AQShda federal miqyosda o'lim hamon oliy jazo. Adliya vazirligi 16 yillik tanaffusdan keyin yana bu haqiqatni eslata boshlagan. Chunki bugun jamoatchilik orasida o'lim jazosiga qarshilar kamaygan. Vaholanki, ko'plab shtatlarda eng qabih jinoyatlarda aybdor deb topilgan odam qatl etilmaydi.
Oxirgi marta Amerika qamoqxonalarida 2003-yilda o'lim jazosi ijro etilgan.
2018-yilgi so'rovda, respondentlarning 56 foizi o'lim oliy jazo bo'lishi kerak degan. 2003-yilda bunday fikrlaydiganlar soni 70 foizda edi.
Tarafdorlar nazarida o'lim jazosi odamlarni jinoyatdan saqlaydi, hayotni asraydi va jabrlanuvchilar uchun adolat demakdir. Qarshilar nazarida esa o'lim jazosi noinsoniy ish va agar keyinroq aybsiz ekani aniqlansa, kech bo'ladi, sudlanuvchining joni allaqachon olingan.
1973-yildan beri o'limga mahkum etilganlarning 160 nafari oqlangan. Bu degani sud va huquq-tartibot tizimida kamchiliklar, xato qilish hollari ko'p uchraydi.
Kongress o'lim jazosini bekor qilmagan. Lekin shtatlarda undan voz kechish mumkin va bunday shtatlar anchagina.
Masalani o'rganib chiqqan olima Nikol Porter deydiki, shtatlar va mahalliy hokimiyatlarda bunday jazoga qarshilik kuchli. Biroq federal qonun o'zgarmagani bu jazoning amalda qolishiga hissa qo'shib kelmoqda. Ya'ni, davlat sifatida AQSh bu jazo turini hamon asosli deb hisoblaydi.
Ayni damda bu mamlakat qamoqxonalarida sud tomonidan o'limga loyiq deb topilgan 65 kishi bor.
Oldinlari bu jazo uch bosqichli dori orqali ijro etilar edi. Endilikda, qator sudlashuvlardan keyin, Adliya vazirligi bir marta dori berib qatl etish siyosatini ko'rib chiqmoqda. "Pentobarbital" degan maxsus dorini ishlatish ko'zda tutilgan.
Adliya vaziri Uillyam Barr o'lim jazosi tarafdori.
"Eng dahshatli jinoyatlarni sodir etganlar o'limga munosibdir", - deydi u, pozitsiyasini tushuntirar ekan.
"Adliya vazirligi uchun qonun hamisha ustuvor".
AQSh G'arbda bunday jazoni qo'llaydigan yagona yirik davlat. Dunyo mamlakatlarining 70 foizidan ortig'i uni allaqachon bekor qilgan.
1972-yilda Amerika Oliy sudi o'lim jazosi konstitutsiyaga qarshi degan hukm chiqargan. Lekin 1976-yildagi hukm buning aksini bildiradi. 1988-yildan beri o'lim muayyan va o'ta vahshiy jinoyatlar uchun ishlatiladi.
1976-yildan beri 1500 odam qatl etilgan. 21 shtatda bunday jazo yo'q. To'rt shtatida vaqtincha taqiq hukmron.
Texas va Arkanzas singari shtatlarda o'lim jazosi tarafdorlari katta kuchga ega. Saylovchilar va siyosiy faollar orasida bu jazo turi adolatlidir deb hisoblaydiganlar talay.
“Jinoyatiga mos jazo shu, deydiganlar nafaqat oddiy fuqarolar balki siyosatchilar orasida ham ko'p uchraydi", - deydi Richard Brafton, sobiq prokuror muovini va huquqshunoslar bo'yicha professor.
Prezident Donald Tramp ham o'lim jazosi tarafdori. Saylov kampaniyasida uni tiklashni va'da qilgan, ya'ni vaqtincha taqiq bekor qilinib, hukm ijro etilishi kerak.
Adliya vazirligining so'nggi bayonotlari mamlakat bo'ylab sudlovlarni avj oldiradi. O'lim jazosiga qarshilar tizimdan arz qilib chiqishi kutilmoqda. Targ'ibot ham kuchayadi.