Yaqin Sharqdan O'zbekistonga bugun 156 nafar bolalar va ayollar olib kelingan. Maxsus insonparvarlik amaliyoti, deya bildirmoqda Toshkent. Prezident Mirziyoyevning matbuot xizmatiga ko'ra, bu "fuqarolar tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, ta'lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratiladi, boshpana va ish bilan ta'minlash choralari ko‘riladi."
Suriya shimolidagi kurd kuchlarining tasdiqlashicha, aslida 300 o'zbekistonlikning taqdiri haqida gap ketmoqda. Bu degani yaqin orada yana bir guruh O'zbekistonga qaytishi mumkin. Arab manbalarining yoritishicha, bu amaliyotda Rossiya yordamlashgan, ya'ni uning havo bazasidan foydalanilgan.
Bu insonlar, deydi kurdlar, AQSh yetakchiligidagi harbiy qo'shinlar "Islomiy davlat"ni Suriyaning bu qismida tor-mor qilgach, lagerlarda qolib ketgan va qayga borishini bilmay o'tirgan edi. Bolalar va ayollar o'zbekistonlik jangarilarning yaqinlari ekani aytiladi.
BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Helena Freyzer bugun OAV va hukumatga murojaat qilib, qaytganlarning suratlarini ko'rsatmaslikka chaqirdi. Xalqaro qonunlar, deydi Freyzer, bu insonlarni himoya qiladi.
Lekin O'zbekiston hukumatining o'zi ularning suratlarini allaqachon tarqatib bo'lgan.
Shu oy Qozog'iston ham 231 fuqarosini Suriyadan olib kelgan edi.