Tramp BMT qurol kelishuvidan chiqishga oid hujjatni imzoladi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Qurol huquqlari bo'yicha eng qudratli lobbichi tashkilot bo'lgan Milliy qurol assotsiatsiyasining yillik anjumanida Prezident Donald Tramp man etilgan qurol savdosini to'xtatishga oid 2013-yilgi BMT kelishuvidan AQShning chiqishini e'lon qildi.

Amerikaliklar qo'lida 390 milliondan ortiq qurol bor. Bu butun dunyoda oddiy fuqarolar egalik qiladigan qurollarning qariyb yarmi.

Ko'plab qurol egalari Amerika siyosatiga ta'sir o'tkaza oluvchi Milliy qurol assotsiatsiyasiga a'zo. Bu tashkilotga xayrixoh Prezident Donald Tramp AQShning BMT kelishuvidan chiqishiga oid hujjatga imzo chekdi.

"Ma'muriyatim hech qachon BMT Qurol savdosi kelishuvini ratifikatsiya qilmaydi", - dedi prezident.

BMT hujjatiga AQSh 2013-yil qo'shilgan, lekin Senat haligacha ratifikatsiya qilmagan edi.

Kelishuv chegaralararo noyadroviy qurol transferini nazorat qilib, inson huquqlarini poymol qiluvchi tomonlar qo'liga qurol tushishini qiyinlashtiradi.

"2013-yil bu bitimga faqat Eron, Shimoliy Koreya va Suriya qarshi ovoz bergan edi. AQSh endi o'zini shu rejimlar bilan bir qatorga qo'yyapti", - deydi o'sha payt kelishuv bo'yicha AQSh muzokarachisi bo'lgan Tomas Kantrimen.

BMT kelishuviga Milliy qurol assotsiatsiyasi va boshqa konservativ guruhlar qarshi chiqqan edi. Ularga ko'ra, hujjat qurolga egalik qilish haqidagi konstitutsiyaviy huquqni buzadi.

Kelishuvni rad qilish orqali Tramp qurol huquqlari himoyasiga sodiq ekanini ko'rsatmoqchi. Trampning qayta saylanishida qurol assotsiatsiyasi muhim ekani aytiladi.

Tramp bundan avvalroq Parij iqlim kelishuvi hamda Eron yadro bitimini ham tark etgan edi.

"Bunday hujjat AQSh obro'sini va dunyodagi yetakchiligini yanada zaiflashtiradi", - deydi Tramp.

Qurol eksport qilishda yetakchi 25 davlatning 17 tasi, jumladan, Rossiya va Xitoy BMT bitimiga qo'shilmagan. Shu paytgacha 96 davlat uni ratifikatsiya qilgan.