Rossiya xavfsizlik xizmati vakillari taniqli muxolifat vakili Aleksey Navalniyni 30 kunga hibsga olishi ortidan yana sakkiz nafar siyosiy faol so'roqqa chaqirildi. Moskva shahar kengashi uchun 8-sentabrga mo'ljallangan saylovlarda qatnashish uchun o'nlab mustaqil nomzodlarning arizasi qabul qilinmagach, shahar bo'ylab norozilik namoyishlari boshlanib ketdi.
Muxolifat Moskva shahar kengashi saylovlarida qatnashishni istagan 30 mustaqil nomzodning byulletenlarga kiritilmaganiga qarshi namoyish o'tkazmoqda. Rasmiylarning aytishicha, bu nomzodlar odamlardan to'plangan imzolarning haqiqiyligini isbotlab bera olmagan. Ro'yxatga olingan nomzodlar orasida esa Kreml tanqidchilari ko'rinmaydi.
"Boshboshdoqlikdan g'azabdamiz. Hukumat mustaqil nomzodlarni taqiqlayapti. Ularning 30 tasi soxta imzo yig'gan bo'lishi mumkin emas", - deydi namoyishga chiqqan talaba Aleksandr Polovinkin.
Rossiya muxolifatining taniqli vakili Aleksey Navalniy 24-iyul kuni yana hibsga olindi. Maqsad navbatdagi namoyishning oldini olish ekani aytilmoqda. Bundan tashqari, yana ko'plab muxolif nomzodlarning uylarida tungi reydlar o'tkazilgan. Bu saylov komissiyasi binosi oldida yuz bergan namoyishlar va saylov rasmiylariga qarshi zo'ravonlik tahdidlari bo'lgani bilan bog'lanmoqda.
Sakkiz nomzod so'roqqa chaqirilgan.
"Bizni qo'rqitishga urinish bu. Ular saylov huquqlarimizni cheklab, bizni tiz cho'ktirishmoqchi. Bunga yo'l qo'ymaymiz", - deydi saylovga nomzodini qo'ygan muxolifat vakili Ilya Yashin.
Markaziy Saylov komissiyasi prezidenti Ella Pamfilovaning aytishicha, ko'cha namoyishlari hech narsani o'zgartirmaydi.
"Adolatsizdek ko'rinishi mumkin, lekin amaldagi qonun hammani ro'yxatga olishga ruxsat bermaydi", - dedi u.
Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi huquqshunos Lyubov Sobolning ham nomzodi rad etildi. Namoyishlar muxolifat oldidagi yagona chora, deydi u.
"O'z siyosiy dasturlarimiz, g'oyalarimiz bilan saylov orqali kurashmoqchi edik, chunki bu qonuniy jarayon. Lekin bunga ruxsat berishmadi; hatto ismimizni byulletenga qo'yishmadi. Moskva ahlida o'z huquqlari uchun ko'chada kurashishdan boshqa tanlov imkoniyati qolmadi", - deydi u.
Huquq faollariga ko'ra, nomzodlar yig'gan imzolarni tekshirish jarayoni shaffof o'tmagan. Mustaqil nomzod sifatida qatnashish uchun yetarli miqdorda imzo to'plagan barcha fuqarolarning saylovda qatnashishiga ruxsat berilishi kerak, deydi ular.