O’z boyliklarining davlatga qaytarilishiga faol to’sqinlik qilgan Gulnora Karimova jazo muddatining qolgan qismini o'tash uchun uy qamog'idan umumiy tartibdagi koloniyaga jo'natilgan. O’zbekiston 2 milliard dollardan oshiq mablag’ni o’marishda ayblangan Gulnora Karimovaga tegishli boyliklarini mamlakatga qaytarmoqchi.
Your browser doesn’t support HTML5
6-mart kuni O’zbekiston Bosh prokuraturasi nima sababdan Gulnora Karimova qamoqxonaga ko’chirilgani izohlangan bayonot bilan chiqdi. Bosh prokuratura Karimova umumiy tartibdagi qamoqxonaga qaytarilganini shartli jazo o’tash talablari buzilganligi bilan izohlamoqda.
Bayonotga ko’ra, 2017-yilda Gulnora Karimovaga belgilangan 10 yillik qamoq jazosining 2018-yilga kelib 5 yilga o’zgartirilishi va jazo o’tash shartli belgilanishi mahkumning davlatga yetkazilgan zararni qoplash, jinoiy yo’l bilan orttirilgan pul mablag’larini qaytarishni o’z zimmasiga olgani bilan bog’liq edi.
Karimovaning qamoqxonaga qaytarilishi o’marilgan mablag’ni ixtiyoriy qaytarish bo’yicha kelishuv buzilganida, Gulnora o’z boyliklarini hukumatga qaytarishdan bosh tortayotganida ko’rilmoqda.
Bosh prokuraturaning bu boradagi axborotida ta’kidlanishicha, Gulnora Karimova jinoiy ish davomida aniqlangan davlatga yetkazilgan zararni qoplashga faol to’sqinlik qilgan. U shartli jazo o’tash tartibini buzgan, jazo o’talayotgan manzil, qizi Imon Karimovaga tegishli uyni ruxsatsiz tark etgan, taqiqqa qaramasdan axborot vositalari, internetdan foydalangan.
Bosh prokuratura Gulnora Karimova jazoni qaysi umumiy tartibdagi koloniyada o’tashiga, jinoiy yo’l bilan topilgan mablag’lar qaytarilishiga qay tartibda qarshilik qilganiga aniqlik kiritmagan.
Gap Gulnora Karimovaga tegishli xorijdagi mablag’lar haqida borayotgani haqiqatga yaqin. Bosh prokuratura davlatga qaytarilishi ko’zda tutilgan Karimovaga tegishli xorijdagi mol-mulk va mablag’lar ro’yxatini avval e’lon qilgan edi.
Karimova bilan bog’liq mojaro yuzasidan mustaqil surishtiruv o’tkazib kelayotgan yozuvchi Safar Bekjonning aytishicha, hukumat bilan kelishuv yo’qqa chiqqan, Gulnora xorijdagi boyliklarni O’zbekistonga qaytarish niyatida emas.
“Men buni avval ham aytgan edim, Gulnora Karimova hukumat bilan kelishuvga borgani haqida. Prokuratura Gulnora pullarni qaytarmasligini endi tushunib yetdi. Karimova butun takliflarni rad etgan, qaytanga o'g’li orqali ayrim mablag’larni muzlatgan, ayrim uylarini sotuvga ham chiqargan, ya’ni O’zbekiston hisobiga emas, balki o’g’lining yoki qizining hisobiga sotishga harakat qilgan. Prokuratura buni bilib qolishi ortidan u yana qayta jazolanmoqda”, - deydi Safar Bekjon.
Xorijda Gulnora Karimovaga tegishli ko’rilgan mablag’lar, hisob raqamlarining aksariyati muzlatilgan, O’zbekiston hukumati bu mablag’larni ortga qaytarish yuzasidan muzokaralar o’tkazmoqda, biroq hozircha biror natijaga erishilmagan.
Gulnora Karimovaga nisbatan dastlab belgilangan 10 yillik qamoq jazosining 5 yilga tushirilishi, shartli qamoqqa o’zgartirilishi hukumat Karimova o’z mablag’larini ixtiyoriy ravishda qaytarishiga umid qilganidan darak beradi. Ammo so’nggi yangilik hukumatdagi umidlar puchga chiqqani, Karimova o’z boyligini davlatga topshirish qaroridan yiroqligini ko’rsatmoqda. Muzlatilgan bu mablag’larga da’vogarlar esa faqat O’zbekiston hukumatidan iborat emas.
Safar Bekjonga ko’ra, hukumat Gulnora Karimovaning o’zi orqali xorijdagi mablag’larni imkon qadar tezroq qaytarishga umid qilayotgan edi.
“Chunki Gulnora Karimovaning imzosi bo’lmasa, uning mulklarini sotib bo’lmaydi, unga tegishli ko’rilayotgan mulklar bo’yicha hali sudning musodara haqidagi hukmi yo’q. Masalan, Shveysariyadagi uyi yuzasidan sud qarori yo’q ekan, uni hech kim sotmaydi, sotib pulini O’zbekistonga qaytarib bera olmaydi. Uning hisob raqamlari ham faqatgina naqd pul hisobida emas, balki boyliklar, oltin, javohirlar, qimmatbaho toshlar hisobida, ayrim bank qutilarida nimalar borligi banklarning o’ziga ham ma’lum emas, ularga Gulnora Karimovaning shaxsiy ishtiroki lozim edi”, - deydi Safar Bekjon.
Gulnora Karimova uy qamog’idan umumiy tartibdagi koloniyaga o’tkazilgani uning qizi Imon Karimova 5-mart kuni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan axboroti ortidan ma’lum bo’ldi.