Vashington koalitsiya tuzishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Ummon dengizida hujumga uchragan neft tankerlaridan birida chiqqan yong'in Eron xavfsizlik xizmati tomonidan o'chirilmoqda. 13-iyun, 2019.

Vashington Eron va Yaman atrofidagi dengiz yo’llarida xavfsizlikni ta’minlashga doir rejasini ma’lum qildi. AQSh joriy mintaqada bir necha mamlakatlardan iborat harbiy koalitsiya tuzish tashabbusini bildirdi. Ma’lumki, o’tgan oyda Ormuz bo’g’ozida ikki neft tankeri va AQShning dron-samolyotiga hujum qilingan. Eron aybdor ekani taxmin qilinadi. O’tgan hafta Eron Britaniya tankerining yo’lini to’sishga ham uringan. Ekspertlar Vashingtonning koalitsiya tuzish rejasini qo’llab-quvvatlamoqda.

Jeykob Larsen Kopengagenda joylashgan “BIMCO” yuk tashish assotsiatsiyasida dengiz yo’llari xavfsizligiga javob beradi. Uning aytishicha, soha vakillari ko’rfazdagi jarayonlarni jiddiy xavotir bilan kuzatmoqda.

“Joriy vaziyat mintaqada ishlayotgan soha vakillarining xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda. Global iqtisod, shuningdek, mintaqa iqtisodi uchun ham muammo tug’dirmoqda. Ormuz bo’g’ozi yoki Ummon ko’rfazida xavfsizlik

ta’minlanmas ekan, neft narxining ko’tarilishi kutiladi. Tankerlarning dengiz hududiga kirishi ozayadi. Neft yetkazib berish ham qisqarib ketadi. Bundan global iqtisod zarar ko’radi”, - deydi Larsen.

AQShning Eron bo’yicha maxsus vakili Brayn Xukka ko’ra, tankerlarga qilingan hujum oqibatida 17 davlat ziyon ko’rgan. Tomonlar to’g’ridan-to’g’ri yoki ishchilar jamosi, sug’urta va shartnomalar orqali zararga uchragan. Xalqaro koalitsiya kelgusidagi tahdidlarning oldini olishi mumkin. Larsenga ko’ra, ko’rfazda ana shunday xavfsizlik tizimining joriy qilinishi muhim.

“Vaziyat o’z holiga tashlab qo’yilsa, o’tgan oyda tankerlar va dronga uyushtirilgan hujumlar yana takrorlanaveradi. Siyosiy vaziyat to’liq o’zgarmaguncha tahdidlar saqlanib qolaveradi”, - deydi Larsen.

Suki Basi Londonda asoslangan “Russel Group” konsalting agentligi mutaxassisi. Unga ko’ra, Ormuz bo’g’ozidan yiliga asosan gaz va neftdan iborat 554 milliard dollarlik xomashyo o’tadi. Vaziyatning izdan chiqishi Saudiya Arabistoniga haftasiga uch yarim milliard dollar zarar keltiradi. Shuningdek, Osiyo mintaqasidagi neft tashuvchi kompaniyalarga ham ziyon yetkazadi. U AQSh rejasini qo’llab-quvvatlasa-da, masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerakligini aytadi.

“Ormuz bo’g’ozi havzasi juda tor. Tankerlar ikki qator bo’lib o’ta oladi. Ularning Eron sohiliga yaqin masofadan harakatlanishi tanglikni oshiradi”, - deydi u.

Larsen vaziyat murakkabligini tan oladi.

“Agar mamlakatlar mintaqaga harbiy kemalarini safarbar qilsa, o’zaro muvofiqlashtirilgan strategiyaga ehtiyoj seziladi. Koalitsiya tarkibidagi kemalarning bir-birini nishonga olish ehtimolini bartaraf qilish lozim. Harbiy kemalar ikki muhim vazifani bajaradi. Birinchidan, ular mintaqada yuz berayotgan jarayonni nazoratga oladi. Hujum uyushtirilgan taqdirda, tahdid manbaini aniqlaydi, qo’lga oladi va zararsizlantiradi. Ikkinchidan, vaziyatdan kelib chiqib, tahdidlarga zudlik bilan javob zarbasini beradi”, - deydi Larsen.

Ekspertlar mintaqada qurolli ixtilof yuz berishini istamaydi. Ular xalqaro dengiz kuchlari muhim suv yo’llari xavfsizligini ta’minlab berishidan umidvor.