Shu hafta O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o’tgan Xavfsizlik kengashi hisobotiga ko’ra, mamlakat o'tgan qisqa muddat ichida qudratli davlatlar bilan munosabatlarini yanada mustahkamlashga erishgan. Tashqi siyosatdagi ustuvor hamkorlar uchligi o’zgarmagan: Rossiya, Xitoy va AQSh.
Mirziyoyev yetakchiligidagi tashqi siyosat yuzasidan jamoatchilikdagi asosiy e’tiroz O’zbekistonning uyg’urlarga nisbatan Xitoy siyosatini qo’llab-quvvatlagani bilan ko’zga tashlandi.
Your browser doesn’t support HTML5
Prezident raisligida o’tgan Xavfsizlik kengashi yig’ilishida O’zbekistonning tashqi siyosiy aloqalar bo’yicha faoliyati tahlil qilingan. Ta’kidlanishicha, O’zbekistonda amalga oshirilayotgan ochiqlik va ishonch siyosati tufayli Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarda mutlaqo yangi muhit shakllangan, strategik hamkorlik yo’lga qo’yilgan.
Oliy darajadagi tadbirlar natijasida an’anaviy hamkorlar Rossiya, Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya, Germaniya, Turkiya, Fransiya, Osiyo qit’asi vakillari bilan hamkorlik yanada mustahkamlangan.
Yig’ilishda shu davrgacha amalga oshirilgan ishlar tanqidiy baholandi; ikki va ko’p tomonlama hamkorlikda milliy manfaatlarni ta’minlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi, deyiladi Xavfsizlik kengashi yig’ilishi haqida Prezident matbuot xizmati tarqatgan xabarda.
Xavfsizlik kengashidagi tanqid nimalarni nazarda tutgani ma’lum qilinmagan, ammo mamlakat tashqi siyosati yuzasidan jamoatchilikdagi mavjud e’tirozlar, asosan, Xitoy bulan munosabatlarda, xususan, O’zbekistonning uyg’urlarga nisbatan Xitoy siyosatini qo’llab-quvvatlaganida ko’rinadi.
Iyul oyida Xitoyning uyg’urlarga nisbatan tazyiq siyosati, xususan mamlakatda tashkil etilgan qayta tarbiyalash lagerlarida millionlab musulmonlar saqlanayotgani BMT doirasida muhokamaga chiqqan. G’arb davlatlari bu siyosatni tanqid ostiga olgan bo’lsa, aksariyati musulmon bo’lgan davlatlar Xitoy siyosatini yoqlab ovoz bergan edi.
O’sha paytda rasmiy Toshkent bu masalada qanday pozitsiyada turgani noma’lum edi. O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi “Amerika ovozi”ning bu boradagi murojaatiga javob bermadi.
Ammo keyinroq mahalliy matbuot O’zbekiston uyg’urlarga nisbatan Xitoy siyosatini qo’llab-quvvatlagan musulmon davlatlar qatorida ekani haqida yozdi va ijtimoy tarmoqlarda bu haqda keskin norozilik fikrlari bildirildi.
Xavfsizlik kengashi mintaqa davlatlari bilan ishonchli, strategik aloqalar yo’lga qo’yilganini ta’kidlayotgani inobatga olinsa, Markaziy Osiyodan faqat O’zbekiston va Tojikiston Xitoyning uyg’urlarga bosimini olqishlagani jamoatchilikka ancha noo’rin ko’rindi.
Xitoydagi jazo lagerlari sifatida talqin qilinayotgan qayta tarbiyalash maskanlarida uyg’urlardan tashqari minglab qozoqlar, qirg‘izlar, jumladan, o’zbeklar ham borligi ta’kidlanadi. Qozog’iston va Qirg’izistonning bu borada betaraf qolishi mamlakatlar jamoatchiligida Xitoy siyosatiga nisbatan norozilik kuchli ekanligi bilan izohlanadi.
Uyg’onib kelayotgan o’zbek jamoatchiligi ham ayni paytda Xitoyning qardosh uyg’urlarga nisbatan siyosatiga befarq emas.
Ayniqsa, Toshkent shahrida tuman kengashi deputati Qobul Dusovning Prezident Mirziyoyevga uyg’urlarni qo’llab-quvvatlashni so’rab qilgan murojaati keng muhokama va olqishlarga sabab bo'ldi.
“Bizning rizqimizni Xitoy emas, Alloh beradi” deb nomlangan bu murojaatda deputat Prezident Mirziyoyevni musulmon davlatlari ichida birinchilardan bo’lib Xitoy zulmi ostida ezilayotgan Sharqiy Turkistondagi qardosh uyg’urlarni qo’llab- quvvatlashga chaqirgan edi.
Uyg’ur faollari ayni paytda Xitoydagi qayta tarbiyalash lagerlarida millionlab uyg’urlar saqlanayotgani, majburan kommunistik mafkuraga doir adabiyotlardan o’qitilayotgani, uyg’urlarni xitoylashtirishga harakat kuchayganini aytadi.
Abdurahim Poraj Xitoydagi tazyiqlardan qochib chiqqan uyg’urlardan biri. U Sharqiy Turkistondagi musulmonlar mahkum ayni paytdagi vaziyatni shunday izohlaydi:
“Ikki yil bo’ldi, tazyiqlardan qochib chiqqanimga, farzandlarim, qarindoshlarim taqdiridan bexabarman. Xorijdagi minglab uyg’urlar vaziyati ham xuddi shunday, vatanda qolgan qarindoshlar taqdiridan bexabarlar. Dunyo Xitoyning uyg’urlarga nisbatan zulmiga nisbatan sukutda, shu jumladan, bizning eng yaqin qardoshlarimiz bo’lgan O’rta Osiyo davlatlari ham. Afsuski, Xitoy zulmi bilan to’qnashmaganlar, aytishi mumkin Xitoy siyosati yaxshi, uddaburon deb, ammo bu zulmni biz kabi boshdan o’tkazgan millat yo’q. Ammo O’rta Osiyoda ham Xitoy zulmi bilan to’qnashgan millatlar ko’payib bormoqda, mana Qozog’iston, Qirg’iziston jamoatchiligi buni endi tushunyapti, Xitoyga intilish susayib bormoqda. Buning ortidan O’zbekistondagi vaziyat ham o’zgaradi deb umid qilaman, o’zbeklar bizga eng yaqin millat, tariximiz ham, tilimiz, urflarimiz ham juda yaqin, farq yo’q. Shuning uchun ham uyg’urlar o’tkazilayotgan zulmni hammadan ko’ra o’zbek qardoshlarimiz yaqindan his qiladi, deb umid qilaman”, - deydi Abdurahim Poraj.
Sharqiy Turkistonda qancha musulmon yashashi aniq emas, ammo bu mamlakatdagi musulmonlarning aksariyatini turkiy xalqlar - uyg’urlar, qozoqlar, qirg’izlar va o’zbeklar tashkil etadi. Rasmiy Pekin Sharqiy Turkistondagi siyosatini bo'lginchilik va ekstremizmga qarshi kurash chorasi sifatida asoslaydi.