Tramp tabassum bilan Putindan saylovga aralashmaslikni so'radi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp (o'ngda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan, Osaka, Yaponiya, 2019-yil, 28-iyun.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putindan Amerika saylovlariga aralashmaslikni so’radi.

Yaponiyaning Osaka shahrida “Katta Yigirmalik” sammiti doirasida o’tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlar Trampdan, Rossiya rahbarini AQSh saylovlariga aralashmaslikka chaqirasizmi, deb so’radi.

“Albatta, aytaman”, - dedi Tramp va yuzida tabassum bilan “Prezident, saylovga aralashmang”, deya Putinga yuzlandi.

Ikki davlat rahbarlari maxsus tergovchi Robert Myuller Tramp saylov kampaniyasi vakillari va Rossiya hukumati o’rtasida hamkorlik bo’lmagani haqida xulosa berishi ortidan ilk bor uchrashdi.

Avvalroq razvedka bilan shug’ullanuvchi uch AQSh agentligi Moskvaning Amerika saylovlariga aralashganiga ishonishlari haqida qo’shma bayonot chiqargan edi.

Oq uyga ko’ra, Tramp va Putin ikki davlat aloqalarini qayta ko’rib chiqib, qurol nazorati bo’yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi. Trampning aytishicha, qurol nazorati muhokamalariga Xitoyni ham jalb etish kerak. Ikki davlat yetakchilari Eron, Suria, Venesuela va Ukrainaga oid masalalar haqida ham gaplashgan.

Tramp Osaka sammitini mezbon Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi va Germaniya Kansleri Angela Merkel bilan uchrashuvlardan boshladi. AQSh rahbari bu rasmiylarning barchasini Osakaga kelishidan bir necha soat oldin tanqid qilgan edi.

Tramp Ikkinchi jahon urishidan beri amalda bo’lgan AQSh-Yaponiya mudofaa alyansini qoraladi.

“Agar Yaponiya hujumga uchrasa, biz Uchinchi jahon urushini boshlaymiz. O’z hayotimiz, boyligimiz bilan ularni himoya qilamiz. Lekin biz hujumga uchrasak, Yaponiya bizga yordam berishga majbur emas. Urushni “Sony” televizorida tomosha qilib o’tirishadi”, - degan edi Tramp Osaka sammitiga kelish oldidan.

Osakadagi uchrashuv ortidan Oq uyning aytishicha, Tramp va Abe bir qator xavfsizlik masalalarida, xususan, Shimoliy Koreya va Eron mavzusida o’zaro hamkorlikka sodiq qolishini aytgan.

Germaniya masalasida Tramp Berlinni NATO xarajatlariga yetarli darajada hissa qo’shmayotganlikda ayblaydi.

Osakada Kansler Merkel bilan uchrashuvda Tramp Eron solayotgan tahdidlar hamda Ukrainada iqtisodiy islohotlarni qo’llab-quvvatlash haqida gaplashgan. Global savdoning adolatli qoidalarini o’rnatish va Xitoy bilan davom etayotgan muzokaralarni qayta ko’rib chiqish haqida ham fikr almashilgan.

AQSh prezidenti Xitoy rahbari Si Zinpin bilan ham uchrashishi belgilangan.

Tramp Osaka sammitidan so’ng Seulga uchib, Janubiy Koreya rahbari Mun Jey In bilan Pxenyan mavzusida gaplashadi.

AQSh prezidenti ikki Koreya davlatini ajratib turuvchi demilitarizatsiya zonasiga ham borishi mumkin. Oq uy Trampning Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan uchrashishi ehtimoli borligi haqidagi xabarlarni rad etdi.

Shu paytgacha Tramp Kim Chen Un bilan ikki marta – Singapur va Vyetnamda – uchrashgan, ammo mintaqada ziddiyatlarni yumshatishga qaratilgan muzokaralar natija bermagan.

AQSh va Shimoliy Koreya 1950-yil boshlangan uch yillik urush oxirida tinchlik kelishuviga erishmagani bois tomonlar hanuz rasman urush holatida ekani aytiladi.