Nursulton Nazarboyev prezidentlik vakolatini topshirdi. Bu haqdagi farmonni Prezident Nazarboyevning o’zi 19-mart kuni televideniye orqali ko’rsatilgan jonli namoyishda imzoladi.
Farmonga muvofiq Nazarboyev o’z prezidentlik vakolatini muddatidan avval topshirishi mumkinligi ko’rsatilgan konstitutsiyaviy huquqdan foydalangan. Qonunchilikka ko’ra, bunday sharoitda prezidentlik vazifasini bajarish Senat raisiga o'tadi. Bu lavozimda esa ayni damda Qosimjo’mart Tokayev o'tiribdi.
Nazarboyev o’z vakolatlarini topshirish qarorini mamlakatni 30 yildan buyon boshqarayotgani va siyosatga yangi avlod kirib kelayotgani bilan izohladi.
Nazarboyevning iste’fosi hokimiyatdan mutlaqo chetlatilishini anglatmaydi. U Xavfsizlik kengashiga rais, shuningdek hukumatdagi “Nur-otan” partiyasiga raislik maqomini saqlab qoladi.
Qozog’istonga 1990-yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgan Nursulton Nazarboyev postsovet hududidagi eng keksa lider edi.
79 yoshni qarshilayotgan Nazarboyevning iste’fosi Qozog’istonda hokimiyat vorisligiga doir bahs munozaralarni yanadad kuchaytirsa ajabmas.
So’nggi paytgacha Qozog’istonda kutilayotgan prezidentlik saylovlarida Nazarboyev ishtirok etish-etmasligi savol ostida qolayotgan edi.
Qonunchilikka ko’ra, birinchi prezident elboshi maqomida cheksiz ravishda o’z nomzodini prezidentlikka qo'yish vakolatiga ega.
Qozog’istonda navbatdagi prezidentlik saylovlari 2020- yilda o’tishi belgilangan. Nazarboyev iste’fosi ortidan bu saylovlarda nomzodi ko’rsatilishi kutilayotgan siyosiy voris nomi aniqlanishi kutilmoqda.
Nazarboyev prezident sifatida imzolagan so’nggi farmonga ko’ra, 20-martdan sanasidan u o’z vakolatlarini topshiradi. Senat raisi Qosimjo’mart Tokayev qasamyod qabul qilishi ortidan prezidentlik lavozimini bajarishga kirishadi.
Tokayev uzoq yillar Qozog’iston tashqi ishlar vaziri sifatida, so’ng bosh vazir o’rinbosari va bosh vazir lavozimlarida ishlagan.