Nyu-Yorkda o’tgan konsertda uzoq yillik nifoqchilikdan so'ng O'zbekiston va Tojikiston o'rtasida tiklangan do'stona munosabatlar madh etildi. O'zbekiston va Tojikistonning xushovoz xonandalari Anvar Sanayev va Jonibek Murodov ishtirokidagi konsert “Do'stlik oqshomi” deb nomlandi. Tashkilotchilarga ko'ra bu kabi tadbirlar qardosh xalqlarni Amerikada ham o'zaro yaqinlashtiradi.
Tashkilotchilarning bayon etishlaricha, ushbu konsert O'zbekiston va Tojikiston rahbarlari tomonidan ikki mamlakat va ikki xalqni yaqinlashtirishga xizmat qilgan qarorlari sadosi sifatida ko'rilmoqda.
O'zbekiston va Tojikiston o'rtasida tiklangan do'stona munosabatlarga bag'ishlangan “Do'stlik oqshomi” konsertini Amerikada yashovchi o'zbekistonlik vatandoshlar yuritadigan “Bonu and Jafar Entertainment” kompaniyasi uyushtirdi. Uning direktori Jafar Mo'minovga ko'ra, O'zbekiston va Tojikistonning xushovoz xonandalari Anvar Sanayev va Jonibek Murodovni Nyu-York sahnasiga olib chiqib, qardosh xalqlarni bir zalda to'plash uchun sakkiz oy sarflangan.
“Shu loyihani amalga oshirganimizdan xursandmiz. Konsert dasturidan o'zbek va tojik muxlislari rozi bo'lishsa, biz o'zimizni baxtiyor his etamiz”- deydi Jafar Mo'minov.
Bir yil avval ikki mamlakatning qo'shnichilik siyosatida tub burilish ro’y berdi. 25 yillik tanaffusdan so'ng o'rtadagi 9 ta chegara-nazorat nuqtalarining qayta ochilishi haqiqiy tantanaga aylangandi. O'zbekiston va Tojikiston orasida 20 dan oshiq chegara-nazorat nuqtalari faoliyat ko'rsatayotgani, bir yildan oshiq davr davomida Tojikistondan O'zbekistonga 2 million tojikistonlik safar qilgani aytiladi.
“Xabaringiz bor, so'nggi ikki yil davomida O'zbekistonda yaxshi o'zgarishlar bo'lyapti. Chegaralar ochilyapti. Bordi-keldilar bemalol bo'lgan. Mana shularni ko'rgach men to'lqinlandim va menda ikki davlat san'atkorlari konsertini tashkil etish g'oyasi paydo bo'ldi”, - deya tushuntiradi Jafar Mo'minov.
“Men chegaralar ochilgandan keyin ikki marta borib keldim. Bir marta Panjakent tarafdan Tojikistonga kirdim. Ikkinchi marotaba Xo'jandga Bekobod, o'zimizni Toshkent viloyati tarafidan o'tdim. Ikki safar ham juda go'zal bo'ldi. Kutib olishlar hamda kuzatishlar. Chegaralar ochiq, tekshiruv degan gapni o'zi yo'q. Pasportni ko'rsatasiz, biz esa muxlislar bilan rasmga tushib qanday o'tganimizni ham bilmay qolamiz. Hozirgi paytda shu darajada yo'llar ochilgan. Buning uchun albatta prezidentimizga rahmat”,- deya chegaradagi vaziyat haqida bo'lishadi Anvar Sanayev.
O'zbekistonlik xonanda ilgarigi holat o'tmishda qolganidan mamnun.
“Avval ham bizlarni Tojikistonga to'ylarga, konsertlarga ko'p taklif qilishardi. Lekin biz borolmasdik. Chunki borish azob edi, viza olish talab etilardi. Viza olsak ham chegaradan o'tolmasdik. Yashirincha borgan san'atkorlarni ham qaytarib yuborishganlari haqida eshitganmiz. Shuning uchun Tojikistonga bo'ladigan takliflarni olmasdik. Ilojimiz yo'q edi”, - deydi xonanda.
Tojikistonlik san'atkorlar ham ikki davlat orasidagi bordi-keldi yaxshilanganidan xursand.
“Ko'pchilik ishonmasligi mumkin, ikki davlat orasidagi munosabatlar tiklanganida qariybki ko'zimga yosh keldi. Shunchalik qattiq ta'sirlangandim. Shu payt beixtiyor o'tmishda chegaralar yopilgandan keyingi azob-uqubatlarni esladim. U vaqtlar o'zim, yaqinlarim, umuman xalq konsert yoki to'y uyoqda tursin, hatto janozaga ham borolmasdik”, - deydi Nyu-Yorkda yashovchi tojikistonlik ijodkor Shavkat Ashti.
“Dushanbeda bo'lgan vaqtlarim deyarli har hafta O'zbekistonga o'tib kelaman. Mashinada yoki samolyotda. Bordi-keldi yengillashdi. Konsert bo'lmasa-da, tug'ilgan kun, to'ylarga boramiz. To'y-hasham ko'p. Shunchaki aylanishga boryapmiz,” - deya xursandchiligini yashirmaydi tojikistonlik xonanda Jonibek Murodov.
Amerikadagi o'zbekistonlik va tojikistonlik immigrantlar to'ylarini o'tkazib keladigan xonanda Shavkat Ashti ikki xalq orasida avvalgidek quda-andachilik asta-sekin tiklanayotganini ta'kidlaydi. Bu munosabatlarni ijodkor va ziyolilar sug'orsa, xalq hamjihat bo'lishi tayinligini tarix isbotlaganini aytadi u.
“Yaqinda biz restoranda bir to'yni o'tkazdik, kelin Tojikistondan, kuyov O'zbekistondan. Ular chegaralar ochilganidan juda ham xursand edi. Men ularni tushunaman. Bu azobni o'z tajribamdan bilaman. Mening akam O'zbekistonda, tanlagan yori esa Tojikistonda yashardi. Va biz bordi-keldi jarayonidagi barcha azob-uqubatlarni boshimizdan o'tkazganmiz. Shunaqa davrlar edi. Nihoyat chegaralar ochildi. Bu albatta hammamizga quvonch bag'ishlaydi”, - deydi Ashti.
Konsert shiori Nyu-Yorkdagi o'zbekistonlik va tojikistonlik immigrantlarga ham manzur.
“Nyu-Yorkda bo'lib o'tayotgan, Tojikiston va O'zbekiston orasidagi do'stlikni madh etuvchi konsertda qatnashayotganimdan xursandman. Dushanbe va Toshkentdan kelgan xonandalar chiqishini ko'rishga ko'pchilik yig'ilgan. Xalq xursand, odamlar bu kunlarni kutgan edi”, - deydi muxlislardan biri.