Tolibon O'zbekistonda: muzokaralar qanday o'tdi?

Tolibon delegatsiyasi Toshkentda

Yaqinda Toshkentda Tolibon delegatsiyasi bilan o'tgan muzokara turli fikr va muhokamalarga sabab bo'ldi.

Muloqotda Afg’oniston shimolidagi millionlab o’zbeklar manfaati ham inobatga olindimi? Tolibon yetakchilarining Toshkentda tantanali kutib olinishi, jangarilar hayit namozini Samarqand va Buxoroda ado etishlari ortidan o’zbek jamoatchiligi shu savolga diqqat qaratmoqda. Toliblarga Toshkent ko’rsatgan rasmiy qabul tinchlik muloqotini dastaklab kelgan afg’on hukumati noroziligiga ham sabab bo’ldi.

Your browser doesn’t support HTML5

Toshkentda Tolibon bilan muzokaralar

Rasmiy Toshkent munozaralar nishoniga aylangan bu uchrashuvlar yuzasidan qisqa izoh berish bilan cheklandi.

Ta’kidlanishicha, Tolibonning Qatardagi siyosiy idorasi yetakchisi mulla Barodar Oxund boshliq guruh bilan muzokaralarda Afg’onistonda tinchlik o’rnatish masalasi muhokama qilingan. Tolibon Toshkentning bu boradagi harakatlarini olqishlagan, Afg’oniston muzokarasiga oid Samarqandda kutilayotgan navbatdagi uchrashuvni qo’llab-quvvatlagan.

Tolibon guruhining O’zbekiston bo’ylab safari deyarli 5 kun davom etgan. Mulla Barodar boshliq guruh Toshkentdan tashqari Samarqand va Buxoroga safar qilgan; viloyat hokimlari tomonidan rasman, tantanali kutib olingan.

Tolibon guruhi O’zbekistonda o’tkazgan muzokaralari haqida iliq fikr bildirgan bo’lsa, afg’on hukumatining bu uchrashuv haqida bildirgan munosabati ancha sovuq. Afg’oniston Tashqi ishlar vazirligi Toshkent toliblarga rasmiy qabul uyushtirganidan norozi, bunday qabul tinchlikka xizmat qilmasligini bildirgan.

Sharhlovchi Anvar Nazirga ko’ra, toliblar bilan muloqotga kirishib borayotgan O’zbekiston Afg’oniston shimolidagi millionlab o’zbeklar manfaatini unutib qo’ymoqda.

“Bu tashabbusni, asosan, Rossiya qo’llab-quvvatlayapti, bu yerda O’zbekistondan foydalanmoqda xolos. Moskva AQShga qarshi Tolibonni kuchaytirmoqchi, ko’mak ko’rsatmoqda. Agar toliblar qaytadigan bo’lsa, shimoldagi o’zbeklar ahvoli nima bo’lishini hech kim o’ylayotgani yo’q. Chunki pashtunlar hukmronligiga asoslangan toliblar azaldan shu asosda siyosat yuritib kelgan. Hozir bu masalaga O’zbekiston aralashib noto’g’ri qilyapti, bizga hech kim tahdid solayotgani yoq, Afg’oniston shimoli, Janubiy Turkiston nisbatan tinch. O’zbekistonning o’zida ichki muammolar yetarli. Qolaversa, toliblar Rossiyadan qurol-yarog’ olib kuchayib yana hokimiyatga qaytadigan bo’lsa, muammo bilan O’zbekistonning o’zi yana to’qnash qoladi”, - deydi Anvar Nazir.

Toshkent pozitsiyasiga ko’ra, Afg’onistonda tinchlik qarama-qarshi kuchlar o’rtasida shartsiz muloqot o’rnatilishidan boshlanishi kerak. Avvalroq O’zbekiston bu borada xalqaro konferensiyaga mezbonlik qilgan. Shu yil mart oyida esa O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qatarda Tolibon yetakchilari bilan muzokara o’tkazib qaytgan edi.

Qatarda mulla Barodar bilan uchrashgan Komilov tinchlik muloqoti bilan bir qatorda iqtisodiy aloqalarni ham muhokama qilgan edi.

Mart oyida Qatarda, shu oy O’zbekistonda o’tgan bu muzokaralar Toshkent Tolibonni Afg’onistondagi rasmiy siyosiy kuch sifatida ko’rayotganidan darak beradi. Ikki o’rtadagi muzokaralarda xavfsizlik masalasi, shuningdek, Afg’oniston shimoliga doir vaziyat yuzasidan muzokaralar borganmi, yo’qmi, ma’lum emas.

Tolibonning hokimiyatga qaytish ehtimoli kuchayar ekan, Afg’onistondagi, jumladan shimoliy viloyatlardagi ijtimoiy vaziyat yana taranglashishiga doir xavotirlar ortgan.

“Afg’oniston shimolida 10 millionga yaqin o’zbeklar bor, albatta, ularning orasida turli siyosiy kuchlar mavjud. Lekin aksariyati Toshkentning bu harakatini salbiy qabul qilmoqda. Qolaversa, toliblar xalqaro terrorchi guruhlar ro’yxatiga kiritilgan, ularni Toshkentda qabul qilish bilan hukumat o’z jamoatchiligining ko’zi oldida bir qancha qonunlarni buzmoqda. Bu yerda O’zbekiston o’z milliy manfaatlari bir chetda qolib, boshqa tashqi siyosiy kuchlar, Rossiya manfaatlari uchun xizmat qilayotgandek. Agar shunaqa bo‘ladigan bo’lsa, bu juda katta xavf tug’diradi”, - deydi Anvar Nazir.

Afg’oniston shimolidagi o’zbeklar soni haqida aniq ma’lumotlar yo’q. Taxminiy hisoblarga ko’ra, 4-6 milliongacha o’zbeklar yashaydi. O’zbek tili Afg’onistonda uchinchi rasmiy til maqomiga ega.

Marhum prezident Islom Karimov boshqaruvi davrida Afg’oniston bilan munosabatlar, jumladan, o’zbek tilli aholi bilan aloqalar keskin cheklangan edi.

Mirziyoyev hokimiyatga kelar ekan, Afg’oniston tashabbusi qayta jonlandi. Toshkent bu tashabbusga afg’on hukumatini ham faol jalb etgani kuzatiladi.

Afg’oniston rahbari Ashraf Ga’ni ikki davlat o’rtasidagi diplomatik aloqalar tarixida ilk bor O’zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo’ldi; Mirziyoyev Afg’oniston bilan iqtisodiy, ijtimoiy munosabatlarni rivojlantirishga kirishdi; Afg’oniston shimolidagi o’zbeklarga ko’mak ko’rsatish, ularni O’zbekistonda o’qitish ishlari qayta yo’lga qo’yildi.