1969-yil 20-iyulda amerikalik astronavtlar Nil Armstrong va Edvin Oldrin Oyga oyoq qo'ygan ilk insonlar bo'ldi. AQShning NASA fazo agentligi bu tarixiy voqeaning 50 yilligini o'ziga xos uslubda nishonlamoqda: "Apollon-11" parvozini nazorat qilgan boshqaruv xonasi ta'mirlanib, jamoatchilik e'tiboriga havola qilindi. Bugun bu joy muzey. Restavratsiya jarayonida 1969-yilgi asl holati qayta tiklangan. Xuddi fazo muhandislari bir lahzaga ish joyini tark etgandek.
"Burgut qo'ndi". Parvoz boshqaruvi xonasidagi mutaxassislar Oydan eshitgan ilk so'zlar shu bo'ldi. Shu bilan fazo tadqiqotlarida yangi sahifa ochilgan.
"Raketa Oyga qo'nishi bilan uning motorlari o'chirildi. Butun dunyo buni nishonlayotgan bir paytda biz ish bilan band edik. Chunki jamoamiz missiyaning Oydagi xavfsizligi uchun mas'ul edi", - deya eslaydi "Apollon-11" missiyasi rahbari Jin Krens.
Xyustondagi Boshqaruv xonasi yana 20 yildan ziyod xizmat qildi. 1992-yilga kelib yangi qurilgan zamonaviy fazo markazi ishga tushdi. Tarixiy xona esa yopildi.
"Qolgan-qutgan narsalarni tozaladim, shisha va tunuka idishlarni yo'qotdim. Bu kabi chiqindilarni ko'rsangiz, xona tarixiy missiyalarni amalga oshirgan joyga o'xshamasdi", - deydi Krens.
2013-yil bir guruh restavratorlar xonani 1969-yil 20-iyul holatiga keltirish loyihasi ustida ish boshladi.
"Parvoz boshqaruvi bilan shug'ullanganlar bilan 35 marta suhbat qildik. Ular qayerda o'tirganini, pultdagi qaysi tugmalar bilan ishlaganini, yana nimalar qilganini aytib berishdi. Bu restavratsiya jarayoniga, pultdagi eng muhim narsalarni aniqlashga yordam berdi", - deydi guruh rahbari Adam Greyvs.
Xonani tadqiq qilishning o'ziga besh yil vaqt ketdi.
Eng qiyini pultlarni qayta tiklash va yarim asr oldingi ulkan ekranlarda nimalar aks etganini aniqlash bo'ldi.
"Birinchi, ikkinchi va beshinchi ekranlarda pastlash va qo'nish paytida nimalar ko'rsatilganini aniqlashga bir yildan ortiq vaqt ketdi. Yetarli tadqiqotlar natijasida o'sha paytdagi vaziyat aks etgan videoni topib, undagi manzaradan xonani tiklash uchun zarur bilimga ega bo'ldik", - deydi Greyvs.
Detallar ham e'tibordan chetda qolmadi. Xonaga 60-yillarga oid kanselyariya buyumlari, kuldon, sigareta va salqin ichimlik idishlari ham qo'yilgan.
Parvoz boshqaruvi xonasi bugun sayyohlar uchun ochiq, katta shisha oyna orqali uni tomosha qilish mumkin.