AQShning Yevropadagi qo'shinlari qo'mondonining aytishicha, o'sib borayotgan Rossiya agressiyasini to'sish uchun AQShga ko'proq qurol-aslaha va diqqat-e'tibor zarur.
Yevropa qo'mondonligi rahbari general Kurtis Skaparotti bu haqda Senatda o'tgan tinglovda aytdi. Unga ko'ra, AQSh Yevropaga doimiy va yangilanib turadigan shaklda ko'proq askar joylashtirishi kerak.
Skaparotti, ayniqsa, razvedka va kuzatish saloyihati qisqarib borayotgani hamda dengizdagi ustunlik boy berilayotgani haqida xavotir bildirgan.
Unga ko'ra, Rossiya dengiz flotini zamonaviylashtirmoqda va suvosti kemalari soni oshgan.
Rossiya ta'sirini kesish
Ayni paytda NATOga ham qo'mondonlik qiluvchi Skaparotti Rossiyaning agressiv ta'sir doirasi oshib borayotgani haqida ogohlantirayotgan yagona AQSh harbiysi emas.
O'tgan oy AQSh armiyasining Mudofaa razvedkasi idorasi Rossiyaning fazoda solayotgan tahdidi haqida hisobot chiqardi. Afrikadagi AQSh kuchlari qo'mondoni ham mintaqada AQSh ta'siri zaiflashayotgani haqida ogohlantirdi. Moskva uchun eng muhim hudud bu Yevropa, dedi Skaparotti.
"Moskva NATO birligiga va qoidalar asosida ishlovchi xalqaro tartibga putur yetkazib, atrofidagi mamlakatlarga ta'sirini yoyishga urinmoqda", - dedi u.
AQSh generalining senatorlarga aytishicha, AQSh harbiylari Rossiya agressiyasini to'sish uchun Polsha, Ruminiya, Bolgariya va Boltiqbo'yi davlatlari bilan yaqindan ishlamoqda.
Ukraina uchun AQSh yordami
Rossiya 2014-yil Ukrainaga hujum qilib, Qrimni bosib olgandan beri AQSh Kiyevga bir milliard dollardan ortiq harbiy yordam ko'rsatdi. Ularning aksariyati o'limga olib bormaydigan aslahalar uchun.
AQSh Prezidenti Donald Tramp va Kongress ruxsati bilan 2018-yil aprel oyidan beri raketalar ham yetkazib berila boshlandi.
Skaparottining aytishicha, endi snayper tizimlari, o'q-dori va hatto dengiz harbiy qurollari ham yetkazib berilishi mumkin.
Dezinformatsiya, kiber xuruj va qurol poygasi
General fikricha, eng katta tahdid Kremlning axborot urushidan kelmoqda. Bu borada Vashington yetarli javob bera olmayapti, dedi u.
"Rossiya yo'lini to'sish uchun ko'p tomonlama strategiya yaratishga ko'proq e'tibor va energiya safarbar qilishimiz kerak. Ayniqsa, axborot amaliyotlari va kiber maydondagi dezinformatsiyaga qarshi", - dedi Skaparotti.
Prezident Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putin yadro quroli bo'yicha kelishuvdan chiqishini e'lon qilishi ortidan mamlakatlar o'rtasida yadro quroli poygasi boshlanishi mumkinligi haqida xavotirlar bor.
AQSh va uning Yevropadagi ittifoqchilari Moskvani kelishuv shartlarini buzishda ayblaydi.
"Qurol nazorati kelishuvining bu tarzda buzilishiga toqat qila olmaymiz. Biz hanuz olti oylik muddat ichidamiz va oldimizda qanday yo'llar borligini ko'rib chiqyapmiz", - deydi Skaparotti.