaqinroqdan, yanada chuqurroq kuzatadilar. O'zbekistonga bordi-keldi yanada ko'payadi", - deydi Inogambaev.
Yevrobond va uning bahosi
"Kupon stavkasi inobatga olinsa, mening nazarimda, O'zbekiston ikkita yarim milliardlik, jami bir milliard dollar miqdoridagi 5 va 10 yillik ikkita transhda chiqargan bondi qimmat narxda chiqarildi, deb o'ylamayman. O'zbekistonga uchta agentliklar, Moody's, Fitch va S&P tomonidan berilgan reytinglar “BB-” darajasida bo'ldi. To'g'ri, bu “Investment grade” emas, lekin O'zbekiston Turkiya, Braziliya va Rossiya kabi mamlakatlar bilan barobar reytingda.
Bondlarning davlatga qimmat yoki arzonga tushishiga kelsak, O'zbekiston to'laydigan stavkasi Braziliyanikiga teng desak adashmaymiz. Lekin Turkiyaga yoki Gruziyaga qarasak, Turkiya 10 yillik yevrobondlar uchun 7 % to'laydi, O'zbekiston esa 5.75 %. Oradagi 1.25% farq e'tiborga olinsa, O'zbekiston Turkiyaga qaraganda bondlarni ancha qulay stavkada chiqardi. Shuning uchun ham men yevrobondlar O'zbekistonga qimmatga tushadi deb o'ylamayman", - deydi Inogambaev.
Yangi professionallar ishtiroki
"Yevrobondni joylashtirish jarayonini professionallarsiz qilib bo'lmasdi. Hamma O'zbekistonga oldindan kredit beryapti, ya'ni O'zbekiston hozirgi birinchi qadamlarda, sarmoyadorlar, bond egalari, qarz beruvchilar tomonidan pozitiv qabul qilingan. Bular O'zbekiston tarafidan, Moliya vazirligidagi professionallar tomonidan ishlar a'lo darajada o'tkazilganining isbotidir", - deydi suhbatdosh.
Xalq uchun, O'zbekistonning ichki bozori, iqtisodiyoti uchun bu yevrobondlar nima beradi?
"Albatta, bir milliard O'zbekistonga kelib tushdi, bu pullar Markaziy bankda bekor turmaydi. Uni O'zbekiston moliya vazirligi byudjet talablaridan kelib chiqqan holda muhim sohalar rivojiga yo'naltiradi", - deydi Inogambaev.
Tashqi qarzga ehtiyoj bormidi?
"Bizning kuzatuvimiz bo'yicha, O'zbekistonning makroko'rsatkichlari, fundamental ko'rsatkichlari mintaqadagi boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha yaxshiroq. Davlatning tashqi qarzi YIMga nisbatan ancha past. Bilishimcha, mamlakatning “rezerv yostiqchasi” ham yuqori darajada bo'lgan. Adashmasam, 30 milliard atrofida rezervlari bo'lgan. Shuning uchun tashqi qarzga katta muhtojlik bo'lmagan. Lekin O'zbekiston hukumati bu qadamni nimaga qo'ygan? Men ularning bu qaroriga mutlaqo qo'shilaman, chunki bu asosan O'zbekistonning korporativ sektoriga, xususiy sektoriga “benchmark” yaratadi. Shuning uchun ham boshqa mamlakatlar kabi bir necha milliardlab qarz olinmadi. Bu O'zbekiston uchun sinov bo'ldi. Tashqi dunyo moliyaviy sistemasi bilan yanada chuqurroq integratsiyalashuv yo'lida “bench-mark” yaratildi. “Benchmark” nima?
O'zbekiston hukumati 5,75 foizlik bondni 10 yilga chiqargan bo'lsa, endi olaylik, O'zbekiston ichidagi biror bank yoki yirik korxona, korporatsiya o'zi ham bemalol bozorga chiqa oladi. Chunki O'zbekistonning indeksi, bench-markasi yaratildi. Yirik o'zbek korporatsiyalari endi London, Nyu-Yorkda “Road show” o'tkazsa, O'zbekiston qanaqa ekan, bu qaysi korxona ekan deb ko'p o'ylab o'tirishmaydi. Yana bir muhim tarafi endi korxonalarning bondlari ortidan aksiyalari ham chiqariladi. Yevrobond sarmoyadorlar orasida ishonchni yaratadi, keyinchalik mamlakat korxonalari Nyu-York, London fond birjalariga o'z aksiyalarini chiqarishlari (IPO) ancha osonlashadi", - deydi Inogambaev.
Domino effekti yoki nega endi ortga yo'l yo'q?
"O'zbekiston bank tizimini yanada isloh qilisi lozim. Aholi, bank mijozlari uchun o'z pullarini istalgan vaqtda olish va ishlatishlari imkoniyati yaratib qo'yilishi kerak.
Yevrobondning chiqishi O'zbekistonning ilgari sir saqlangan, e'lon qilinmagan butun ichki fiskal kitoblarini investorlarga, ya'ni keng ommaga, dunyo moliyaviy sistemasiga ochib berdi. Endi orqaga yurishga yo'l yo'q. Ochildimi, bundan buyog'iga yanada ochilib ketadi. Bundan tashqari, investorlar O'zbekistonga yanada ko'proq sarmoya kiritaman der ekan, ko'proq shaffoflik talab etiladi, ochiqlik talab etiladi. Bu “domino effekti”dek asta-sekin bank sohasiga ham o'z ta'sirini o'tkazadi. Biror bank o'z bondini chiqarishni istadimi, moliya tahlilchilari, investorlar tomonidan asl islohotlar o'tkazilishi taklif yoki talab qilinadi", - deydi Inogambaev.