“Milliy tiklanish” partiyasi O’zbekistonda birinchilardan bo’lib to’liq lotin imlosiga o’tmoqchi. Partiyaning yangi saylangan raisi Alisher Qodirov ikki imloga doir uzoq yillik sharmandali holatga barham berilishi lozimligi haqida bayonot qilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
O’zbekistonda lotin imlosi joriy qilinganiga chorak asrdan oshdi, ammo hozirgacha kirill alifbosi asosiy yozuv o’rnida. Bu jarayon kirill alifbosiga qaytish, rus tiliga rasmiy maqom berishga doir yangi tashabbuslarga ham sabab bo'lgan edi.
O’zbek tili va imlosi taqdiri mamlakatda chorak asr davomida muhokamada. Buning asosiy sababi qonunchilikda emas, siyosiy iroda zaifligida ko’riladi. Rasman o’zbek tili davlat maqomida, imlo lotin yozuvida. Muammo qonunning chorak asr davomida qog’ozda qolayotgani bilan bog’liq.
Lotin imlosiga o’tish haqidagi qaror ortidan bu yozuvda savod chiqargan yoshlarning dastlabki avlodi oliy o’quv yurtlarini bitirib, mutaxassislikka ega bo’lishdi. Ammo real hayotda bu yoshlar davlat ishlarini kirill yozuvida yoki rus tilida yuritishga majbur.
“Kun.uz” xabariga ko’ra, Yoshlar kuni munosabati bilan Oliy Majlis qonunchilik palatasida tashkil qilingan uchrashuvda lotin alifbosiga o’tish masalasi ko‘tarilgan.
Qonunchilik palatasi raisi o’rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov mamlakatda uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan ikki imlolik masalasini sharmandali deb baholagan. Alisher Qodirov o’z yetakchiligidagi partiya yaqin vaqtda to’liq lotin imlosiga o’tishini, partiya nashri ham lotin yozuvida chiqishini e’lon qilgan.
Ta’kidlash joiz, “Milliy tiklatish” yetakchisi, ayni paytda Oliy Majlis qonunchilik palatasi raisi o’rinbosari lavozimida bo’lgan Alisher Qodirov hokimiyat qachon to’liq lotin imlosiga o’tishi yuzasidan biror aniq izoh bermagan.
“Milliy tiklanish” yetakchisining bu bayonoti ishonch uyg’otgani kuzatilmaydi. Oliy Majlis ham hozirgacha til va imloga doir biror tashabbus ko’rsatmagan.
Tilshunos olim Baxtiyor Isobekka ko’ra, Oliy Majlis, hukumat ham chorak asrga cho’zilgan alifbo masalasini qisqa fursatda hal etish mumkinligini yaxshi biladi, ammo hozirgacha bunday irodani ko’rsatishga jur’at topmadi.
“Milliy tiklanish” shunday degani bilan bu amalga oshib qolmaydi. Imlo haqidagi qonun 30 yil avval qabul qilingan, hukumat hozir kirillni to’xtatib, lotinga o’tamiz deyishga mutlaqo haqli. Lekin bunday qilmaydi, chunki hukumatdagilarni lotindan xabari yo’q, ular kirillda yozishda, o’qishda davom etishyapti. Achinarlisi shundaki, bugunga kelib katta avlod bilan yoshlar o’rtasida tafovut paydo bo’ldi, ular kirillchada qiynalsa, katta avlod lotinchadan uzoq. Umuman, bir alifbodan ikkinchisiga o’tish uchun buncha uzoq vaqt sarflash yaxshi emas. Bizda avvalgi tajribalar bor, 1940-yilda mamlakat bir kechada lotindan kirill alifbosiga o’tkazilgan, 30 yilga cho’zilmagan” deydi Baxtiyor Isobek.
Lotin alifbosiga to’liq o’tish kirill yozuvidan mutlaqo voz kechishni talab qiladi. Bu ayni paytda O’zbekistonda keng qo’llab kelinayotgan rus tilini cheklashi, rus tili himoyachilarining noroziliklariga sabab bo’lishi ehtimol qilinadi. Hokimiyat lotin imlosiga to’liq o’tishga jazm etmayotgani shu sabablar bilan bog’lanmoqda.
Baxtiyor Isobekka ko’ra, o’zbek tili mavqeyini tiklash kurashni talab qiladi:
“Albatta, kirilldan lotinga o’tish o’z-o’zidan o’zbek va rus tillari o’rtasidagi kurashni ham ifoda etadi. Chunki, oxirgi paytda biz kirillni saqlab qolish, rus tiliga rasmiy maqom berish so’ralgan tashabbuslarga ham guvoh bo’ldik. Bu tashabbus ortida turgan guruh qonunan tasdiqlangan lotin alifbosiga o’tish tarafdori emas. Oradan 30 yil o’tganiga qaramasdan haliyam bunday odamlar bor ekan, demak ular kirillni qattiq himoya qilishadi hali. Hozir lotin imlosiga o’tish haqidagi qonunning ishlamay kelayotgani ham shu guruhning kuch qudratidan dalolat. Ya’ni bu guruhning tarafdorlari hokimiyatda ko’p. Hukumatda ham o’z amali, nasibasini rus tiliga bog’laganlar bor”, - deydi Isobek.
O’zbekistonda davlat tili haqidagi qonun mustaqillikdan avval, oshkoralik davrida qabul qilingan edi. O’zbek tiliga davlat tili maqomi berilishidan so’ng 1993-yilda lotin imlosiga o’tish haqidagi qaror imzolandi.
Bu qaror ijrosi esa hozirgacha bir necha bor uzaytirildi. So’nggi bor bu muddat yana besh yilga - 2021-yilgacha cho’zilgan edi.
Ammo, yangi hokimiyat davrida rus tili maqomiga doir tashabbuslar, Moskva bilan aloqalarning shiddatli rivojlanishi ijro yuzasidan xavotirlarni yana kuchaytirdi.