AQSh Prezidenti Donald Tramp Xitoy mollariga qo'yilgan tariflar AQShga milliardlab dollar daromad keltirishini aytdi. Uning da'vo qilishicha, Xitoy bojlari AQSh iqtisodiyotiga ta'sir qilmaydi. Lekin AQSh-Xitoy savdo urushi Amerika fond birjalarida aksiyalar bahosini keskin tushirib yubordi. "Dou Jons" birjasidagi umumiy qiymat o'rtacha 600 miqdorga pasaydi. AQSh Xitoydan keladigan 200 milliard dollarlik import tovarlarga 25 foizlik boj joriy qilgach, Xitoy o'z navbatida 60 milliard dollarlik Amerika mahsulotlariga 25 foizgacha tariflar qo'ydi.
Xitoy AQShning 5000 dan ortiq mahsulotlariga yangi tariflar joriy qildi. Go'sht, sabzavotlar, meva sharbati, yog' va qahva shular jumlasidan. AQSh fermerlari xavotirda. Prezident Donald Tramp fermerlarning zarari qoplab berilishiga va'da qildi.
"Xitoy fermerlarimiz bilan eng ko'p savdo qilgan yilda, savdo hajmi 15 milliard dollarga tengligini ko'ramiz. Dehqonlarimizga oson bo'lishi uchun ulardan ana shu pulga mahsulot sotib olamiz. Ular esa ekin ekib, kamroqqa sotsa ham daromadi o'sha-o'sha bo'ladi. Bu masalani bir yoqlik qilgunimizga qadar. Shunda fermerlarimiz ham, ishlab chiqaruvchilarimiz, hukumatimiz ham xursand bo'ladi, chunki biz milliardlab dollar pul qilyapmiz", - dedi prezident.
Trampning aytishicha, AQSh bilan savdo va soliq urushida Xitoy ko'proq yutqazadi, chunki u ko'proq eksport qiladi. Ayrim ekspertlar esa uzoq muddatda AQShning zarari kattaroq bo'lishini aytmoqda.
"Qisqa muddatda Xitoy va AQShning tariflardan ko'rgan zarari teng bo'ladi. Lekin 3-6 oy ichida zararni Amerika do'konlari va xaridorlari to'laydi. Hisob-kitobimizga ko'ra, tariflar ta'sirida Xitoy kompaniyalarining umumiy ishlab chiqarish xarajati 10 foizdan oshmaydi, AQShniki esa 90 foiz yoki undan yuqori bo'ladi", - deydi xitoylik ekspert Gao Linyun.
Boshqa hisoblarga ko'ra, Tramp qo'ygan tariflar tufayli amerikaliklarning xarid qilish quvvati har yili 700 dollarga kamayadi.
"Trampning tariflar bo'yicha hisob-kitobi iqtisodiy jihatdan mantiqsiz. Chunki Xitoy bilan savdo kamomadi yoki 400 milliard dollarlik defitsit AQSh xaridorlari manfaat ko'rmayapti, degani emas", - deydi tahlilchi Shon Ding.
Tramp fikricha, mahsulotlarni vatanda ishlab chiqarish yoki tarif qo'yilmagan davlatlardan sotib olish orqali bojlar zararidan saqlanish mumkin.
Moliya bozorlari yangilikni sovuq qarshi oldi.
"Yaqin va hatto o'rta muddatda ta'siri og'riqli bo'ladi. Matbuot bunga e'tiborini qaratgach, bozordagi beqarorlikka guvoh bo'lamiz. So'ng pessimistlar chiqib, biz to'rtinchi chorakda gapirayotgan narsalar haqida gapirishni boshlaydi", - deydi moliyaviy tahlilchi Jerri Brekmen.
Iqtisodchilar uzoq muddatli savdo urushidan hech kim foyda topmasligini va tomonlar kelishmovchiliklarga zudlik bilan yechim topishi lozimligini aytadi. Tramp "Katta Yettilik" sammitida Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan yana savdo haqida gaplashishini bildirdi. Bu orada esa Xitoyning 325 milliard dollarlik tovarlariga yangi 25 foizlik bojlar joriy etilishi mumkinligiga ishora qildi.