Din

Hijob masalasi O'zbekiston Oliy sudida ko'rilishi mumkin

Hijob o'ragan musulmon ayollar

O'zbekiston oliy o’quv yurtlarida hijob o'rashga qo'yilgan taqiq taqdirini endi Oliy sud ko'rib chiqishi mumkin. Toshkent shahar sudi ro’mol uchun Xalqaro islom akademiyasidan haydalgan o’quvchi qiz da’vosini asossiz deb topgan, quyi sud ajrimi o’z kuchida qoldirilgan. Da’vogarlar masalani Oliy sudgacha olib chiqish, natijasiz bo’lgan taqdirda, xalqaro tashkilotlarga murojaat qilish qarorida. Hijob masalasi taqiqdan, ashaddiy munozaralardan huquqiy maqomga ko’chgani kuzatilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekistonda hijob bo'yicha kurash davom etadi

O’zbekiston maktablarida yagona maktab formasi tasdiqlanishi va bu bilan musulmon qizlarning ro'mol o'rashi taqiqlanishi jamoatchilikda kuchli munozaralar boshlab bergan edi. Buning ortidan ba'zi blogerlar hibsga olindi, ayrim dindorlar prezidentga ochiq murojaati bilan chiqdi. Endi esa masala sud orqali ko'rib chiqilmoqda.

Ma’muriy ishlar bo’yicha Toshkent shahar sudi Xalqaro islom akademiyasi litseyi ustidan berilgan da’vo arizasini shikoyat tartibida ko’rib chiqqan, sud quyi mahkama chiqargan ajrimni, ta’lim maskanida ro’molga qo’yilgan taqiqni o’z kuchida qoldirgan. Mahkama qarori ta’limga doir litseydagi ichki tartib bilan asoslangan.

Shikoyatchilar kurashni davom ettirmoqchi. Mahkama yuzasidan so’nggi ajrimni Oliy sud chiqarishi kutilmoqda.

Huquq himoyachilariga ko’ra, ro’mol taqiqini bekor qilishga jazm qilayotgan da’vogarlar soni ham orta boshlagan.

Hozircha hijob mojarosiga aloqador ikki holat mahkamada, ikkisi ham Xalqaro islom akademiyasi bilan bog’liq. Har ikki ishda ham Abduvohid Yoqubov advokatlik qilmoqda.

Brinchi holatda u ro’mol yechmagani uchun litseyga kiritilmagan qizi huquqini himoya qilayotgan bo’lsa, ikkinchi holatda xuddi shunday sabab bois o’qishdan haydalgan islom akademiyasi talabasi Luiza Mo’minjonova huquqlari uchun kurashmoqda.

Advokat ro’molga qo’yilgan taqiqda Vazirlar mahkamasi qoshidagi Diniy ishlar qo’mitasini, Oliy va o’rta ta’lim vazirligini, O’zbekiston musulmonlar idorasini, Xalqaro islom akademiyasi, akademiya qoshidagi litseyni javobgar tomon sifatida belgilagan.

Ma’muriy ishlar bo'yicha Toshkent shahar sudi avvlgi qarorni o’z kuchida qoldirar ekan, advokat Oliy sudga shikoyat kiritishini ta’kidlagan.

Toshkentdagi mahkamani huquq himoyachilari ham kuzatib bormoqda. Huquq himoyachisi Surat Ikromovga ko’ra, ro’mol mojarosi bilan bog’liq mahkamalar davom etadi, da’vogarlarning asosiy umidi Oliy suddan.

“Islom akademiyasidagi yana bir holatni o’rganyapman, yaqin kunlarda buning tafsilotlarini ochiqlaymiz. Islom akademiyasi ham, litsey ham bir binoda; litseyda ham, akademiyadagi darslarda ham o’quvchilarning ro’molda qatnashiga taqiq qo’yilgan. Bu jarayonga qiziqish juda kuchli, shahar sudining qaroridan so’ng da’vogarlar masalani Oliy sud xolis ko’rib chiqishiga umid qilib turishibdi”, - deydi Surat Ikromov.

Mahkamaga kiritgan da’volari qoniqtirilmagan talaba Luiza Mo’minjonova ham ro’molga qo’yilgan taqiqni bekor qilish uchun Oliy sudga, lozim bo’lsa, xalqaro tashkilotlarga murojaat qilishini aytadi.

Mo'minjonovaning aytishica, u aynan e’tiqodiga ko’rsatilgan to’sqinlik bois o’qishdan haydalgan.

“Ro’mol tufayli o’qishdan haydalganim uchun o’z huquqlarimni talab qilyapman, meni dars qoldirgan deb o’qishdan haydashdi, lekin bunga ularning o’zlari sabab, ro’mol bilan akademiyaga kiritilmadim. Shuning uchun ham akademiyadagi ichki tartib qonunga qanchalik mosligi ko’rib chiqilishi kerak. Akademiyaga katta umidlar bilan kirgan edik, ammo ro’molini yechishni istamagan qizlar tazyiqqa olindi, bosim ostida qoldi”, - deydi Islom akademiyasini sudga bergan Luiza Mo’minjonova.

O’zbekistonda hijob masalasi hamisha o’ta munozarali bo’lib kelgan, ammo hozirgacha hijobni taqiqlovchi biror huquqiy asos mavjud emas edi.

Vazirlar mahkamasi tomonidan o’tgan yil qabul qilingan yagona maktab formasiga doir qaror aynan shu taqiqqa asos sifatida ko’rilmoqda.

Qaror ko'ra, o’quvchilarning ta’lim maskanlarida diniy liboslarda yurishi taqiqlanadi, shuningdek, darslarda bosh kiyimsiz qatnashish ham majburiy qilib belgilangan.

Hijob himoyasiga chiqayotganlar islomda balog'at yoshidagi qizlarning bosh kiyimsiz yurishi taqiqlanganini, yagona maktab formasi islom talablariga zid kelishini asos qilib keltirmoqda.

Ro’molni taqiqlagan akademiya vakillari O’zbekiston dunyoviy davlat bo'lib, ta’lim jarayonida diniy liboslar taqiqlanishiga doir qoida barchaga birdek tegishli ekanligini aytmoqda.