Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari uchrashuvi kutilgan yerda qonli to‘qnashuv bo‘ldi

Tojikiston-Qirg'iziston chegarasidagi Vorux qishlog'i

Shu hafta oxirida Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari uchrashishi kutilayotgan chegara mintaqasida qonli to‘qnashuv yuz berdi. O‘nlab odam jarohat olgan, bir kishi halok bo‘lgan. To‘rt nafar odamning ahvoli og‘irligi aytilmoqda. Ikki davlatning qo‘shni qishloqlari - Vorux va Oq-soy aholisi orasidagi navbatdagi to‘qnashuv 22-iyul kuni kechki soat 17:20 da ro‘y berdi.

Qirg‘iziston chegara qo‘shinlari ma’lumotiga tayanib, 24.kg axborot agentligining xabar berishicha, to‘qnashuvda ov miltig‘idan o‘q uzilgan. Tojikiston chegarachilari voqeani hozircha rasman sharhlagani yo‘q.

Tojikistonning Qirg‘iziston hududi ichida joylashgan Vorux jamoatining tojiklar mahallasi raisi G‘afurjon Jo‘rayevning aytishicha, to‘qnashuvda bir kishi halok bo‘lgan.

"Tojikiston mahallasida Qirg‘iziston tomonidan otilgan o‘q natijasida 52 yoshdagi o‘qituvchi Jaloliddin Qaroyev halok bo‘ldi. Besh nafar odam jarohat oldi. Ular orasida Sug‘d viloyati Ichki ishlar boshqarmasi qidiruv bo‘limi boshlig‘i Abdurasul Shomirsaidov ham bor. Jarohat olganlar hozir Voruxdagi shifoxonaga yotqizilgan", – deydi mahalla raisi.

Vorux jamoati shifoxonasi bosh vrachi Karima Hakimovaning aytishicha, mahalliy fuqaro Jaloliddin Qaroyev bosh chanog‘ining ko‘z qismiga tekkan o‘qdan halok bo‘lgan. Shifokorning aytishicha, jarohat olganlardan to‘rt nafarining ahvoli og‘ir.

Qirg‘iziston chegara qo‘shinlari matbuot xizmatidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, besh nafar qirg‘izistonlik ham jarohat olgan. Ular Botkent viloyati kasalxonasiga yotqizilgan. Yaralanganlar orasida militsiya xodimi ham borligi aytilmoqda.

Guvohlarning aytishicha, janjallar tojikistonlik mas’ullar Vorux qishlog‘ida mamakat Prezidenti Emomali Rahmonning tashrifi munosabati bilan davlat bayrog‘ini osishlari ortidan kelib chiqdi. Oq-soy qishlog‘i odamlari bunga qarshi chiqqan. Og‘zaki aytishuvlar mushtlashuv va toshbo‘ronga aylanib, so‘ng o‘q ovozlari yangragan. Ro‘y bergan voqea ortidan Qirg‘izistonning Oq-soy qishlog‘i odamlari Isfara – Vorux yo‘lini berkitgan. Qirg‘izistonlik jurnalist Mederbek Niyazalievning aytishicha, voqea joyida Qirg‘iziston va Tojikiston chegarachilari va boshqa davlat organlari xodimlari yig‘ilgan. Vaziyat ayni paytda nazorat ostida.

Yaqin kunlarda ushbu bahsli hududga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg‘iziston Prezidenti Sooronboy Jeenbekovning tashrifi va chegara muammosini hal qilish maqsadida muloqoti kutilayotgan edi.

Mahalliy aholi vakillari prezidentlarning tashrifini sabrsizlik va katta umid bilan kutayotganligini ma’lum qiladi.

Vorux jamoatida istiqomat qilayotgan mahalliy ziyolilardan birining aytishicha, ular chegara muammolari nihoyat hal bo'lishidan umidvor.

"Biz davlat rahbarining tashrifidan mamnunmiz, biz tayyormiz. Bunday yashashning iloji yo‘q. Ertalab siz uyg‘onasiz va Isfara yo‘lining ochiq yoki yo‘qligini o‘ylaysiz. Siz Isfaraga borasiz va kechga uyga qaytib kela olish-olmasligingizni bilmaysiz, chunki istalgan vaqtda Voruxga yo‘lni yopib qo‘yishlari mumkin. Bu juda achinarli. Umid qilamizki, davlat rahbari tashrifi bilan "qamoqxonamizning eshiklari abadiy ochiladi va biz Tojikistonning qolgan qismlari bilan bevosita bog‘lanamiz", – deydi voruxlik ziyoli Narzullo Aziziyon.

