Ukrainada saylov: navbatdagi prezident kim bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Ukraina yangi prezident saylash arafasida. 31-mart kuni saylovning birinchi bosqichi bo'lib o'tadi. Eng ko'p ovoz olgan ikki raqib ikkinchi bosqichda yana bellashadi. Asosiy da'vogarlar - amaldagi Prezident Petro Poroshenko, taniqli siyosatchi Yuliya Timoshenko va kutilmaganda so'rovlarda yetakchilik qilayotgan qiziqchi Volodimir Zelenskiy.

Kiyevning Mustaqillik maydoni bugun bo'sh. Meduzalar muzeyining oldi 2014-yilgi inqilob qurbonlariga atalgan yodgorliklar bilan to'la. Mamlakatda hayot odatdagidek davom etmoqda. Siyosatchi?

Bir qator nomzodlar prezident bo'lish harakatida. Amaldagi davlat rahbari Petro Poroshenko G'arbga yaqinlashish va korrupsiyani yo'qotish bo'yicha islohotlarga yetakchilik qilayotganini aytadi. Tarafdorlari uning siyosati davom etishini istaydi.

"Davlatlardagi o'zgarish odamlar va ular munosabatidagi o'zgarish bilan bog'liq. Jarayon doim sekin. Agar tez harakat qilsangiz, uni buzib qo'yasiz. Shu bois radikalizm tabiiy evolyutsiyadan ko'ra ko'proq zarar yetkazadi", - deydi tadqiqotchi Aleksandr Pasxaver.

Harbiy qurol-aslaha olish paytidagi korrupsiya mashmashasi Poroshenko nomiga dog' tushirmoqda.

So'rovlarda esa qiziqchi Volodimir Zelenskiy yetakchilik qilmoqda. Yosh faollar ijtimoiy tarmoqlarda 24 soat uni qo'llab-quvvatlash bilan band.

"Siyosiy elitaga ishonchsizlik bois Ukraina xalqi ularni jazoladi. Bu jazoning nomi - Zelenskiy", - deydi Zelenskiy saylov kampaniyasi so'zlovchisi Dmitro Razumkov.

Zelenskiy "Xalq xizmatkori" nomli teleserialda tasodif bilan prezident bo'lib qolgan oddiy ukrainalik rolini o'ynagan. Bu ijro endi haqiqiy hayotga ko'chyaptimi?

Ba'zilarda shubha bor. Serialni efirga berayotgan xususiy telekanalning millliarder egasi Igor Kolomoyskiy Ukrainaning Privat banki bilan aloqador firibgarlikda ayblanmoqda. Zelenskiy uning qo'g'irchog'i degan qarashlar ham bor. Nomzodning jamoasi bu da'volarni inkor etib, Zelenskiy korrupsiyaga qarshi kurashishini aytadi.

"Birinchi vazifa - parlament a'zolari, sudyalar va prezidentdan immunitetni olib qo'yish", - deydi Razumkov.

Uchinchi yetakchi nomzod 2004-yilgi inqilobning yuzi bo'lgan Yuliya Timoshenko. U davlat nafaqalarini uch barobar oshirib, gazni arzonlatishni va'da bermoqda. Bu esa Xalqaro Valyuta jamg'armasi tavsiyalariga zid.

"Tarafdorlari uni mo'jiza yaratuvchi deb biladi. Asosan, qashshoqlar, nafaqaxo'rlar va kam ta'minlangan odamlar uni yoqlaydi", - deydi tahlilchi Volodimir Fesenko.

Sharqda esa urush davom etmoqda.

"Kim prezident bo'lishidan qat'i nazar, ular urushni yolg'iz to'xtata olmaydi. Ular Putinning shartlarini ham qabul qilmaydi, chunki xalq bunga rozi bo'lmaydi. Demak, boshi berk ko'chaga kirib qolishgan", - deydi Fesenko.

Besh yil avvalgi Maydon namoyishlarining natijasi hali to'la namoyon bo'lgani yo'q.

Xalq o'nlab nomzodlar orasidan kimni tanlaydi? Ular tizimni ichidan biladigan tanish qifoya bilan qoladimi yoki urush borayotgan bir paytda siyosiy sahnada sinalmagan yangi odam o'rtaga chiqadimi? Bu savollarga faqat saylovgina javob berishi mumkin.