Anqarada O'zbekiston va Turkiya tashqi ishlar vazirlari muloqot qildi

Your browser doesn’t support HTML5

“Qardosh va strategik hamkorimiz O‘zbekiston bilan aloqalarimizni barcha sohalarda tenglik va o‘zaro manfaatdorlik asosida rivojlantiryapmiz”, - dedi Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li. O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan Anqarada uchrashuv. 5-avgust, 2019.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bugun Turkiya poytaxti Anqarada boshlangan XI Elchilar konferensiyasida nutq so‘zlab, respublikada har jabhada islohotlar avjida, degan. Vazir O'zbekiston diplomatiyasining ustuvor jihatlarini qayd etar ekan, qo'shnichilik aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, Turkiya singari jahon sahnasida muhim rol o'ynaydigan davlat bilan hamkorlikni rivojlantirishni asosiy maqsadlar deb aytgan.

Mazkur anjumanda iqtisodiyot, siyosat, xavfsizlik singari bir qator sohalar bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi dolzarb masalalar muhokamada.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li Komilovga konferensiyadagi ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirdi.

“Qardosh va strategik hamkorimiz O‘zbekiston bilan aloqalarimizni barcha sohalarda tenglik va o‘zaro manfaatdorlik asosida rivojlantiryapmiz”, - dedi Chovusho‘g‘li.

Komilov va Chovusho‘g‘lining Anqaradagi uchrashuvida ikki davlat munosabatlari hamda bugun o‘z ishini boshlagan Strategik rejalashtirish guruhining birinchi yig‘ilishi kun tartibi yuzasidan fikr almashilgan.

Ushbu guruhga 2018-yilda O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari tomonidan Toshkentda asos solingan. Uchrashuv nihoyasida ikki vazirlik o‘rtasida 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi borasida kelishib olingan.