Chegarada to‘qnashuvlar kelib chiqishining asosiy sababi delimitatsiya va demarkatsiya qilinmay qolayotgan bahsli hududlardir. Ikki davlat hukumatining kelisha olmasligi sababi bir tomon 1920-yil kartasiga tayanib o‘z hududini da’vo qilsa, ikkinchi taraf 1950-yil kartasiga tayanishi aytilmoqda.

Shu kungacha Tojikiston va Qirg‘iziston orasidagi 976 kilometr chegaraning 504 kilometri delimitatsiya va demarkatsiya qilingan, xolos.

Markaziy Osiyoda chegara masalalari bo‘yicha siyosiy tahlilchi Ne'matullo Mirsaidovning fikricha, mojaro atay uyushtirilgan fitna bo‘lishi mumkin.

"Mojaro Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida muhim hududiy masalalar bo‘yicha kelishuvga erishishdan manfaatdor bo‘lmagan "uchinchi kuch" tomonidan uyushtirilgan fitna bo‘lishi mumkin. Ushbu masalalar ikki mamlakat prezidentlarining navbatdagi uchrashuvi kun tartibida bo‘lib o‘tadi, bu kelgusi bir necha kun ichida Isfarada o‘tkazilishi kerak edi. Tojikiston tomonining Prezident Emomali Rahmonni qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rishi, davlati rahbarining Vorux qishlog‘iga tashrif buyurishi va balki mahalliy aholi bilan muloqot qilishi ham rejalashtirilganidan darak berar edi. Endi esa davlat boshlig‘ining Voruxga kelish-kelmasligi noma'lum bo‘lib qolmoqda", – deydi Mirsaidov.

"AKIpress" axborot agentligining prezident matbuot xizmatiga tayanib bergan xabariga ko‘ra, 4-iyul kuni Batken viloyati va Batken shahri aholisi bilan uchrashuvda Sooronbay Jeenbekov chegara masalasiga ham alohida to‘xtalgan edi.

"O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan uchrashuvlar tarixiy voqea bo‘ldi. Deyarli barcha masalalar bo‘yicha umumiy fikrga keldik",–degandi Sooronbay Jeenbekov.

Jeenbekov chegara masalalarini hal qilishning oson emasligini ta’kidlab, O‘zbekiston bilan uzoq muddatli masalalarga chek qo‘yilib, Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasining 85 foizi aniq belgilanganligini eslatdi. Uning fikricha, ertami-kechmi bu masalalar hal qilinadi, bu vaqt va sabr-toqat talab qiladi.

"30 yildan beri mavjud muammolarni hal qilishga vaqt kerak, bu kabi masalalar tezkorlik bilan hal qilinmaydi. Men bilaman, hal qilinmagan chegara masalalari tufayli turli hodisalar ro‘y beradi. Shu sababli fitnalarga uchmaslik kerak. "Yaqin qo‘shni uzoq qarindoshdan afzal" degan maqolni esga olish va qo‘shni davlat fuqarolari bilan tinch-totuv yashash juda muhimdir. Biz ko‘p asrlik qo‘shnilarimiz bilan yaqin do‘stona munosabatlarni himoya qilish va kuchaytirishimiz kerak. Qo‘shnilarimiz bilan talashadigan hech narsa yo‘q, bizning mozorimiz ham bir, bozorimiz ham bir. Bizning dinimiz ham bir. Bir ariqdan suv ichamiz ",– deya ta’kidlagan edi Prezident Sooronbay Jeenbekov.

Jeenbekov Tojikistonga qilgan rasmiy tashrifi chog‘ida Prezident Emomali Rahmon bilan chegara masalalari bo‘yicha kelishuvga erishilganini bildirdi.

"Yaqinda muhtaram Prezident Emomali Rahmon Qirg‘izistonga tashrif buyuradi, bizning muzokaralarimiz davom etadi, chegara masalalarini hal qilishni hech qachon e’tibordan chetda qoldirmaymiz. Tojikiston prezidenti ham, men ham ochiq muzokaralarga tayyormiz", – degan edi Sooronbay Jeenbekov.