Breaking News

Markaziy Osiyo va Afg'oniston: Ekstremizm umumiy dushman


Markaziy Osiyo davlatlari hamda Afg'oniston ekstremizmni umumiy dushman deb biladi va chegaralarni mustahkamlamoqda. So'nggi payt Afg'oniston shimoli notinch. Buning sabablaridan biri turli jangari guruhlar o'rtasida o'zaro kurashdir.

O'zbekiston Islomiy Harakati (O'IH), ko'p yillar Afg'oniston va Pokistonda Tolibon va al-Qoida safida jang qilib kelgan guruh, 2015-yili "Islomiy davlat" to'dasiga qo'shilganini e'lon qilgan edi. Ko'p o'tmay Afg'onistonning Zabul viloyatida Tolibon va O'IH o'rtasida qaqshatqich jang kechgan. O'shandan buyon harakat rahbari Usmon G'oziydan darak yo'q.

2016-yilning yozida O'IHning tirik qolgan a'zolari ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo'lib, toliblar safiga qayta qo'shilishini bildirgan edi.

O'zini "Jamoati Imom Buxoriy" (JIB) deb ataydigan, asosan turli davlat o'zbeklaridan tashkil topgan yana bir guruh Suriyada hukumat kuchlari bilan olishib keladi va Tolibon bilan ittifoqchi.

Xabarlarga ko'ra, bu jamoat vakillari Suriya armiyasi bilan janglarda ancha talafot ko'rib, Afg'onistonga ko'cha boshlagan. Bu Afg'onistonda jangarilar yanada ko'payishidan darak beradi.

Jangarilarning yangi to'lqini qo'shni davlatda o'rnashib olishidan xavotirga tushgan hukumatlar umumiy strategiya bilan chiqishga harakat qilmoqda.Qozog'izston, Qirg'iziston, Tojikiston, O'zbekiston va Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi (MDH) mamlakatlari razvedka idoralari 7-dekabr kuni Bishkekda majlis qilib, mavzuni muhokama qilgan.

"Bu guruhlar Markaziy Osiyodan odam yollashiga chek qo'yish darkor", - deyiladi MDH Aksil-terrorizm markazi bayonotida.

May va iyun oylarida Tojikistonda qo'shma harbiy mashqlar o'tkazish rejada. O'zbekiston va Afg'oniston esa ekstremizmda ayblangan shaxslarni ekstraditsiya qilish to'g'risida o'zaro kelishuv imzolagan.

Afg'oniston qurolli kuchlari shimoliy viloyatlarda jangari manzillarini yo'q qilishga qaratilgan harbiy amaliyotlar olib bormoqda. "Shafaq-2" operatsiyasiga 9-dekabrda start berildi. Amaliyotning birinchi bosqichi 2016-yilning martida Qandahor, Zabul va Uruzgonda o'tkazilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG