Qozog’istonda AQSh va Markaziy Osiyo davlatlaridan iborat "C5+1" muloqot guruhining navbatdagi yig’ilishi bo’lib o’tdi. Mintaqa tashqi ishlar vazirlari va AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo’yicha o’rinbosari Devid Xeyl ishtirokidagi yig’inda Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilingan. AQSh rasmiysi Qozog’istondagi uchrashuvlari ortidan O’zbekistonda bo’lishi, ikki tomonlama hamkorlikka doir muzokaralar o’tkazishi kutilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
"C5+1" guruhining Nur-Sulton shahridagi yig’inida Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O’zbekiston tashqi ishlar vazirlari, AQSh davlat kotibi o’rinbosari Devid Xeyl qatnashgan.
AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasidagi "C5+1" guruhiga Samarqandda asos solingan edi; guruhning asosiy maqsadi mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish. AQSh mintaqa taraqqiyoti va barqarorligini Markaziy Osiyo davlatlarining o’zaro hamkorligi kuchayishida ko’radi.
Qozog'iston matbuotiga ko’ra, anjumanda mintaqaviy hamkorlikdagi siljishlar, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari munosabatida yangi davr boshlangani, o’zaro aloqalarda, iqtisodiy munosabatlarda ham rivojlanish kuzatilayotgani ta’kidlangan.
Markaziy Osiyo intergasiyasi, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish va aniq bir tashkiliy doirada birlashish ancha yillardan muhokama qilinayotgan masalalardan.
Mintaqadagi o’zaro ziddiyatlar tufayli avval imkonsiz baholab kelingan bu hamkorlik masalasidagi o’zgarishlar O’zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan kuzatildi.
O'zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev qo’shni davlatlar bilan mavjud ziddiyatlarni bartaraf qilganidan so’ng mintaqaviy aloqalarda yangi sahifa ochilgani haqida gapirila boshlandi.
Markaziy Osiyo davlatlarini ayni paytdagi o’zaro aloqalari har qachongidan ko’ra iliqroq ko’rinadi. Bu o‘zgarish mintaqa integratsiyasini dastaklab kelayotgan AQSh tomonidan ham olqish bilan kutib olinmoqda.
Sharhlovchilar Markaziy Osiyo integratsiyasidagi dastlabki shartlardan biri siyosiy iroda, rejimlardan voz kechish ekanini ta’kidlab keladi.
Bugungi vaziyatda mintaqa davlatlari ochiqlikka tayyor deyish qiyin, avtoritar boshqaruv mintaqada ustunlikka ega, Turkmaniston kabi davlatlardagi vaziyat esa mutlaqo diktatura sifatida baholanadi.
Bunga qaramasdan, mintaqa davlatlarining, jumladan, Turkmanistonning ham "C5+1" uchrashuvida ekanligi hamkorlikka moyillikdan darak deyish mumkin; ayniqsa, Ashxobod siyosiy munosabatlarda neytrallik maqomini ushlab kelayotgani inobatga olinsa.
Ammo siyosiy quvg’inlikda yashayotgan turkman yozuvchisi Ak Velsapar Turkmanistoning biror darajada integratsiyaga borishi ehtimolini o’ta qiyin deb baholaydi.
“Turkmanistonda AQShga qarshi axborot urushi ketayotgan bir paytda mamlakat tashqi ishlar vaziri Nur-Sultondagi uchrashuvda. Bu shunchaki ko’zbo’yamachilik,Turkmanistonning navbatdagi ikki yuzlamachi siyosati. Aminmanki, Ashxobod hech qachon biror darajada integratsiyaga borishni o’ylayotgani ham yo’q. Integratsiya uchun davlat ochiq, fuqarolik jamiyati erkin bo’lishi kerak”, - deydi yozuvchi.
Ak Velsaparga ko’ra, Markaziy Osiyo davlatlari ikki tomonlama aloqalarda bir qadar yaqinlashgan bo’lishlari mumkin, masalan, Qozog’iston-Qirg’iziston, ammo bu davlatlarni ham mintaqaviy miqyosdagi yaqin hamkorlikka tayyor deb aytish qiyin.
“Markaziy Osiyo davlatlari hozirgi ko’rinishda hech qachon integratsiyaga bormaydi, buning uchun tuzumlar, boshqaruv, siyosiy liderlar o’zgarishi kerak. Mintaqa integratsiyasi uchun, avvalo, xalqqa huquq berilishi kerak. Oddiy zamonaviy dunyoda joriy etilgan demokratik boshqaruv yutuqlaridan foydalanish huquqi. Ammo mintaqa rejimlari qanday yo’l tutishmoqda?Boshqaruvdagilar uchun hamma imkoniyat ochiq, lekin xalq oddiy demokratik huquqlardan mahrum qilingan, so’z erkinligi yo’q, saylash, tanlash huquqi berilmagan. Bular mavjud rejimlarning xizmati. Markaziy Osiyoning o’zi esa ertami-kechmi, albatta, birlashadi, nafaqat mintaqaviy, xalqaro miqyosda ham integratsiyalashadi”, - degan fikrda turkman yozuvchisi.
"C5+1" guruhining Nur-Sultonda o’tgan navbatdagi yig’inida O’zbekiston Afg’onistondagi vaziyat yuzasidan munozara yuritgan; Tojikiston tomoni mintaqaviy xavfsizlik bo’yicha ma’ruza qilgan.
AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Devid Xeylning mintaqa safari O’zbekistonda davom etishi, uning Toshkentdagi muzokaralardan tashqari Samarqandda ham bo’lishi kutilmoqda.