O’tgan yili AQShda turli ish joylarida o’tkazilgan immigratsiya reydlarida 1500 dan ortiq hujjatsiz muhojir ushlangan. 2018-yil Tramp ma’muriyati tomonidan jami 250 mingdan ortiq odam deportatsiya qilingan. Hujjatsiz ishchilarni yollagani uchun har yili o’rtacha 15 kompaniya jinoiy javobgarlikka tortiladi. Immigratsiya nazoratini kuchaytirish va bunga qarshi bo’lganlarning aytishicha, hujjatsiz ishga yollash uchun javobgarlik kuchaytirilmas ekan, noqonuniy muhojirlikni kamaytirib bo’lmaydi.
AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati xodimlari yaqinda Missisipi shtatidagi yettita qishloq xo’jaligi korxonasida reyd o’tkazib, noqonuniy ishlayotgan 680 hujjatsiz muhojirni hibsga oldi.
Lekin ish beruvchilar kamdan-kam holatda federal qonunlarni buzganlikda ayblanadi; chunki ishchilar mamlakatda noqonuniy yurganini ular oldindan bilganini isbotlash qiyin.
Hujjatsiz ishchi yollash uchun 100 dollardan 10 ming dollargacha jarima yoki bir necha marta qonun buzilgan holatda, olti oygacha qamoq jazosi belgilangan.
Biznes egalari uchun jazo choralarining yengilligi noqonuniy immigratsiya yo'qolmayotganining asosiy sababidir, deydi faollar.
"Biz shox-shabbalarga hujum qilyapmiz. Muammoning tomiri esdan chiqyapti", - deydi faol Kevin Lin.
Ko'plab kompaniyalar ishchilarning huquqiy maqomini tekshirish uchun "E-Verify" hukumat tizimidan foydalanadi. Lekin dastur xatolardan xoli emas. Ba'zan soxta hujjatlar ham o'tib ketadi va natijada ish beruvchilar aybni onlayn tizimga ag'daradi.
"Mening qarashim shuki, "E-Verify" kutilganidek ishlamaydi va shu bois u mashhur. Siyosatchilar bu masalada qattir turgandek, lekin ular mahalliy iqtisodiyotga zarar yetkazishni xohlamaydi", - deydi tadqiqotchi Aleks Nourasta.
Immigrant huquqlari himoyachilari ishchi muhojirlarning jinoyatchi sifatida ko'rilishiga qarshi. Biznes faollari esa qonuniy immigratsiyani kengaytirish orqali ischilar taqchilligini bartaraf qilish tarafdori.
"Quyi va o'rta malakali ishchilarga bu mamlakatga qonuniy kelib ma'lum muddat ishlay olishiga va so'ng o'z vatanlariga qaytishiga ruxsat berish kerak", - deydi Nourasta.
Immigratsiyaga qarshilar esa ishchilar kamligini inkor etib, aksincha, amerikaliklarga maoshlar miqdorini oshirish lozimligini aytadi. Ularga ko'ra, noqonuniy muhojirlarni yollovchilarga jazo kuchaytirilishi kerak.
"Ular hozirgi jarimalarni biznesning xarajati sifatida ko'radi va bu o'zgarishi kerak. Buni o'zgartiradigan narsa qamoqqacha bo'lgan qattiq jazo choralaridir", - deydi Kevin Lin.
Ish beruvchilar uchun jazoni kuchaytirishni muhojirlar tarafdorlari ham, bunga qarshilar ham yoqlaydi. Ammo tizimni qanday isloh qilish bo'yicha qarashlar xilma-xil.