O'zbekistonlik sobiq deputat Nasrullo Sayyid O’zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan mamlakatga kiritilmagan navbatdagi vatandoshlardan biri bo’ldi. Toshkent aeroportidan ortga qaytarilgan Nasrullo Sayyidga bu qaror sabablari yuzasidan izoh berilmagan.
Your browser doesn’t support HTML5
Mamlakatni xorijdagi imijini yaxshilash, vatandoshlarni islohotlarga jalb qilish borasida o’tkazilayotgan tadbirlar barobarida yuzaga chiqqan bu vaziyat yangi hokimiyat siyosiy islohotlar o’tkazmasligining ishorasi o’laroq ko’rilmoqda.
Kanada fuqaroligini olgan sobiq muxolifatchi, shoir va yozuvchi Nasrullo Sayyid O’zbekistonda bir qator xorij davlatlari uchun vizali tartib bekor qilinishiga oid farmon qabul qilinishi ortidan vatanga qaytishga qaror qilgan.
20-aprel tunini Toshkent aeroportida huquq-tartibot idoralari so’rovi ostida o’tkazgan Nasrullo Sayyid 21-aprel kuni ertalab Toshkent-Istanbul yo’nalishi bo’ylab ortga qaytarildi.
2005-yilda qo’zg’atilgan siyosiy ayblovlar bois O’zbekistondan chiqib ketishga majbur bo’lgan yozuvchiga nega mamlakatga kiritilmayotgani yuzasidan aniq izoh berilmagan.
Nasrullo Sayyid O’zbekistonga kiritilmagan xorijdagi birinchi vatandosh emas. Avvalroq Shvetsiya fuqaroligini qabul qilgan huquq himoyachisi Muhiddin Qurbonov, muxolafatga yaqin ko’rilgan tadbirkor Bobur Hasan ham chegaradan ortga qaytarilgan edi. Jurnalist, xalqaro mukofotlar sovrindori taniqli yozuvchi Hamid Ismoil ham O’zbekistonga kirishi taqiqlangan shaxslar ro’yxatida bo’lib chiqdi; Rossiya fuqarosi sifatida vizasiz kirish huquqiga ega bo'lishiga qaramasdan, uni Toshkent aeroportidan Londonga qaytarishgan edi.
Ayni paytda siyosiy bosimlar tufayli bir paytlar mamlakatdan chiqib ketgan, lekin hokimiyat almashishi ortidan O’zbekistonga kiritilgan faollar ham ko’p. Ularning ayrimlari huquq-tartibot idoralarida so’roqqa tutilishidan so’ng, ortiqcha muammolarsiz mamlakatda bo’lishgan.
Xorijda siyosiy quvg’inlikda yashayotgan o’zbek jurnalisti Narzullo Oxunjonovning aytishicha, yangi tuzum xorijdagi vatandoshlarga nisbatan siyosatda o’zgarishlar qilgan, ammo hammaga nisbatan emas. Ayniqsa, o’tmishda siyosiy jarayonga aralashgan muxolifatchilar bo'lsa, deydi u.
“Nasrullo Sayyid nimasi bilan xavf tug’dirdi... U Andijon fojialari ortidan chiqib ketgan, ungacha “Ekr” partiyasining Buxoro viloyati bo’limi rahbari bo’lgan. Lekin muxolifat tazyiq ostida bo’lgan davrda u bu lavozimda biror faoliyat qilgani yo’q, keyinchalik unga siyosiy ayblov qo’yishdi, Dadaxon Hasanning qo’shiqlari bilan bog’liq. U borishidan oldin Tashqi ishlar vazirligiga ham murojaat qilgan, O’zbekistonga borish uchun hatto Kanada fuqaroligini ham olyapti, bu odam hammasini qonun doirasida amalaga oshirgan. Bu yerda o’z-o’zidan shunday xulosa keladi, Karimov davrida ishlagan rejim, ayniqsa, huquq-tartibot idoralari rejimi o’zgarmagan, muxolafatga, muxoliflikka aloqador bo’lgan odamlarga nisbatan. Bundan tepaning xabari yo’q, hech kim bilmaydi, degan gaplar, bu bo’lmaydigan gaplar. Agar uni ertalabgacha olib o‘tirmasdan, so’roqsiz, zudlik bilan qaytarishganda ehtimol qilish mumkin edi, ammo bunday emas, shuning uchun bu bevosita prezident ixtiyori bilan, ortida Mirziyoyevning o’zi turgan qaror”, - deydi Oxunjonov.
Nasrullo Sayyidning mamlakatga kiritilmasligidan sal oldin O’zbekistonda xorijdagi vatandoshlar bilan ishlashga doir hukumat dasturi, vatandoshlarga viza berish tizimiga oid hujjat qabul qilingan edi. Hukumat xorijdagi vatandoshlarni mamlakatdagi islohotlarga jalb etish, turli sohalarda ishlayotgan o’zbekistonliklarga vatanda imkoniyatlar yaratishni maqsad qilgan.
Bu dasturda xorijdagi vatandoshlar aniq tabaqalarga ajratilmagan, ammo O’zbekiston parlamentining sobiq deputati Nasrullo Sayyid bilan bog’liq hodisa xorijdagi vatandoshlar toifalarga bo’linganini ko’rsatadi.
“Hukumat shartlariga ko’nganlar uchun yo’l ochiq. Nasrullo Sayyid bunaqa toifadan emas, shuning uchun u chiqarib yuborilgan. Voqealar silsilasi aynan shu narsani ko’rsatmoqda, bo’lmasa enga Nasrullo Sayyidni ajratadi, nechta odam kelib ketib yuribdi, ular orasida ham muxolif qarashdagi fikrlar bildirganlar bor-ku. Bu yerda asosan hukumatga moyillik masalasi, ular qo’yayotgan, talab va shartlarga ko’nish, shunda yo’l ochiq bo’ladi”, - degan fikrda jurnalist Narzullo Oxunjonov.
Muxolifatdagi “Erk” partiyasi a’zosi Nasrullo Sayyid O’zbekistondan 2005- yilda Andijon fojialari ortidan boshlangan tazyiqlardan so’ng chiqib ketishga majbur bo’lgan edi. Unga nisbatan taqiqlangan materiallarni saqlash, tarqatish aybi bo’yicha jinoiy ish qo’zg’atilgan edi. Sobiq deputat 2006-yildan buyon Kanadada siyosiy muhojirlikda yashab kelayotgan edi.