Azizjon Rahmatov aybni tan oldi, lekin 15 yilga kesilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Bruklin ko'prigi, Nyu-York

AQSh Adliya vazirligiga ko'ra, 32 yoshli o'zbekistonlik Azizjon Rahmatov Iroqdagi "Islomiy davlat"ga moddiy yordam berishni rejalaganligiga iqror bo'lgan. Rahmatov Nyu-Yorkda federal sud oldida unga qo'yilgan ayblovni tan olgan. Mana shu murosa bilan ham u 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Rahmatov masalasi aslida yana bir necha o'zbekni o'z ichiga olgan katta bir ishning bir qismi. Sud hujjatlariga ko'ra, Rahmatovning sheriklari Abdurasul Jo'raboyev va Ahror Saidahmetov Suriyaga borib jang qilishni rejalaganlikda ayblangan. Rahmatov va Abror Habibov esa aynan Saidahmetovning yo'l harajatlari va sotib olishi kerak bo'lgan qurol uchun pul bergan. Rahmatov, shuningdek, boshqalardan ham mablag' yig'ish harakatida bo'lgan, deya bildiradi AQSh Adliya vazirligi.

Saidahmetov ketish arafasida ekan, Rahmatov yana bir sherigi Akmal Zokirovning shaxsiy bank hisobiga 400 dollar o'tkazgan. Bu mablag' Suriyaga yo'l olayotgan Saidahmetov uchun ekani isbotlangan, deyiladi sud hujjatlarida.

Ish davlat xavfsizligi va kiber-jinoyatlar bo'yicha ish olib boradigan federal prokurorlar qo'lida.

Jo'raboyev, Saidahmetov, Habibov va Zokirov ayblovlarni oldinroq o'z bo'yniga olgan. Jo'raboyev va Saidahmetov 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Habibov va Zokirov jazo belgilanishini kutmoqda.

Yuqorida nomi tilga olingan shaxslarning hammasi, Saidahmetovdan tashqari, O'zbekiston fuqarolari. 2015-yilda Amerika hududida hibsga olingan. Birortasi Suriya yoki Iroqqa bormagan. Lekin ayrimlari, Federal Qidiruv Byurosiga ko'ra, ketish arafasida ushlangan.