Netanyaxu partiyasining saylovda g'alaba qozonishi savol ostida

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

9-aprel kuni Isroilda parlament saylovlari bo’lib o’tadi. Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning hukmron “Likud” partiyasi hamda uchta siyosiy partiya tashkil etgan “Ko’k va oq” ittifoqi o'zaro bellashmoqda. Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, saylovda mutlaq g’olib bo’lmaydi va bu guruhlar hukmron koalitsiya tuzishga majbur bo’ladi.

“Ko’k va oq” siyosiy ittifoq yetakchisi Benni Gans g’alaba qozonishiga shubha qilmaydi.

“Niyatim - poytaxtda o’rnashish”, - deydi iste’fodagi general.

Ijtimoiy so’rovlarda Gans ittifoqi Netanyaxu partiyasi bilan deyarli teng ketmoqda. Bosh vazir boy tajribasi hamda davlat rahbarlari bilan yaqinligi saylovlarda unga yordam berishiga umid qilmoqda.

“Oq uyda Isroilning ko’p do’stlari bo’lgan, ammo sizdan yaxshi do’sti bo’lmagan”, - dedi Netanyaxu AQSh Prezidenti Donald Trampga qarab yaqinda Vashingtonga qilgan safari chog’ida.

Tramp AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko’chirdi, G’o’lan Tepaliklari Isroil hududiga tegishli ekanini tasdiqlovchi bayonot qabul qildi, Eron bilan tuzilgan xalqaro yadroviy bitimdan chiqdi.

“Jerusalem Post” gazetasi sharhlovchisi Gershon Baskinning aytishicha, Isroilda saylovlar odatda Falastin bilan tinchlikni o’rnatish masalasiga urg’u beradi, biroq bu gal emas.

“Tinchlik jarayoni bir necha yildan beri to’xtab qolgan. Isroil va Falastin 2009-yildan beri muzokara qilmadi, Isroil siyosatida bu masala dolzarb emas. Isroil xalqini falastinliklar muzokara qilishni istashmayapti deb ishontirishgan”, - deydi jurnalist.

Gans Falastin Muxtoriyati bilan tinchlik muzokaralarini jonlantirmoqchi, bosh vazirlik muddatini cheklamoqchi. Falastinliklar bu saylovlardan o’ziga foyda ko’rmayapti, deydi sotsiolog Xalil Shikakiy.

“O’zgarishlarga kichik bir umid bordek, biroq falastinliklar uchun Isroilning o’ng qanot siyosatchilari ham, so’l qanot siyosatchilari ham bir”, - deydi u.

Saylovga yaqin Gansga xayrixohlik oshayotgani bilan g’alaba uchun buning o’zi kifoya emas, deydi muharrir David Xorovits.

“Odamlar raqib partiyadan ko’p ovoz olsang, yutasan deb o’ylashadi. Biroq Isroilda hokimiyat uchun partiyalardan iborat koalitsiyalar raqobatlashadi. Kim saylovda g’alaba qozona oladigan ittifoq tuza olsa, marra o’shaniki. Gans va uning tarafdorlari buni uddalay olishiga ishonchim yo’q”, - deydi “Times of Israel” gazetasi muharriri.

Isroilni 12 yil boshqargan Netanyaxu saylovchilarni uning boy siyosiy tajribasi va qudratiga ishonib ovoz berishga chaqirmoqda.