Tolibon va Rossiya bir ovozdan AQSh boshchiligidagi koalitsiyaning Afg’onistondan chiqib ketishini talab qilmoqda. Tolibon yetakchilariga ko’ra, xorij kuchlarining Afg’oniston zaminida ekanligi tinchlik o’rnatilishi yo’lidagi eng katta to’siq.
Mazkur bayonot 28-may kuni Moskvada Afg’oniston bilan diplomatik aloqalar o’rnatilganligining yuz yilligiga bag’ishlangan anjuman ortidan e’lon qilingan.
Yig'inda Rossiya va Afg’oniston hukumati vakillari, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, shuningdek, Afg’oniston sobiq rahbari Hamid Karzay, Tolibonning 14 kishidan iborat delegatsiyasi va qator nufuzli afg’on siyosiy arboblari ishtirok etdi.
Anjumanni ochish uchun so’zga chiqqan Lavrov xorijiy kuchlarni Afg’onistondan chiqishga chaqirdi.
“Rossiya Afg’oniston urushini harbiy yo’l bilan hal etib bo’lmaydi deb hisoblaydi. Siyosiy va diplomatik yo’l bilan tinchlikka erishish masalaning yagona yechimi. Biz xorijiy harbiy qismlarning mamlakatdan to’liq chiqib ketishiga doir talabni qo’llab-quvvatlaymiz. Shuningdek, Afg’onistonda siyosiy va fuqaroviy kuchlar vakillari ishtirokida muzokaralarni boshlashga chaqiramiz”, - dedi Lavrov.
Tolibon siyosiy vakili Mulla Abdul G’ani Birodar Lavrov bilan hamfikr ekanini bildirdi.
“Afg’oniston Islom amirligi mamlakatda tichlik o’rnatish tarafdori. Biz tinchlik yo’lidagi to’siqlarning olib tashlanishini istaymiz. Afg’oniston siyosatiga har qanday aralashuv to’xtatilishi lozim”, - dedi Birodar.
Tolibon delegatsiyasi yetakchisi Birodar harakatga asos solgan shaxslardan sanaladi. Shuningdek, u AQSh boshchiligidagi harbiy kuchlar Afg’onistonga kirgandan keyingi davrda isyonchilik harakatlarini tashkil etishda muhim rol o’ynagan.
Birodar 2010-yilda Pokistonda AQSh kuchlari va mahalliy hamkorlar ishtirokida qo’lga olingan. O’tgan yil yakunida Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini jadallashtirish maqsadida Vashingtonning murojaati bilan Islomobod harakat yetakchisini ozodlikka chiqargan edi.
Tolibon va Afg’oniston hukumati vakillari 29-may kuni ikki tomonlama muzokarada ishtirok etadi.