Rossiyaning Ukraina sharqidagi urushga aralashgani Ukrainada ketayotgan prezident saylovi kampaniyasida muhim rol o’ynaydi. Hududda yashovchi aholi kundalik muammolar hal etilmayotganidan noliydi. Sharqdagi Donetsk va Lugansk oblastlarida Ukraina qurolli kuchlari isyonchilarga qarshi kurashmoqda, biroq o’rtada tinch aholi ham o’lmoqda. Yuz minglab odam uyini tark etishga majbur bo’lgan.
Besh yillik urush oddiy xalqqa aziyat keltirdi. Frontning har ikki tomonida minglab odam og’ir hayot kechirmoqda.
“Bizga tinchlik kerak. O’tirib, muzokara qilish kerak”, - deydi Donetsk oblastining Mayorsk shahridan Nikolay Yushkov.
Marina Pugacheva Mariupolda mojarodan jabr ko’rgan odamlarga yordam beruvchi tashkilotni boshqaradi.
“Mintaqada ikki muammoning biri omon qolishga harakat bo’lsa, ikkinchisi esa ishsizlik. Urush ketayotgan hududning 70 foizi minalashtirilgan yoki doimiy tortishuvga sabab”, - deydi u.
Ukraina rasmiylariga ko’ra, 2014-yilda boshlangan urushda shu kungacha 270 kishi minalardan nobud bo’lgan.
1,5 million ukrainalik uyini tark etishga majbur bo’lgan. Hukumat qochqinlarga oyiga 100 dollarlik yordam ko’rsatadi. Biroq bu ijaraga ham yetmaydi. 100 mingdan ziyodi isyonchilar nazoratidagi hududlardan Mariupolga qochgan.
Ruhoniy Volodimir Koskin urush xalqni qattiq bo’lib qo’yganini aytadi.
“Har bir urush ertami, kech nihoyasiga yetadi. E’tiqod va umid hammamizni birlashtirishi kerak. Chunki bir kun kelib, kechagi dushman ko’ziga qarashga to’g’ri keladi”, - deydi u.
Hozircha esa hech bir tomon murosaga tayyor emas.
Front chizig’iga yaqin joylarda yashovchi aholining aksariyati so’nggi prezident saylovlarida ovoz bera olmadi, chunki ba’zilari ro’yxatga olinmagan, boshqalarida esa saylov uchastkasiga borishga imkon yo’q. Pugachevaning aytishicha, ularning taqdiri deyarli e’tiborsiz qolmoqda.
“Prezidentlikka nomzodlarning chiqishlarida bu haqda eshitmaymiz. Chunki bu odamlar ularning elektorati emas, demak, e’tibor ham yo’q”, - deydi faol.