Amerika Milliy parklar tizimi bog'lar, yodgorliklar, qo'riqxona va tarixiy hududlarni o'z ichiga oladi. 1916-yilda tuzilgan federal agentlik muntazam o'zgarib boradi. Masalan, dastlab uning ixtiyorida bo'lgan 26 park hozir nazoratida emas. Makino orol parki kabi ba'zi bog'lar shtat ma'muriyatiga topshirilgan, ayrimlaridan esa boshqarish qimmatga tushgani bois voz kechilgan. Prezident Donald Tramp davlat qaramog'idagi parklar sonini kamaytirish harakatida, lekin u Oq uyga kelgandan beri to'rtta yangi park agentlik ixtiyoriga berildi.
Indiana Dyuns Milliy parki Amerikaning eng yangi qo'riqxonasi, lekin u bu maqomni olish uchun juda uzoq kurashdi, deydi park boshqaruvchisi Pol Leybovitz.
"Nomni o'zgartirish 103 yil vaqt oldi. Uni milliy parkka aylantirish taklifi parklar xizmatining birinchi direktori Stefan Meyzer tomonidan 1916-yilda berilgan edi", - deydi u.
Birinchi Jahon urushi paytida ko'l yoqasi po'lat zavodlari uchun olib qo'yildi. Indiana portini sanoatlashtirish davrida ham shu hol yuz berdi. Tabiat esa unib-o'sishdan to'xtamadi.
2017-2018-yillar Indiana qonunchilari parkni milliy qo'riqxonaga aylantirish talabini yana Kongress oldiga qo'ydi.
2019-yil ishdan to'xtab qolgan hukumatni qayta ochish uchun qabul qilingan byudjet qonuni orasida bu loyiha ham tasdiqdan o'tdi.
"Bu ishning byudjet qonuniga kiritilgani biz uchun katta yutuq. Bu narsa ro'y berishini hech birimiz bilmagan edik. Bu biz uchun juda yoqimli sovg'a bo'ldi", - deydi turizm bo'yicha shtat rasmiysi Loreley Veymer.
Parkning milliy qo'riqxonaga aylanishi moliyaviy yordam olishda hech narsani o'zgartirmaydi, lekin uning maqomi mashhur Yellouston yoki Yosemit parklari bilan tenglashadi.
Bill va Betti Smit 60 ta federal parkka borgan. Milliy qo'riqxona nomini olishi bilan ular Indiana Dyuns Milliy parkiga ham kelishdi.
"Asosan, qum tepaliklarini ko'rishni xohlayman. Bu yangi parkning o'ziga xos jihati shunda. So'qmoqlar tizimini ham ko'rishni istayman. Joyning ruhini his qilgim keladi", - deydi Bill Smit.
Parkda 483 kilometrli ko'l, har yili bir metrga siljiydigan tog'li qum tepaliklari, murakkab so'qmoqlar tizimi hamda Shimoliy Amerikaning noyob o'simliklari bor.
"Milliy parkka xos har doim nimadir bo'ladi. Go'zal, betakror. Milliy boyliklari, tabiiy go'zalligi va yovvoyi tabiati bilan qadrli. Bu buyuk davlatni kezib chiqishning bir qismi bu", - deydi Bill Smit.
Parkka har yili 3,6 million sayyoh tashrif buyuradi. Milliy parkka aylanishi ortidan bu raqam yanada oshishi kutilyapti.