Ukrainada saylov: korrupsiya eng katta bahs mavzusi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Ukrainada prezident saylovlarining ikkinchi bosqichidan oldin korrupsiyaga qarshi kurash eng muhim masalaga aylangan. Amaldagi davlat rahbari Petro Poroshenko va uning raqibi Volodimir Zelenskiy 21-aprel kuni o'zaro bellashadi. Hukumat korrupsiyaga qarshi yetarli darajada kurashmayotganlikda ayblanmoqda.

Ko'chaga chiqishing bilan korrupsiyaning asoratiga duch kelasan, deydi oddiy aholi. Yo'ldagi o'ydim-chuqurlar yamalmagan, chunki ajratilgan pul boshqa joyga ketgan.

Eng katta xavf tepadagi korrupsiyada, deydi "Transparency International" tashkilotining Ukraina bo'limi rahbari Yaroslav Yurchishin.

"Milliy xavfsizlik va energetika tizimidagi sxemalar nafaqat samarasiz boshqaruvga yetaklaydi, balki Ukrainaning yashab qolishi uchun katta tahdiddir, chunki mamlakat urush holatida. Bunday korrupsiya bizni zaiflashtiradi", - deydi u.

Petro Poroshenko ikkinchi muddatga saylanishga urinar ekan, harbiy aslaha olish paytidagi korrupsiya mashmashasi bilan yuzlashmoqda.

"Saylov kampaniyasidagi har bir nomzod uchun savollarimiz bor. Ularning turli korrupsion sxemalarga aloqadorligi haqida", - deydi Yurchishin.

Ukrainaliklar bo'sh kelmayapti. Jurnalistlar va huquqshunoslardan iborat "Bixus" guruhi o'z tekshiruvlari natijasini YouTube saytiga qo'ydi. Yuliya Timoshenko partiyasi ham tekshiruv ostida.

"Ikki qishloqning uch rezidenti 2018-yil partiyaning eng katta donorlari bo'lgan - 148 ming dollardan ortiq ehson qilishgan", - deydi huquq faoli Maksim Opanasenko.

Bunday sxemalarda, odatda, vositachilardan foydalaniladi, deydi guruh asoschisi Denis Bixus.

"Kambag'al bir odamni topib, arzimas pul evaziga uning nomiga moliyaviy hujjat qilinadi. So'ng bu hujjatlarga qo'l qo'yish huquqini boshqa odamga o'tkazishadi. Lekin xalqqa oshkor qilinadigan hujjatlarda faqat uning nomi ko'rinadi", - deydi u.

Timoshenko partiyasi ayblovlarni inkor etadi.

Bixusga ko'ra, surishtiruv natijalari huquq-tartibot organlariga topshirilgan.

"Biz shikoyat qilishimiz mumkin, lekin samarali tergov o'tkazishga majburlay olmaymiz. Katta siyosatchilar aralashgan ishlarda, odatda, shunaqa bo'ladi", - deydi u.

Faollarga ko'ra, tizimdagi korrupsiyaga qarshi kurashning o'zi kifoya emas. Chunki tizimning o'zi korrupsiyalashgan, deydi ular.