Tehron-Vashington rishtalari keskinlashar ekan, bugun Eronda kelgan xabarlar Oq uyni yanada asabiylashtirib, Prezident Donald Tramp yana ehtimoliy urush haqida gapira boshladi.
"Bundan ham yomoni bo'lishi mumkin emas. Eron haddidan oshmoqda. Toqat qilmaymiz", - deydi Tramp, 22-iyul kuni Pokiston Bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashar ekan.
“Terror bo'yicha Eronga yetadigani yo'q. Birinchi o'rindagi davlat".
Tehronga ko'ra, Eron maxsus kuchlari qo'lida 17 kishi bor va ularning hammasi - AQSh josuslari. Ayrimlari, deyiladi rasmiy e'londa, o'limga hukm qilingan. Islomiy respublika bu insonlar o'tgan bir yil ichida tutilganini bildiradi. Ular Eron atom inshootlari haqida axborot yig'ishga uringanlikda gumon qilinadi.
Tehronda davlat telekanallarida berilgan ko'rsatuvda hukumat AQSh Markaziy Razvedka Agentligini respublikaga qarshi fitnada ayblaydi. Tutilgan shaxslar agentlik tomonidan puxta tayyorlangan va Eron xavfsizligiga raxna solgan, deya iddao qilinadi videoda.
Oq uy nazarida esa bu da'volar safsata. Prezident Tramp deydiki, Eron tutgan odamlarning birortasi Amerikaga tegishli odam emas. Davlat kotibi Mayk Pompeo ham shunday deydi.
"Eron qip-qizil yolg'onchi. Bu gaplar ham to'qima", - deydi Pompeo.
Tehron oldin ham boshqalarni shunday ishlarda ayblagan. Markaziy Razvedka Agentligi odatda biror bayonot bermaydi.
Fors ko'rfazida Eron kuchlari Britaniyaga tegishli neft tankerini o'z nazoratiga olgan. Bu ham G'arb bilan ziddiyatni kuchaytirgan. Eron dengiz kuchlari kemani chegarani buzganlikda ayblagan. London Tehronni o'zini bosib olishga va uning mulkiga qo'l tekkizmaslikka chaqirmoqda.
Yaqinda Eron Amerika dronini urib tushirgan edi. Unda ham Tehron AQShni chegarani buzganlikda ayblagan. Vashington buni inkor etgan.
Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif "Twitter" orqali bayonot berar ekan, barca balolarda Prezident Tramp aybdor deydi. Tramp Eronga do'q qilishdan to'xtamayapti, uni yerga urmoqda, unga tahdid solmoqda va unga nisbatan iqtisodiy terror usullarini qo'llamoqda, deya yozadi Zarif.
Oq uy esa Eronni yashirin tarzda atom quroli ustida ishlayotganlikda, xalqaro maydonda bergan va'dalaridan qaytib, mintaqa va jahon tinchligini xavf ostiga qo'yayotganlikda ayblaydi.
Facebook Forum