Pentagon qoshidagi Xavfsizlik bo'yicha hamkorlik agentligi bergan ma'lumotga ko'ra, qurol-aslaha savdosi 2017-moliya yilida 41,9 milliard dollarni tashkil etgan. Bu o'tgan yilga qaraganda 20 foiz oshiq. 22 milliard dollarlik savdo Markaziy qo'mondonlik e'tiboridagi Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo bilan bog'liq. Bunda, xususan, Fors ko'rfazi mamlakatlariga sotilgan qurol-aslaha miqdori eng salmoqlisidir, ayniqsa Saudiya Arabistoniga.
Sakkiz milliard dollarga yaqin miqdorda Hind-Tinch okeani hududidagi davlatlarga, 7 milliard dollardan sal oshiq miqdorda Yevropa, 650 million dollarga yaqini G'arbiy yarimshar va salkam 250 million dollarga teng qurollar Afrikaga uzatilgan.
32 milliard dollarga teng harbiy tovar xususiy kompaniyalardan xarid qilingan bo'lsa, qolgani AQShning turli dasturlari orqali berilgan uskuna va qurollardir. Har bir kelishuv Kongress tasdig'idan o'tishi shart.
Bu ma'lumotlarni taqdim etgan Xavfsizlik bo'yicha hamkorlik agentligiga ko'ra, AQSh bu sohada global yetakchi bo'lib qolmoqda. Har bir bitim uzoq muddatga mo'ljallangan, deya tushuntiradi rasmiylar. Qurol-aslaha va uskuna-asboblarni ko'zdan kechirib turish, ta'mirlash va ularni ishlatishni o'rgatish huquqi Amerikada va bu bilan Pentagon o'z ta'sir kuchini oshiradi.
2014-yilda AQSh 34,2 milliard dollar, 2015-yilda 47 milliard dollardan ziyod, 2016-yilda 33,6 millard dollarga teng qurol-aslaha sotgan edi.
Facebook Forum