Gibraltar Eronning neft tankerini ozod qildi

  • Amerika Ovozi

Eron neft tankeri Gibraltar dengiz hududida, 15-avgust, 2019-yil.

Britaniyaga qarashli Gibraltar avtonom hududi Vashingtonning e’tirozlariga qaramay Eronning neft tankerini ozod etdi. Tehron neftni Suriyaga yetkazib bermasligi to’g’risida kafolat berishi ortidan shunday qarorga kelingan.

Tanker Eron neftini Yevropa Ittifoqi va AQSh sanksiyalariga zid ravishda Suriyaga yetkazishi gumon qilingan edi.

“Associated Press” agentligining ma’lum qilishicha, Gibraltar Bosh vaziri Fabian Pikardo Eron tankeri Gibraltar dengiz hududida ekan, Vashington tankerni qayta ushlab qolish uchun rasman murojaat qilishi mumkinligini aytgan.

Tankerda 2,1 million barrel Eron nefti bo’lgan. Uni Gibraltar politsiyasi va Britaniya maxsus kuchlari qo’lga olgan. So’nggi paytlarda Eron va G’arb mamlakatlarining manfaatlari havo va dengiz hududlarida bir necha bor to’qnashdi. Aksariyat nizolar Fors ko’rfazi va Yaqin Sharq mintaqasida yuz bergan.

Eron tankeri to’xtatib qolingach, javob chorasi ham qo’llangan edi. 19-iyul kuni Tehron strategik Ormuz bo’g’ozida Britaniyaning “Stena Impero” nomli tankerini ushlab qolgan. Tanker xalqaro dengiz qoidasini buzgan deb topilgan. “Stena Impero” hanuz Eron nazoratida qolmoqda.

Tehron AQShning Eron tankerini qo’yib yubormaslik to’g’risidagi chaqirig’ini qoraladi.

“Iqtisodiy terror yo’li bilan o’z muddaosiga yeta olmagan Tramp ma’muriyati ochiq dengizda bizning mulkimizni o’zlashtirishga urindi. Vashingtonning bunday zo’ravonlik harakati qonunlarga naqadar past nazar bilan qarashini ko’rsatadi”, - dedi Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif.

Brukings Institutining Tashqi siyosat bo’yicha tadqiqot markazi direktori Maykl Oxanlon Gibraltar qarori AQSh uchun jiddiy mag’lubiyat emasligini ta’kidladi.

Tanker ustidagi ziddiyatlar AQSh rahbari va Eron hukumati o’rtasida Tehronning yadro dasturi, ballistik raketalar yaratishga urinishi va mintaqaviy nizolardagi roli bilan bog’liq tortishuvlarning mantiqiy davomi. Konflikt o’tgan yili AQShning Eron yadroviy dasturi bo’yicha 2015-yilda imzolangan xalqaro bitimdan chiqishi natijasida chuqurlashgan edi. Hujjatda Eron iqtisodiy sanksiyalardan ozod bo’lish evaziga yadro qurolini yaratishga qaratilgan har qanday loyihalarni to’xtatish majburiyatini olgan edi.