Rossiya va bir qator sobiq sovet davlatlari shu hafta Ikkinchi jahon urushida fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g'alabani nishonladi. Urushda eng ko'p qurbonni Sovet Ittifoqi bergan: uning 26 million fuqarosi halok bo'lgan. G'alaba tadbirlarida qurbonlar xotirlandi va harbiy paradlar tashkil etildi. Bu urushda AQSh kuchlari bilan bir safda jang qilgan rus askarlari ham bo'lgan.
Bu urush veterani xotiralariga quloq tutsangiz, Gollivud kinosiga o'xshaydi.
"Bularni boshdan o'tkazganimga ishongim kelmaydi", - deydi Vladimir Kuts.
Kuts fashistlar qo'liga asir tushganda 14 yoshda edi. Uni Germaniyaga jo'natib, majburiy mehnatga tashlashadi. Oradan uch yil o'tib, AQSh kuchlari konsentratsion lagerlarni ozod qilish uchun Germaniyaga kelganda, Kuts ularni ehtimoliy xavfdan ogohlantiradi.
"Natsistlar artilleriya, tanklar yordamida pistirma tayyorlayotgan edi", - deydi u.
Amerikaliklar qayta reja tuzib, hujum boshlaydi. Yosh Kutsga tashakkur aytib, uni o'z saflariga qo'shilishga undaydi. Kuts buni mamnuniyat bilan qabul qiladi.
"Vazifamiz nemislarga tinimsiz bosim o'tkazish edi", - deya xotirlaydi urush veterani.
Kuts yaralanguncha ikki oy davomida AQSh askarlari safida jang qildi. Oradan 40 yil o'tib AQShga tashrif buyurganda uni "Binafsha yurak" medali bilan taqdirlashdi.
Urush tugagach, u vataniga qaytadi. Ketishi oldidan amerikalik quroldoshlari unga tranzit hujjatlari, pulemyot va fashist ofitseriga tegishli bo'lgan Mersedes mashinasini hadya qiladi.
Yo'lda uni Amerika patruli to'xtatib, komandirlari oldiga olib boradi.
"Men polkovnik bilan harbiycha salomlashdim. U hujjatimga qarab hayratlandi: Amerika harbiy kiyimida, nemis mashinasida, lekin rus", - deya xortirlaydi u.
Tez orada u qo'yib yuboriladi va Sovet armiyasiga qo'shiladi. Kuts AQSh va sovet askarlari bilan yelkama-yelka jang qilganidan faxrlanadi. Lekin AQSh-Rossiya aloqalarining hozirgi holatidan taassufda.
"Ertalabdan kechgacha Amerika, Fransiya, G'arbiy Yevropa yomon degan gaplarni eshitishni xohlamayman. Faqat biz yaxshimi?", - deya so'raydi u.
G'alabaning 74-yilligini Qizil maydonda nishonlagan Kutsning Putin va Trampga aytadigan gaplari bor.
"Janoblar, urushning oldini olish uchun qo'lingizdan kelganini qiling. Vaziyatni og'irlashtirmang", - deydi u.
Vladimir Kuts tinchlikning qadrini hammadan ko'ra yaxshiroq biladi. Kelajak avlod tinchlik uchun biz to'lagan badalni qayta o'tamasligi kerak, deydi u.