Kuzatuvchilar fikricha, o’zbek matbuoti nazorati uchun mas’ullik yozuvchidan bisnesmenga o’tmoqda. Marhum prezident Islom Karimov davrida davlat maslahatchisi, yozuvchi Xayriddin Sultonov vakolatiga kirgan matbuot nazorati Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari, biznesmen Komil Allamjonov ixtiyoriga berilgan. Bu o’zgarish ortidan o’zbek matbuotida ijobiy siljishlar ham qayd qilinmoqda. Ammo, ba'zi jurnalistlarga ko’ra, matbuot uyg’onishi erkin fikr kafolati, manfaatlar ochiqlanishidan boshlanishi lozim; bundan matbuot agentligi rahbari ham mustasno bo’lmasligi kerak.
Prezident devoni ma’muriyat sifatida qayta tashkil etilar ekan, Xayriddin Sultonovga matbuotni nazorat qilish vakolatini berib kelgan madaniy va ijodiy masalalar bo’yicha davlat maslahatchisi lavozimi tugatildi.
Shu bilan bir qatorda Matbuot va axborot agentligi maqomi ko’tarildi. Karimov davrida bir qadar siyosatdan chetda bo’lgan bu tashkilot prezident ma’muriyati huzuridagi Matbuot va ommaviy axborot kommunikatsiyalari agentligiga aylandi.
Agentlik rahbarligiga avval prezident matbuot kotibi lavozimida ishlagan Komil Allamjonov tayinlandi.
Mamlakatda bir qator biznes loyihalarga ega Allamjonov shaxsi munozaralardan xoli emas. O’zbek matbuotida taqiq ostida bo’lgan siyosiy mavzular ro'yxatida Allamjonov doxil biznes manfaatlari ham borligi aytiladi.
Haydovchilar malakasini oshiruvchi “Avtotest” maktabiga monopol huquq berilishi bilan bog’liq mojaroni yoritgan maqolalarning mahalliy nashrlardan yo'qolishi agentlik rahbari talabi bilan bog'liq, deydi ba'zi manbalar.
Siyosiy quvg’inlikda yashayotgan jurnalist Narzulla Oxunjonov matbuot Karimov davrida ham, Mirziyoyev boshqaruvida ham nazoratsiz qoldirilmaganiga diqqat qaratadi.
“Xayriddin Sultonov davlat maslahatchisi lavozimidan ketishi ortidan ham ma’lum bir mavqeini saqlab qolgan, chunki unda matbuotni qanday bo’g’ish, nazoratlashga doir katta tajriba bor. Komil Allamjonov esa ko’proq biznesmen, matbuot yuzasidan tahlil yuritish salohiyatiga ega emas. Masalan, yaqinda “Ozodlik”ka bildirilgan e’tirozlarda ham Sultonovning qo’li bordek. Allamjonov ko’proq biznes, tadbirkorlik orqali shakllangan rahbar. Shu bois tadbirkor, biznes manfaatlari bor odamni matbuot boshqaruvida turishining o’zi noto’g’ri qaror. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda unga “Parpiyevning hamyoni” degan laqab topishgan. U bu lavozimga orqasida turgan ma’lum odamlar tufayli kelgan. U bu lavozimda uzoq qolmasa kerak, chunki biznes manfaatlari bor odamning bu yerda turishi noo’rin. Buning ustiga uning biznesiga (Avtotest) tegishli materiallarning bir qator nashrlardan olib tashlanishi, parlament va prezident imzolagan qonun o’rtasidagi farqlarga doir mojaro bostirilishi Allamjonov erkin matbuotdan cho’chishini ko’rsatadi”, - degan fikrda Oxunjonov.
Agentlikning yangi rahbari muloqotga tayyorligi bilan ham ko’zga tashlanadi. O’zbekistonda bir necha yillardan buyon blokda qolgan mustaqil axborot nashrlardan to’siqlar olinishi jarayonida Allamjonov buni namoyish etdi. Dastlab, u bloklarni bekor qilish haqidagi YXHT vakili Arlem Dezir bayonotiga zudlik bilan munosabat bildirdi, keyinroq esa bir qator xorijiy saytlardan to’siqlar olinganini rasman e’lon qildi.
“Nazarimda, uning muloqoti, ochiqligi cheklangan. Gap shaxsiy biznes manfaatlari haqida ketar ekan, u yopiq; mahalliy matbuotdagi bu harakatlar zimdan bo’ladi. Ammo gap xalqaro miqyosda ketar ekan, u muloqotga chiqishga majbur, ochiqlik namoyon etadi. Bloklarni ochish qarori esa, albatta, texnik emas, siyosiy qaror, buning ortida tepadagilar turibdi, ehtimol shaxsan prezident Mirziyoyevning o’zi, kengashi”, - degan fikrda Narzulla Oxunjonov.
O’zbekistonda ayrim mustaqil ommaviy axborot vositalariga qo’yilgan bloklar olinishi xalqaro tashkilotlar tomonidan olqishlandi, ammo hukumat bu erkinlikni tanlov asosida o’tkazgani, “Ozodlik” singari ayrim nashrlarga nisbatan bloklar saqlab qolingani tanqid bilan kutib olindi.
“Matbuotning erkinligi ko’rsatkichi bu hur fikrni berish, nazoratning olib tashlanishi. Hozir ancha ilg’orlik ko’rsatayotgan axborot saytlariga erkinlik berilgandek, ammo jurnalist Yusupov hibsi bilan bog’liq voqealar buning aksini ko’rsatdi. Ijtimoiy tarmoqlarda Allamjonovning o’zi bu mavzuga taqiq qo’ygani haqidagi gaplar tarqaldi. Bu matbuot hamon bo’g’ilayotganidan, uning ochilishiga to’sqinlik qilinayotganidan darak. Erkinlik matbuotga emas, avvalo, odamlarga berilishi kerak, ya’ni aholi ham ochiq gapirishdan cho‘chimasligi kerak”, - deydi Oxunjonov.
Xalqaro hisobotlarda O’zbekiston hamon matbuoti erkin bo’lmagan mamlakatlar qatorida, ammo matbuotga doir vaziyat umid uyg’otayotgani qayd etiladi.