Bugun Toshkentda: O'zbekiston rahbari har doimgidek Oliy Majlisga, xususan Senatga uning asosiy vazifalarini eslatdi va uni samarasizlikda tanqid qildi.
Bunday yondashuv Islom Karimov prezidentligi davrida ham bor edi. Prezident yilda 1-2 marta Oliy Majlisning qo'shma majlisida qonunchilarni yalqovlarga qiyoslab, urushib turardi. Senatga bu palata qonun chiqaruvchi organ emasligini eslatardi, deputatlarni esa passivlikda ayblar edi.
Mirziyoyevning munosabati konkretroq: senatorlar, uning fikricha, islohotlar jadallashishi uchun hissa qo'shmayapti, ayrimlaridan tashqari.
Bugun Senatda prezidentdan eshitganimiz:
- O'zbekistonda vaziyat og'ir, mamlakat muammolar girdobida
- Senat oyda bir uchrashib, masalalarni dangal muhokama qilishi kerak
- Nazorat sust; senatorlar ishlamayapti
- Senat zamon talablariga javob bermaydi
- Mahalliy kengashlar faollashishi va samarali ishlashi uchun Senat o'rnak bo'lishi va viloyatma-viloyat, tumanma-tuman jonbozlik ko'rsatishi kerak
- Haqiqiy ahvolni, masalan, maktablar naqadar xarob ekanini xalq bilishi kerak, senatorlar o'zini bilmaganga olmasligi kerak
- Senat ijroiya organini savolga tutmaydi, hisob talab qilmaydi
- Bosh vazir yaxshi ishlayapti, lekin o'rinbosarlari "g'o'ddayib yuradi... Bir tiyinga qimmat."
- Samarali faoliyatda senator Sodiq Safoyev namuna - tashqi siyosatda va O'zbekistonni xalqaro maydonda tushuntirishda unga ishonch kuchli.
- Vazirlar aravani torta olmayapti; senatorlar esa loqayd
- Senatorlar prezidentga takliflar berishi kerak
- Qarsak chalish, ura-urachilikni bas qilish kerak
- Oldin vazirlar chet elga chiqa olmasdi; hozir yo'l ochiq, demak, qattiq ishlash kerak
- Uzoq yillar davomida O'zbekistonda mansabdorlar tilsiz, ko'zsiz, quloqsiz bo'lib qolgan edi, bu davr ortda qolishi kerak
- Yo'l xaritalari ko'p, natijalardan darak yo'q. Senat nega beparvo?
- Xotin-qizlarning rolini oshirish kerak; ularga imkoniyatlarni kengaytirish kerak
- Davlat tizimi va jamoat tashkilotlarida 1400 ayol rahbar lavozimida, bu kam
- 17 senator, 21 deputat ayol, bu kam
- Xotin-qizlar har sohada yuqori pog'onalarga chiqa olishi uchun zamin hozirlash kerak
- Ayol tadbirkorlarni quvvatlash kerak
- Davlat va tadbirkor orasida ishonch yo'q
- Qora bozor hali ham muhim omil
- O'zbekiston paxtani "eng zo'r sotganida" bir yilda 1 milliard 200 million dollar daromad olgan. Bu ham kam.
- Importni kamaytirish, eksportni oshirish kerak, har sohada
- "Uyg'oninglar!"
- Partiyalarning rahbarlari o'zini emas, xalqni o'ylashi kerak
- Ayol dardini eshitmas edik, hali ham sharoit talabga javob bermaydi
- Senatga xotin-qizlar manfaatlari hamda gender masalalari bilan shug'ullanadigan qo'mita kerak
- Ayolni e'zozlamasak, jamiyat farovon bo'lmaydi
- "Ongli ravishda ongsizlikka erishdik"... O'zgarish vaqti keldi.
- Huquq-tartibot ishlamasa, islohotlar amalga oshmaydi
- Poraxo'r prokurorlardan to'ydik, toqat yo'q
- Kecha ishdan olingan Otabek Murodov poraxo'r; undan oldingi prokurorlar singari sudda javob beradi
- Kecha tayinlangan prokuror Nig'matilla Yo'ldoshev korrupsiyaga qarshi kurashadi. Bir yilda hisobot beradi.
- Prokuratura yo ishlaydi yo yo'q bo'ladi. Qisqarishi mumkin, organ sifatida isloh qilinadi.
- Prokuratura islohotlarga to'siq emas, yordamchi bo'lishi kerak
- Investitsiya kelmayotganining sababi prokurorlardan qo'rqishadi, chunki huquq-tartibot organlari poraxo'r
- Qonun ustuvorligi nima ekani chuqur o'rganilishi, madaniyat sifatida targ'ib qilinishi kerak
- Yana bir bor: qarsak chalishni bas qilaylik
- Ayollarni teng ko'rmaslik, mensimaslik ongimizga singib ketgan
- Tanzila Norboyeva, kuchli lider, Senatning yangi raisi bo'lsin. O'zbekiston uchun dolzarb masalalar ustida ishlab kelmoqda va yutuqlarga erishgan. Ishonchli, vijdonli, fidoyi.
- Vatanni sevish kerak. Vatanni sevgan odam xato qilishi mumkin, lekin uni sotmaydi.
Siz ham prezidentni tingladingizmi? Qaysi gaplari e'tiboringizni tortdi va nimasi esda qoldi?